Sport | 11:03 / 09.08.2020
21618
17 daqiqa o‘qiladi

Messi «Barsa»ni chorak finalga olib chiqdi. Navbatda «Bavariya»

Kataloniyaliklar sardori g‘alaba golini urdi va penalti ishladi, ko‘k-anorranglilar «Napoli»ni mag‘lub etdi (3:1), jamoa chorak finalga chiqdi va 14 avgust kuni «Bavariya» bilan to‘qnashadi.

Chempionlar ligasi. 1/8 final. Javob o‘yini
Barselona — Napoli — 3:1 (3:1)
Gollar: Langle, 10 (1:0). Messi, 23 (2:0). Suares, 45+1 — penalti (3:0). Insine, 45+5 — penalti (3:1).
«Barselona»: ter Shtegen, Semedu, Pike, Langle, Jordi Alba, Serji Roberto, Rakitich, de Yong, Messi, Suares (Firpo, 90+2), Grizmann (Monchu, 84).
«Napoli» (Neapol): Ospina, Di Lorenso, Manolas, Kulibali, Mariu Ruy, Demme (Lobotka, 46), Zelinski (Losano, 70), Ruis (Elmas, 79), Kalexon (Politano, 70), Mertens, Insine (Milik, 79).
Ogohlantirishlar: Zelinski, 60. Suares, 90+2.
Hakam: Junayt Chaqir (Turkiya).
8 avgust. Barselona. «Kamp Nou» stadioni.
Birinchi o‘yin — 1:1.

Bolalar bog‘chasi
«Barselona» o‘z muxlislariga OAV orqali o‘zi haqida yangidan yangi xabarlarni yetkazishdan to‘xtamayapti. Gohida murabbiy almashishi haqidagi mojarolar, gohida Messining shartnomasi va uning kelajagi bo‘yicha noaniqliklar, gohida Jozep Bartomeuning navbatdagi xato qarorlari...

Shunday xabarlardan biri — yarimhimoyachi Artur jamoaga qaytishdan bosh tortgani bilan bog‘liq. Braziliyalik bu futbolchi o‘zini Pyanichga almashtirishgani uchun xafa bo‘ldi va mavsum yakunidagi o‘yinlarda maydonga tushmaslikka qaror qildi. So‘nggi lahzalarda u baribir Braziliyadan Barselonaga uchdi, koronavirusga test topshirdi va «Kamp Nou»ga yo‘l oldi. Ammo uni stadionga kiritishmadi.

Buskets va Vidal diskvalifikatsiya qilingan. Dembele va Umtiti jarohatda. Kike Setenning ixtiyorida jami 13 (!) futbolchi qolgandi. Butun dunyoga o‘z akademiyasi bilan mashhur bo‘lgan jamoada YeChL o‘yiniga tushishga tayyor bo‘lgan atigi o‘n uch futbolchi... Shifokorlar so‘nggi pallalarda Langlega o‘ynashga ruxsat berishdi. Bunday vaziyatda murabbiy hali yosh bo‘lgan Ansu Fati va Puchga tayanishi mumkin edi (u bu futbolchilarni ikkinchi bo‘limda o‘ynatishni rejalashtirdi, ammo bunga hojat qolmadi), shuningdek, hali xalqaro turnirlarda biror o‘yin o‘tkazmagan akademiya futbolchilari chaqirildi. Haqiqiy bolalar bog‘chasi.

Mehmonxonadagi izolyatsiya
Jyennaro Gattuzoda jiddiy muammolar yo‘q edi. Birgina Insinening maydonga tushishi so‘roq ostida edi.

Neapolitanliklar sog‘liq va ehtiyotkorlik choralari haqida jiddiy qayg‘urishdi. Jamoa o‘yindan oldingi so‘nggi mashg‘ulotni ham juma kuni Italiyada o‘tkazdi va shundan so‘ng charter reys orqali Barselonaga uchdi. «Napoli» mehmonxonaga qamalib oldi, jamoa futbolchilari shahar aylanishga chiqishmadi. O‘yinga bir yarim soat qolganida «Kamp Nou»ga yo‘l olishdi.

