Jamiyat | 11:24 / 25.08.2020
15486
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda kovrak yig‘uvchi MChJ ishchilari 15 kishi tomonidan kaltaklandi

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 166-moddasi 2-qismi “a,v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Foto: Tergov departamenti

2020 yilning 8 avgust kuni soat 10:00da Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumani “Saxovat” mahallasidagi tog‘li hududda kovrak shirasini yig‘ish bilan shug‘ullanuvchi MChJ ishchilari 32 yoshli A.B., 39 yoshli Z.M. va A.J. ishlayotgan bo‘lgan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, shu vaqtda 40 yoshli B.Ch. va 41 yoshli X.Ch. taxminan 15 nafar notanish fuqarolar bilan birgalikda kelib, qo‘lida bo‘lgan tayoq bilan M.B., A.J. va A.B. tanasining turli joylariga urib, ularga turli ko‘rinishdagi tan jarohati yetkazib, “bu yerda ishlamaysanlar, toqqa qaytib chiqsang o‘liging tushadi”, deb qo‘rqitgan.

Qayd etilishicha, ular MChJga tegishli jami 20 dona yelim idishdagi qiymati 168 mln. so‘m bo‘lgan 105 kg. kovrak shirasi va narxi 1.100.000 so‘m bo‘lgan 20 kg. qovurilib yelim idishga solib qo‘yilgan qo‘y go‘shtini hamda 2 dona afg‘on pichog‘i, ikki dona 100 litr hajmli yelim idishlari va A.B.ga tegishli narxi 1.000.000 so‘mlik “Samsung J-5” rusumli telefon apparatini tortib olib, hodisa joyidan yashiringanlar.

Hodisa sodir bo‘lgan joyidan bir dona singan holdagi tayoq bo‘lagi va bir dona butun holdagi cho‘pon tayog‘i ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Mazkur holat yuzasidan Qumqo‘rg‘on tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi 2-qismi “a,v” bandlari (talonchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid