O‘zbekiston | 11:32 / 25.08.2020
42228
2 daqiqa o‘qiladi

So‘xdagi tartibsizliklardan so‘ng 6 nafar shaxs qamoqqa olindi - Bosh prokuratura 

Tergov davomida 6 nafar shaxsga nisbatan JKning 219 va 244-moddalari bilan ayb e'lon qilinib, ularga “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Joriy yil 31 may kuni O‘zbekiston Respublikasi So‘x tumani, Chashma qishlog‘ining Qirg‘iziston Respublikasi Batken oblasti, Kadamjay tumani, Chechme ayili bilan chegaradosh hududida joylashgan “Chashma” bulog‘i bo‘yida Qirg‘iziston hamda O‘zbekiston fuqarolari o‘rtasida buloqdan foydalanish yuzasidan kelib chiqqan nizo oqibatida ommaviy tartibsizliklar ro‘y bergan.

Bosh prokuratura rasmiy bayonotida aytilishicha, ushbu nizoni bartaraf etish maqsadida So‘x tumani Chashma qishlog‘iga yetib borgan mahalliy hokimiyat vakillari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga tartibbuzarlar tomonidan faol qarshilik ko‘rsatilib, ularga turli darajada shikastlar yetkazilgan. 

Mazkur holat bo‘yicha 2020 yil 1 iyun kuni Farg‘ona viloyat prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) va 244-moddasi (Ommaviy tartibsizliklar) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergov davomida 6 nafar shaxsga nisbatan JKning 219 va 244-moddalari bilan ayb e'lon qilinib, ularga “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan, deyiladi bayonotda.

Ta'kidlanishicha, tergov harakatlari davom etmoqda.

Mavzuga oid