Messi uchun matras
COVID-19 mavzusi barchani ehtiyot bo‘lishga majbur qilmoqda. Mundo Deportivo nashri Messi maxsus divanda - noodatiy matrasda uxlayotgani haqida yozib chiqdi. Unda nanoqismlar bo‘lib, ular to‘rt soat davomida viruslarni yo‘q qiladi. Aytishlaricha, bu koronavirusdan 99,84 foizga himoyalaydi. Ayrim modellar ham uyquni yaxshilash uchun shunday yotoqlardan foydalanishadi.

Messi o‘zi va oila a'zolari uchun Ispaniya kompaniyalaridan biri ishlab chiqargan shunday matraslarni sotib olgan.

Sotuvlar
Ko‘k-anorranglilar jamoasining ushbu o‘yinga tayyorgarlik ko‘rishi jamoadagi ulkan o‘zgarishlar haqidagi doimiy muzokaralar fonida kechdi. «Bozor ochiq» — Barselonadagi Sport nashri shunday muqova bilan chiqdi, birinchi sahifada ayrim suratlar o‘rin olgandi:

— transferi hal bo‘lgan Pyanich (u yaqin kunlarda jamoaga qo‘shiladi), Trinkau, Pedri va Mateus;
— yozgi transferlardagi asosiy nishonlar sifatida qaralayotgan Lautaro Martines va Erik Garsiya;
— sotuvga qo‘yilgan yoki allaqachon sotilgan Artur, Koutinyu, Todibo, Breytueyt, Rafinya, Xunior Firpo, Rakitich va Umtiti kabilar.

«Barsa» tarkibni kuchaytirishga harakat qilmoqda, «Barsa»ga transferlar uchun pul kerak, «Barsa» bu pullarni faqat o‘z futbolchilarini sotish evaziga topishi mumkin. Buning imkoni bo‘ladimi? Hozircha bu futbolchilarga talab yuqori emas.

Maydondagi joylashuv
Ispaniyadagi o‘yinga biroz vaqt qolganida Seten o‘yinni 3-5-2 sxemasida boshlashni rejalashtirayotgani haqida gaplar tarqalgandi, ammo u tezda bu g‘oyadan voz kechdi va 4-3-1-2 sxemasini tanladi, unga ko‘ra oldinda Messi, Suares va Grizmann harakatlanadi, ularni orqaroqdan de Yong, Rakitich va Serji Roberto qo‘llab-quvvatlaydi. Jamoa bu sxemada ko‘p marta muvaffaqiyatli o‘ynagan. Barchasi kutilganidek bo‘ldi.

Sariq kartochkalar
Hal qiluvchi o‘yin oldidan ikki jamoada ham bir necha yetakchi futbolchilar ikkinchi sariq kartochkadan saqlanishga majbur holatga kelgandi. «Barsa»da Semedu, Grizmann va... Messida chorak finaldan diskvalifikatsiya bo‘lish xavfi bor edi. «Napoli»da — Kulibali, Lorente va Mariu Rui.

Kataloniyaliklar diskvalifikatsiyadan qochishga muvaffaq bo‘lishdi - Junayt Chaqirga «ortiqcha» sariq kartochka ko‘rsatishga sabab qoldirishmadi. «Barsa» futbolchilarining «sariqlari» kuyib ketdi, ular endi «Bavariya»ga qarshi o‘yinni «toza» holda boshlashadi.

Langlening birinchi goli
Endi «Kamp Nou»dagi o‘yin haqida. Oqlar o‘yinnni zarbalar bilan boshlashdi va xavfli hujumlar uyushtirishdi. «Napoli» ilk daqiqalardanyoq hisobni ochib, o‘yin taqdirini hal qilib qo‘yishi mumkin edi. Samedu va Pike orqali rikoshetlar seriyasidan keyin to‘p darvozaga yaqin turgan Mertensga kelib tushdi, ammo u to‘pni darvoza to‘riga joylay olmadi. To‘p ustunga tegib maydondan chiqib ketdi.

