Jahon | 12:15 / 30.08.2020
28817
18 daqiqa o‘qiladi

Navalniy zaharlanganmi yoki zaharlashganmi?

Aleksey Navalniy zaharlangan. Uning tahlillarida  ingibitor xolinesterazalar guruhiga kiruvchi toksin topilgan. Bu haqda Berlinning «Sharite» klinikasi shifokorlari ma'lum qilgan. Bu moddalar odamga uzoq muddatli ta'sir qilishi mumkin bo‘lgan harbiy zaharlar turiga kiradi.

Foto: Reuters

Bunday zaharlar orasida «Novichok» nomi bilan nomlangan zahar ham bor. Buyuk Britaniya rasmiylariga ko‘ra, Rossiya davlat razvedka boshqarmasining sobiq xodimi Sergey Skripal ana shunday turdagi zahar bilan zaharlagan. Germaniya kansleri Angela Merkel allaqachon Rossiyadan aybdorlarni topishni talab qilgan.

20 avgustdan beri komada yotgan Rossiya muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniyning tahlil tekshiruvlarining dastlabki natijalari u Germaniyaga olib borilgandan so‘ng ikki kun o‘tib, 24 avgust kuni Berlinda «Sharite» klinikasi tomonidan e'lon qilindi. Klinika veb-saytida e'lon qilingan bayonotda Navalniy zaharlangani aytilgan.

Navalniy Moskvaga uchayotgan samolyotda hushini yo‘qotgandan so‘ng dastlabki ikki kunni koma holatida Omskda o‘tkazgan. U yerda uning sog‘ligi uchun mutasaddi bo‘lgan rossiyalik shifokorlar germaniyalik hamkasblari tomonidan e'lon qilingan tashxis natijalarini rad etishdi. Rossiya IIV Tergov qo‘mitasi Navalniyning zaharlanishi yuzasidan tegishli modda bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atishni rad etdi.

«Alohida, yana bir bor aytmoqchiman: shifokorlar Alekseyning toksik modda bilan zaharlanganini aytishdi. Bu mening taxminim emas, balki uni ko‘rikdan o‘tkazgan nemis shifokorlarning xulosasi. Omsk kasalxonasining bosh shifokori barchani aldab keldi», deb yozib qoldirgan Navalniyning matbuot kotibi Kira Yarmish tvitterdagi sahifasida.

Germaniyalik shifokorlar o‘tkazgan klinik tadqiqotlar natijalariga ko‘ra (ular bir necha mustaqil laboratoriyalar tomonidan tasdiqlangan) Navalniy ingibitor xolinesterazalar guruhidagi modda bilan zaharlangan. Shifokorlar bu aynan qaysi moddaligini aniqlay olishmagan.

«Sharite» klinikasi Navalniy zaharlangan deb bayonot bergandan so‘ng, Omsk viloyati va Sibir federal okrugi bosh toksikologi Aleksandr Sabayev Navalniyni tekshirganida unda ingibitor xolinesterazalar aniqlanmaganini aytdi.

«Navalniy sun'iy komada qolmoqda va atropin dori vositasi bilan bilan davolanmoqda. Hozirda muxolifatchi hayotiga jiddiy tahdid yo‘q, ammo zaharlanishning, ayniqsa asab tizimidagi jarohatlarning uzoq muddatli oqibatlarini istisno qilib bo‘lmaydi» deyiladi «Sharite» bayonotida.

Ingibitor xolinesterazalar nima?

Hayfa shifoxonasining reanimatori Mixail Fremderman (u 2014 yilgacha Sankt-Peterburgdagi 26-kasalxonaning reanimatsiya bo‘limi boshlig‘i vazifasida ishlagan) «ingibitor xolinesterazalar – bu asab tizimi orqali impulslarning tarqalishini bloklaydigan fosfor-organik moddalar guruhi» deb tushuntiradi.

«Sharite» klinikasi Navalniy zaharlanganini tasdiqlagan
REUTERS

«Biz klinik amaliyotda ushbu moddalarning o‘xshashlarini qo‘llaymiz, chunki bu ingibitorlar jarrohlik operatsiyasidan so‘ng behush yotgan bemorning mushaklar blokadasini tiklash uchun qo‘llanadi. Avval mushaklarni bo‘shashtiradigan dorilarni yuboramiz, so‘ng, ingibitorlar yuboriladi», deydi AQShdagi Tufs Medical Center markazining anesteziologiya va reanimatsiya bo‘linmasi perioperativ tibbiyot bo‘limining boshlig‘i Konstantin Balonov. Ingibitor xolinesterazalar shuningdek Alsgeymer kasalligini davolashda ishlatiladi, deya qo‘shimcha qiladi u.

