Jahon | 08:11 / 26.08.2020
4184
2 daqiqa o‘qiladi

Chexiya prezidenti qo‘lini sindirib olgani sababli shifoxonaga yotqizildi

Foto: Darko Vojinovic / AP

Chexiya prezidenti Milosh Zeman qo‘lini sindirib olgani sababli shifoxonaga yotqizildi. Bu haqda Zemanning matbuot kotibiga tayanib Novinky.cz nashri xabar berdi.  

Ta'kidlanishicha, voqea 25 avgust oqshomida yuz bergan. Zeman televizorda yangiliklarni ko‘rib, ular tugagandan keyin o‘rnidan turish vaqtida hassasi yoki qo‘riqchilar yordamidan foydalanmagan. Natijada u qoqilib ketib, o‘ng qo‘lini sindirib olgan. 

Ovchachekning aytishicha, Zemanning hayoti xavf ostida emas. “Prezident o‘z oilasi va hamkasblari bilan gaplashib turipti”, deb qo‘shimcha qilgan Zemanning matbuot kotibi. 

Ta'kidlanishicha, Chexiya prezidenti Pragadagi markaziy harbiy gospitalga olib borilgan. Unda jarrohlik operatsiyasi o‘tkazilgan.    

Nashrning ma'lum qilishicha, 75 yoshli Zeman anchadan beri oyoqlarining nevropatiyasidan shikoyat qilib kelgan. Aynan shu muammo uning yiqilishiga sabab bo‘lgan. “Prezident dasturi uning ahvoliga qarab moslashtiriladi”, deb ta'kidlab o‘tgan matbuot kotibi.  

Avvalroq Zeman eshitishdagi muammolar va past qon bosimidan shikoyat qilgan. 

Milosh Zeman 2013 yildan beri Chexiya prezidenti lavozimini egallab keladi. U 2018 yilda ushbu lavozimga qayta saylangan. Zeman 1990-yillar oxiri va 2000-yillar boshida bosh vazir sifatida faoliyat yuritgan. 2003 yildagi prezident saylovlarida muvaffaqiyatsiz ishtirok etgach, 7 yilga siyosatdan ketgan. 2010 yilda o‘z partiyasi raisi bo‘lgan, biroq shu yiliyoq partiya parlamentga o‘ta olmagani sababli ushbu lavozimni tark etgan.  

Mavzuga oid