Mehmonlar faol, keskin va qiziqarli o‘ynashdi, to‘pga egalik qilishdi, hujumlar qilishdi. Lekin golni «Barsa» urdi. Jordi Alba qarshi hujum uyushtirdi, Suares to‘pni Messiga o‘tkazib yubordi, argentinalikning zarbasidan keyin burchak to‘pi belgilandi. To‘p burchakdan oddiygina qilib yuqorilatib uzatildi — Langle deyarli yuqori sakramasdan bosh bilan Ospinaning uzoq burchagini aniq nishonga oldi. Bu vaziyatda u raqib himoyachisini biroz turtib yuborgan bo‘lsada, hakam bunga ortiqcha e'tibor qaratmadi. 

Bu ushbu himoyachining ko‘k-anorranglilar safida Chempionlar ligasi o‘yinida urgan ilk goli bo‘ldi. U avval ham turnirda gol urgan, «Sevilya» safida «Spartak» darvozasini ishg‘ol etgandi.

Messi

Shundan so‘ng argentinalik futbol dahosi katta sahnaga chiqdi. Messi raqib jarima maydoniga shiddat bilan yorib kirib, yiqilib, o‘rnidan turib, to‘pni yo‘qotmagan holda olg‘a intildi va yana bir marta yiqilish oldidan chap oyog‘ida bergan zarbasi bilan to‘pni himoyachilar orasidan darvozaning olis burchagiga yo‘naltirdi. «Kamp Nou»dagi YeChL doirasidagi 68 o‘yinda urilgan 67 gol. Avvalgi 66 golini urgan o‘yinlarda u va jamoa faqat ikki marta yutqazgan, shanba kungi o‘yinda ham raqibga ochko berilmadi.

«Napoli» — Lionel YeChL o‘yinlarida darvozasini ishg‘ol etgan 35-jamoa bo‘ldi. Krishtianu Ronalduning ro‘yxatida bunday jamoalar soni ikkitaga kamroq.

O‘yin davomida bu buyuk futbolchi dubl ham qayd etdi. Ammo de Yongning zargarona uzatmasidan keyin Messi to‘pni o‘ziga bo‘ysundirishda qo‘lini ishlatgani ma'lum bo‘ldi. Videoarbitrlar Mete Kalkavan va Ali Palabiyik takroriy lavhalardan keyin golni bekor qilishdi va hisob o‘zgarmay qoldi.

Ammo bo‘lim oxirida u baribir boshqa yo‘l bilan maqsadiga erishdi, Kulibali to‘pni jarima maydonidan uzoqlashtirmoqchi bo‘lganida orqadan kelib to‘pga oyoq qo‘ygan Messini ko‘rmay qoldi va uning to‘pig‘iga zarba berdi. Junayt Chaqir buni ko‘rmagandi — videoassistentlar yordamida penalti belgilandi va Suares kuchli zarbasi bilan hisobni 3:0 ko‘rinishiga keltirdi. Umumiy hisob 4:1 ko‘rinishini oldi. Bunday vaziyatda mehmonlar o‘yinga qaytishi mumkin edimi?

Ha. Chunki Rakitich Kulibalining xatosini takrorladi, birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda u Mertensga xuddi shu tarzda qo‘pollik qildi. Insine 11 metrlik nuqtadan aniq zarba berib, jamoasining imkoniyatlarini saqlab qoldi.

«Barsa» istamadi, «Napoli»ning qo‘lidan kelmadi
Ikkinchi bo‘limda Seten futbolchilarni almashtirishga shoshilmadi, kataloniyaliklar kuch sarflamaslik uchun hujum qilishmadi va qisqa paslar bilan pozitsion futbol namoyish etishdi. Messi ikkinchi bo‘limdadeyarli ko‘rinmadi, Suaresni esa faqat raqiblar bilan to‘qnashuvlar vaqtida katta planda ko‘rsatishdi.