Moskva davlat universiteti ixtisoslashgan fakultetlaridan birining xodimi, tibbiyot fanlari nomzodi (mavzu «nozikligi» sababli ism-sharifini oshkor qilmaslikni so‘ragan), ingibitor xolinesterazalar sinfini shartli ravishda ikki guruhga bo‘lish mumkinligini tushuntiradi: «Terapevtik maqsadlarda ishlatiladigan cheklangan moddalar mavjud. Masalan, ko‘z jarrohligi sohasida. Shuningdek, kuchli zaharlar mavjud. Bular juda yuqori darajada toksik harbiy zaharlar. Ularning har qanday dozasini qabul qilganda o‘limga olib keladi. Ushbu guruhning moddalari sun'iy ravishda sintezlanadi, ular qattiq va suyuq ham bo‘lishi mumkin»

«Navalniyni zaharlashgan moddalar uzoq vaqtdan beri ishlatib kelinayotgan harbiy moddalar bilan bir xil – Tokio metrosida «Aum Sinrikyo» sektasi (bu tashkilot Rossiyada terrorchi tashkilot deb tan olingan va taqiqlangan) tomonidan purkalgan sarin gazidan tortib «Novichok»kacha. Biz Navalniyni qasddan zaharlashgan deb xulosa chiqarishimizga asoslar bor», deydi Fremderman.

Balonovning ta'kidlashicha, Navalniydan topilgan modda – bu «Novichok» bilan mutlaqo bir xil: «Bu moddalar urushda odamlarni o‘ldirish uchun ishlatilgan kimyoviy zahar bilan bir turdagi guruhdan».

«Novichok» – bu asab tolalarini ishdan chiqaruvchi moddalar oilasiga kiruvchi zahar. Buyuk Britaniya hukumatining da'vo qilishicha, shunga o‘xshash zahar 2018 yil mart oyida Solsberi shahrida Rossiya razvedka boshqarmasining sobiq xodimi Sergey Skripal va uning qizi Yuliyani o‘ldirishga urinishda ishlatilgan. Buyuk Britaniya rasmiylarining ta'kidlashicha, o‘shanda «Novichok» rus maxsus xizmatlari tomonidan ishlatilgan. Rossiya rasmiylari esa buni rad etib keladi.

Ingibitor xolinesterazalar inson tanasiga qanday ta'sir qiladi?

MGU xodimining bildirishicha, bunday moddalar tanadagi atsetilxolin tarkibini «tanadagi asosiy vositachilardan biri» sifatida oshiradi. Bu, o‘z navbatida, mushaklarga, nafas olish organlariga, yurak faoliyatiga, qon bosimiga kuchli ta'sir ko‘rsatishni boshlaydi va ichki organlar hamda asab tizimini ishdan chiqaradi.

«Odam hushini yo‘qotadi, unda sudurgi ro‘y beradi va komaga tushadi. Ushbu turdagi zaharning ba'zi turlarini hatto teriga yuborish ham insonning og‘ir zaharlanishiga kifoya qiladi», deydi Fremderman.

Balonovning so‘zlariga ko‘ra, Navalniydagi ilk alomatlar – terlash, kuchli og‘riq bular taniqli siyosatchining aynan ingibitor xolinesterazalar bilan zaharlanganiga ishora qiladi. Omskda Navalniyning bunday zaharlanishini «aniqlay olishmagani» g‘alati.

«Omskda qon tarkibidagi moddalarni aniqlash uchun laboratoriya diagnostikasi bo‘lmasa ham, Moskvadan kuchli mutaxassislar kelib toksikologlar bilan maslahatlashdi. Ular Navalniyni aynan ingibitor xolinesterazalar bilan zaharlanganini bilmasligi mumkin emas edi», deydi Balonov.

MGU xodimi ham omsklik shifokorlar Navalniyning zaharlanganini aniqlay olmaganiga shubha bildiradi. Uning aytishicha, hatto zarur uskunalar bo‘lmagan taqdirda ham ingibitor xolinesterazalar bilan zaharlangan bemorni har qanday reanimatolog klinik belgilariga qarab ham aniqlashi mumkin.

