Light | 15:54 / 11.08.2020
31837
4 daqiqa o‘qiladi

Quruq ko‘zlar sindromi: u kimga va qachon xavf solishi mumkin?

Ko‘z qurishi kasalligi ko‘z va ko‘zyosh holati bilan bog‘liq holatda yuzaga chiqadi, uni quruq ko‘zlar sindromi deb ham atashadi.

Foto: Katelyn/ISO Republic

Ko‘zlar doimiy ravishda ko‘zyosh ishlab chiqaradi va bu yoshlar ko‘z yuzasini namlantirib turish vazifasini bajaradi. Ko‘z qurishi kasalligiga chalingan insonlarda esa yetarlicha ko‘zyosh ishlab chiqarilmaydi yoki ko‘zyoshlar ko‘z yuzasini namlantirishga ulgurmay bug‘lanib ketadi. Ba'zilarda mana bularning har ikkisi ham kuzatiladi. Natijada ko‘zlar quruq va qadalayotgandek bo‘laveradi.

Ko‘z qurishi kasalligi oftalmologlar tomonidan eng ko‘p uchraydigan kasalliklardan biri sifatida e'tirof etiladi. 50 yoshdan oshgan 30 foiz odamda bu kasallik kuzatiladi.

Biroq, afsuski, ko‘pchilik ko‘z qurishi kasalligi o‘zida kuzatilsa, e'tibor bilan qaramaydi, uni qarilikning belgisi sifatida ko‘rishadi, davolash yoki oldini olishga harakat qilmaydi.

Ko‘z qurishiga nima sabab bo‘ladi?

Quruq ko‘zlar sindromi yetarlicha yosh ishlab chiqarilmasligi, ko‘zyoshlar sifati buzilishi yoki har ikkalasi tufayli yuzaga kelishi mumkin. Ko‘zyosh ishlab chiqarish tizimida biror qism yaxshi ishlamasa ham, shunday muammo kuzatiladi.

Ko‘z qurishi natijasida ko‘z yuzasida quruqlik va yallig‘lanish kuzatiladi.

40 yoshdan katta ayollarda, kontakt linza taqadiganlarda va ko‘z jarrohligini boshidan o‘tkazganlarda quruq ko‘z sindromi kuzatilishi ehtimoli yuqoriroq hisoblanadi.

Bu kasallikka turli kasalliklar, insonning tibbiy holati va atrof-muhit ham ta'sir ko‘rsatishi mumkin.

Quruq, shamolli, tutunli yoki sovuq havo ham ko‘z quruqlashishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shuningdek, kompyuter yoki boshqa elektron texnikalarga uzoq muddat doimiy tikilib o‘tirish ham quruq ko‘z sindromiga olib keladi.

“Begona tana sezgisi”

Ko‘z qurishi kasalligida odam ko‘zida nimadir g‘alati narsani sezadi, bu “begona tana sezgisi” deyiladi. Ko‘zda qichish, xiralashish kabi hislar kuzatilishi mumkin. Ularda ko‘z qizarishi yoki qizish kuzatilishi mumkin. Ba'zilar esa yorug‘likka qarashga qiynalishi yoki nigohlari jimirlashi mumkin.

Quruq ko‘zlar sindromida ba'zida ko‘p miqdorda ko‘zyoshlar ishlab chiqarilishi ham mumkin. Bunda tana ko‘zdagi noqulaylikni bartaraf etish uchun harakat qilayotgan bo‘ladi. Afsuski, bu holatda ortiqcha ko‘zyoshlar ko‘zni namlab turish vazifasini bajara olmaydi.

Shifokorga murojaat qilish lozim

Quruq ko‘z sindromi ba'zilarda kuzatilsa-da, o‘tib ketishi, ba'zilarda kattaroq muammolarga sabab bo‘lishi mumkin.

Agar uni davolashga e'tibor qaratilmasa, ko‘z yuzasida yaralar hosil bo‘lishiga yoki ko‘rish qobiliyati pasayishiga olib keladi.

Agar inson o‘zida ko‘z qurishi kasalligi asoratlarini sezsa, ko‘z shifokoriga murojaat qilish tavsiya etiladi. Chunki shifokor barcha jihatlarni hisobga olgan holda to‘g‘ri tashxis qo‘yadi.

Tavsiyalar

Ko‘z qurishini yengillashtirish uchun quyidagilar yordam berishi mumkin:

  • Kompyuter yoki boshqa biror elektron qurilma yonida muttasil ishlashga to‘g‘ri kelganda ko‘zlarni tez-tez ochib-yumish mashqlarini bajarib turish;
  • Ko‘zlarni chang va shamoldan himoyalovchi ko‘zoynak taqish;
  • Tamaki tutunidan qochish;
  • Konditsionerning havo oqimi ostida o‘tirmaslik;
  • Eng ko‘p vaqt sarflaydigan xonada havo tarkibini namlantirib turuvchi namlantirgichdan (uvlajnitel) foydalanish;
  • Kontakt linzalardan to‘g‘ri foydalanishga alohida e'tibor berish. 

Mavzuga oid