O‘yinning bu qismida ko‘p ishni de Yong o‘z zimmasiga oldi, u ishonch bilan to‘pni jamoada saqlab turdi va jamoa bosimni deyarli his qilmadi. Uning klassik darajadagi uzatmalari maydonda o‘yin juda zerikarli bo‘lib ketmasligini ham ta'minladi.

O‘yinning 81-daqiqasida Milik yana bir gol urgandi. Ammo hakam yordamchisi Baxattin Duran u «o‘yindan tashqari» holatda bo‘lganini qayd etdi.

Ko‘k-anorranglilar o‘yinning ikkinchi qismida pragmatik o‘yin bilan hisobni hakam hushtagi chalinishiga qadar saqlab turdi. Jamoa Turin va Madridning ikki jamoasidan farqli ravishda aqlliroq o‘ynadi va navbatdagi Chempionlar ligasi kubogi uchun yo‘lni davom ettirdi. Hozircha Seten va Rakitich bilan.

Levandovski «Bavariya»ni chorak finalga olib chiqdi

Foto Reuters

Polshalik hujumchining ikki goli va ikki golli uzatmasi myunxenliklar ikkinchi marta «Chelsi»ni tor-mor etishi (4:1) va chorak finalga chiqishini kafolatladi. Chorak finaldagi raqib — «Barselona».

Chempionlar ligasi. 1/8 final. Javob o‘yini
Bavariya — Chelsi — 4:1 (2:1)
Gollar: Levandovski, 10 — penalti (1:0). Perishich, 24 (2:0). Abraham, 44 (2:1). Tolisso, 76 (3:1). Levandovski, 83 (4:1).
«Bavariya» (Myunxen): Noyyer, Boateng (Zyule, 64), Alaba, Kimmix (Odriosola, 71), Myuller, Perishich (Koutinyu, 64), Tiagu Alkantara (Tolisso, 70), Gnabri (Xavi Martines, 81), Goretska, Deyvis, Levandovski.
«Chelsi» (London): Kabalero, Zuma, Kristensen, Emerson, Jyeyms, Barkli, Kovachich, Kante, Maunt, Abraham (Jiru, 81), Hadson-Odoi.
Ogohlantirishlar: Kabalero, 8. Emerson, 43.
Hakam: Xatsegan (Rumyniya).
8 avgust. Myunxen. «Allyans Arena» stadioni.
Birinchi o‘yin — 3:0.

Sport nuqtayi nazaridan bu o‘yin nimchorak finaldagi barcha qarama-qarshiliklar orasida eng zerikarli bo‘lishi kerak edi, fevralda «Stemford Brij»dagi o‘yindayoq nemislar inglizlarga hech qanday imkoniyat qoldirishmagandi. Asosiy yevrokubok tarixida hali biror marta pley-offning birinchi uchrashuvida o‘z uyida uch yoki undan ortiq javobsiz gol o‘tkazgan jamoa keyingi bosqichga o‘ta olmagan. Bunday mag‘lubiyatlarning jami soni 92ta bo‘lgan, shunday ekan «Chelsi» javob o‘yinida faqat o‘zi uchun o‘ynashi mumkin edi, Frenk Lempard yoshlarga tajriba to‘plash uchun imkoniyat berishga qaror qildi.

Xans Flik olib borgan ishlar natijasida «Bavariya» so‘nggi yillarda nihoyat kubok uchun asosiy da'vogarga aylandi. Myunxenliklar so‘nggi rasmiy o‘yinni 4 iyul kuni o‘tkazishgandi, yevrokuboklarga qaytish arafasidagi repetitsiyada «Marsel» sparring vazifasini bajarib bergandi (1:0). Germaniya chempionlari bu o‘yinni odatiy yig‘in ritmida o‘tkazgan, tanaffusda jamoaning yarmi almashtirilgandi, qolgan futbolchilarga ham ikkinchi bo‘limning dastlabki 15 daqiqasida dam berildi.