Ushbu mutaxassis organizmdan «Novichok»ni yo‘q qilish uchun qancha vaqt kerak bo‘lishi haqidagi savolga aniq javob yo‘qligini ta'kidladi. Uning aytishicha, zamonaviy texnologiyalar keyin ba'zi moddalarning «nanogrammasi»ni kunlar, haftalar va oylardan keyin ham topib berishi mumkin.

Navalniyni qanday davolash mumkin va unda nima asoratlar qoladi?

Fremdermanning aytishicha, atropin dorisi ingibitor xolinesterazalar kabi zaharlarga qarshi vosita bo‘lib, tomir ichiga katta dozada yuboriladi. Shifokorning aytishicha, omsklik shifokorlaridan hech biri Navalniyga zaharlanishga qarshi atropin qo‘llashgani haqida gapirmagan. Ammo nemis shifokorlarining Navalniy zaharlangani haqidagi gaplaridan so‘ng, oradan ikki soat o‘tib, rossiyaliklar Omskdagi shifoxonaning anesteziologiya va reanimatsiya bo‘limi boshlig‘ini topib «gapirtirishdi». U Navalniyga bir marta antropin yuborilganini, keyinchalik vaziyat oydinlashi kutilgani uchun boshqa yuborilmaganini aytdi.

Fremderman esa zaharlanish holati bo‘lganda, kasallikning klinik ko‘rinishi nazorati ostida atropinni faqat tomir ichiga uzoq muddat uzluksiz yuborilishi kerakligi, ana shundagina u bemorga ta'sir qilishi, bir martalik qisqa yuborishning nafi juda kam bo‘lishi haqida gapirgan.

«Rossiyalik shifokorlarning avvalgi gaplaridan shuni taxmin qilish mumkinki, Omskda ular faqat sindromlarni davolash bilan cheklanishgan. Ular o‘pka ventilyatsiyasi va boshqa choralarni qo‘llashni muhokama qilishgan. Ammo bemorga antropin qo‘llashmagan. Navalniyga atropin qo‘llashgani masalasi juda muhim hisoblanadi. Agar unga katta dozada atropin berilmagan bo‘lsa, unda Omskdagi shifokorlar uning zaharlanganini yashirgan. Agar siyosatchiga katta dozada atropin berishgan bo‘lsa, unda ular uning zaharlanganini aniq bilishgan», deydi Fremderman.

Avvalroq Omsk viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi, Rossiya tomoni Navalniyning tadqiqot natijalarini Germaniyaga yuborishga tayyorligini aytgandi. Agar bu ish amalga oshsa ana shunda germaniyalik shifokorlar uning «butun klinik dinamikasi»ni kuzatishlari mumkin bo‘lar edi.

Fremdermanning ta'kidlashicha, ingibitorlar tanadan juda tez tozalanadi. «Balki, ular bemor holatining keyingi dinamikasini ko‘rishni xohlashgani uchun Navalniyning Germaniyaga borishiga ruxsat bermay turishgan», deydi u.

«Agar Omskda kimdir bunday zaharlanish haqida taxmin qilganida, bemorga birinchi navbatda atropin buyurilardi. Qolaversa, bu dori hamma joyda topiladi va uncha qimmat emas», deydi Balonov.

O‘z navbatida, «Novichok» zaharli moddalar oilasining yaratuvchilaridan biri Vladimir Uglev Navalniyni davolash uchun aynan atropin ishlatilganidan hayron bo‘ldi. «Novichok» uchun atropin qo‘llash maqbul emas emas. U bilan davolaganda bemorning ahvoli yanada yomonlashishi ham mumkin. Agar atropin ishlatilgan bo‘lsa, u holda Navalniyga kimyoviy jangovar zaharning emas, balki antixolinesterazaning ta'siri bo‘lgan.

Shu bilan birga, Uglev «Sharite»da eslatib o‘tilgan modda rus shifokorlari tomonidan aniqlanishi mumkinligini tan oldi.

«Novichok»da organizmdagi zaharli moddalarni zararsizlantirish qo‘llanadigan maxsus dorilarga qarshilik ko‘rsatuvchi moddalar ham bo‘lishi mumkin. U asosan harbiy tibbiyotda qo‘llanadi. «Novichok» bu oddiy zahar emas, balki jangovar zahar. Unga qarshi atropin to‘g‘ri qo‘llanishi kerak. Bunda ingibitor atsetilxolinesteraza bilan zaharlanganda uni to‘g‘ri qo‘llash juda muhim», deydi Balonov.