O‘sha o‘yinda e'tiborga molik jihat og‘ir jarohat tufayli butun mavsumni o‘tkazib yuborgan Zyule yana maydonga tushishi bo‘lgandi. Agar «Chelsi» bilan o‘yinni oxirigacha yetkaza olmagan Boatengning jarohati jiddiy bo‘lib chiqsa, Niklas keyingi o‘yinda ilk daqiqalardan maydonga tushishga tayyor bo‘lishi kerak bo‘ladi. Boshqa variantlar yo‘q, Pavar ham olti haftagacha o‘yindan tashqarida qolgan va agar jamoasi finalgacha yetib borsa ham u o‘ynay olmaydi.

Umuman olganda, bir oylik tanaffus «Bavariya» o‘yiniga salbiy ta'sir ko‘rsatmagan. «Marsel» bilan o‘yinda jamoa 19-daqiqadayoq hisobni ochgandi. «Chelsi» 10-daqiqadayoq o‘yinni maydon markazidan qaytadan boshlashiga to‘g‘ri keldi. Bu avvalroq ham sodir bo‘lishi mumkin edi, ammo VAR o‘yinga aralashdi. Takrordan keyin Hatsegan «nuqta»ni ko‘rsatdi va ofsayd holati bekor qilindi. Levandovski bilan birga-bir vaziyatda qo‘pollik ishlatgan Kabaleroga sariq kartochka ko‘rsatildi, polshalik futbolchining o‘zi penaltini aniq amalga oshirdi.

U o‘yindagi yakuniy hisobni ham o‘rnatdi, bu gol bilan u o‘z faoliyatidagi fantastik raqamni qayd etmoqda - mavsumdagi 44 o‘yinda 53 gol. Shundan 13 gol YeChL o‘yinlariga to‘g‘ri kelmoqda, u bavariyalik mashhur to‘purar — Gerd Myullerning natijasini yangilamoqda, shuningdek Mario Gomesning rekordini takrorlamoqda. Levandovskida mutlaq rekordchi bo‘lish imkoniyati ham bor.

Robert — jamoaviy o‘yinchi. U ikkinchi gol urilgan vaziyatda barcha himoyachilarni o‘zi bilan ovora qildi va Perishich qulay vaziyatga chiqishini kutdi. Yangi mavsumda u Sane bilan yanada ko‘proq ishlar qilishi mumkin.

Ha, bu o‘yinda Abrahamga gol sovg‘a qilgan Noyyer xato qildi. Ammo bu xato nazorat o‘yini qatoridagi o‘yinda, butun diqqat jalb etilmagan o‘yinda ro‘y berdi. Chorak finalda «Barselona»ga qarshi o‘yinda jamoa boshqacha tayyorgarlik bilan tushadi. Ehtimol bu finaldan oldingi final bo‘lar, Lissabonda «Bavariya» va «Barselona» chorak finalning eng kuchli juftligi ekaniga shubha yo‘q.

«Chelsi» hozircha bu darajaga chiqa olmadi. Yangi mavsumda Verner, Ziyosh kabi hujumkor futbolchilar qatoriga yangi markaziy himoyachilar ham kerak, Oblak kelsa darvoza chizig‘i muammosi ham hal qilinadi. Hozircha londonliklar boshqalar kabi futbol titanlarining janglariga tomoshabin bo‘ladi. Noyyer terma jamoasidagi raqobatchisi ter Shtegenga qarshi, shanba oqshomida gollar va paslar yog‘dirgan Levandovski Messiga qarshi, Myuller Suaresga qarshi... Bu ulkan qarama-qarshilik bo‘ladi, hozirdan muxlislar hayajonga tusha boshlagan.

Ma'lumot uchun, bu yil YeChL chorak finaldan jahon chempionati taqvimida davom etadi. Barcha 8 jamoa bir shaharda - Lissabonda yig‘iladi. Chorak final va yarim final bittadan o‘yindan iborat. 

1/4 final
12 avgust, chorshanba

«Atalanta» — «PSJ»
13 avgust, payshanba
«Leypsig» — «Atletiko»
14 avgust, juma
«Barselona» — «Bavariya»
15 avgust, shanba
«Manchester Siti» — «Lion»

Mavzuga oid