Shifokor tushuntirganidek, atropin zahar ta'sirini kamaytirish sifatida universal ishlaydi va zahar ta'siridan qochishga yordam beradi.

Shuning uchun, jarrohlik amaliyotidan keyin atropin ingibitor atsetilxolinesteraza bilan birgalikda yuboriladi, deb ta'kidladi anesteziolog. Balonovning so‘zlariga ko‘ra, Navalniyning ahvoli u qabul qilgan toksik dorining dozasiga bog‘liq bo‘ladi.

«Agar Navalniyni uch kun davomida komadan chiqarishning imkoni bo‘lmasa, demak u zaharni og‘ir dozada qabul qilgan. Bugun eng noaniq qolayotgan narsa u o‘ziga kelganidan so‘ng unda zaharlanish qanday asoratlar qoldiradi, shu bo‘lyapti. Qandaydir jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinmi yoki yo‘q?! Mazkur zaharlanish tufayli Navalniy bir necha oy oyoqqa tura olmasligi ham mumkin», deydi Balonov.

«Salbiy asoratlar uning uzoq vaqt ongsiz ravishda komada bo‘lgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Afsuski, uning sog‘ayish muddati uzoq davom etadi va apallik sindrom ehtimoli bor hamda ikkilamchi o‘zgarishlar boshlanganda bemor ancha payt oyoqqa tura olmasligi mumkin», deydi Fremderman nemis shifokorlarining taxminiga izoh berib.

BBC Moskvadagi 1-sonli shifoxonaning anesteziologiya va reanimatsiya bo‘limi boshlig‘i Boris Teplixga Navalniyning Omskda yotgan davri bilan bog‘liq ishlar, Berlindagi klinika shifokorlarining bayonoti haqida izoh so‘rab murojat qildi. Ushbu shifokor Navalniy Omskdagi kasalxonaga yotqizilganda zudlik bilan Moskvadan yetib borgan edi. Ammo Teplix izoh bermadi. U ishlayotgan tibbiyot muassasi matbuot xizmati Navalniyning zaharlanishi bilan bog‘liq barcha izohlar faqat Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining ruxsati bilan amalga oshirilishini ma'lum qildi.

Navalniy bilan nima sodir bo‘lgan edi?

Navalniy 20 avgust kuni ertalab Tomskdan Moskvaga uchayotgan S7 aviakompaniyasining bortida o‘zini yomon his qiladi. Uning matbuot kotibi Kira Yarmishning so‘zlariga ko‘ra, siyosatchi ertalab Tomsk aeroportida sotib olingan choydan boshqa hech narsa yemagan va ichmagan. Keyinchalik, o‘sha choy orqali noma'lum toksin muxolifatchi tanasiga kirgan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilindi.

Samolyot havoga ko‘tarilgandan so‘ng ko‘p o‘tmay Navalniyning mazasi qochadi. U terlay boshlaydi. So‘ng hojatxonaga boradi va u yerda hushini yo‘qotadi. O‘sha paytda samolyotda bo‘lgan boshqa yo‘lovchilar Navalniy og‘riqdan qichqirayotgan holatni tasvirga tushirib ijtimoiy tarmoqlarga joylay boshlashadi.

Rossiyalik muxolifatchiga birinchi tibbiy yordam samolyot bortida ko‘rsatiladi. Shundan so‘ng samolyot orqaga qaytadi va uni tez yordam mashinasida Omskdagi kasalxonaning reanimatsiya bo‘limiga olib boradi.

Bu paytga kelib Navalniy komaga tushib qolgan va unga sun'iy nafas olish apparati ulab qo‘yilgandi. O‘shanda Rossiyaning bir qator ommaviy axborot vositalari, shu jumladan «Interfaks» axborot agentligi Navalniy «noma'lum psixodisleptik» bilan zaharlangan bo‘lishi mumkinligini xabar qiladi.

Ammo Omsk kasalxonasi ushbu tashxisni rad etadi. Navalniy yotqizilgan ushbu kasalxonaning bosh shifokori Aleksandr Muraxovskiyning so‘zlariga ko‘ra, o‘shanda shifokorlar muxolifatchiga beshta taxminiy tashxis qo‘yishgan (tashxislar oshkor etilmagan). Uning siydigida zahar yoki boshqa zaharli moddalar topilmagan.

Dimitar Dilkoff / AFP / Scanpix / LETA

Keyinchalik Muraxovskiy, Navalniyni davolangan shifokorlarning fikriga tayanib, siyosatchi zaharlanish tufayli emas, balki «qonda shakar miqdorining keskin pasayishi» tufayli yuzaga keladigan «uglevodlar muvozanati buzilganligi sababli» komaga tushib qolgani haqida gapirgan.

«Shifokorlar alyansi» rahbari va Navalniyning shifokori Anastasiya Vasileva metabolik kasalliklar tanada moddalar almashuvi buzilishi emas, balki zaharlanish natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan holatligini tushuntirib, Muraxovskiyning versiyasini tanqid qilib chiqdi.

Navalniy kasalxonaga yotqizilgandan so‘ng uning jamoasi va oilasi omsklik shifokorlar siyosatchining ahvoli to‘g‘risida ma'lumot bermaganidan shikoyat qilishdi.

Siyosatchining rafiqasi Yuliya Navalnaya juma kuni erini davolanish uchun Germaniyaga olib ketishga tayyor edi. O‘sha kuni nemis shifokorlaridan iborat guruh zarur tibbiy jihozlar ortilgan charter reys bilan Omskka uchib keldi. Keyinchalik Navalniyning maslakdoshi Leonid Volkov charter reys uchun mablag‘ni ishbilarmon Boris Zimin va uning oilasi o‘z jamg‘armasi hisobidan to‘laganini ma'lum qildi.

Ammo omsklik shifokorlar Navalniyning sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yib, siyosatchini Germaniyaga olib ketish uchun ruxsat berishmadi. Rossiya qonunlariga ko‘ra, hushsiz holda yotgan bemorni qanday davolash to‘g‘risidagi qaror shifokor yoki shifokorlar kengashi tomonidan qabul qilinadi. Shundan so‘ng, Yuliya Navalnaya Rossiya prezidenti Vladimir Putinga murojat qilib turmush o‘rtog‘ini Germaniyaga olib ketish uchun ruxsat so‘radi. Uning murojatiga Kremldagilar o‘ta diplomatik tarzda Navalniyning tezroq sog‘ayib ketishini istayotganlarini va yordam berishga tayyor ekanliklarini, ammo siyosatchini ko‘chirish qarori faqat u yotgan kasalxona shifokorlari tomonidan qabul qilinishini bildirishdi.

Navalniyning sog‘ligi masalasida dunyoning ko‘zga ko‘ringan davlat rahbarlari, jumladan Germaniya kansleri Angela Merkel, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va AQSh prezidenti Donald Tramp hamda Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi xavotir bildirdi.

Nihoyat 21 avgust, juma kuni kechqurunga borib Navalniyni Germaniyaga olib ketishga ruxsat berishdi shanba kuni ertalab u Germaniyaga olib ketildi.

28 avgust kuni «Sharite» klinikasida Navalniyning sog‘lig‘i uchun mas'ul bo‘lgan shifokorlar siyosatchining holati mo‘'tadil ekanini va u hamon sun'iy koma holatida qolayotganini ma'lum qildi.

29 avgust kuni «Sharite» klinikasi siyosatchining ahvoli barqarorligicha qolayotgani, biroq xolinesteraza ingibitorlari ta'siridan kelib chiqqan simptomlarda biroz yaxshilanish boshlangani haqida xabar berdi.

U intensiv terapiya bo‘limida qolmoqda. Navalniy o‘pkani sun'iy nafas oldirish apparatiga ulangan va sun'iy koma holatida. Uning ahvoli oldingidek og‘ir deya baholanmoda, biroq siyosatchining hayotiga bevosita xavf tug‘diradigan hech narsa yo‘q.

«Ammo bemorning zaharlanish darajasi og‘irligi hisobga olinadigan bo‘lsa, sodir bo‘lgan hodisa unga uzoq muddatli oqibatlarni prognoz qilishga hali erta», deydi mutaxassislar.

Davolovchi shifokorlar bemorning turmush o‘rtog‘i Yuliya Navalnaya bilan muntazam aloqada bo‘lib turibdi.

Mavzuga oid