O‘zbekiston | 22:02 / 02.09.2020
34276
2 daqiqa o‘qiladi

DTM: Internetda tarqalib ketgan test savollari masalasida surishtiruv o‘tkazilmoqda

Davlat test markazi direktori o‘rinbosari Sardor Rajabov kirish imtihonlarida abituriyentlarning telefondan foydalangani haqida internetda tarqalgan ma'lumotlarga munosabat bildirdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

«Hozir ijtimoiy tarmoqlarda bir abituriyentning qo‘lida telefon bilan o‘tirgani yoki yana birining telefon orqali gaplashgani aks etgan video va suratlar tarqalmoqda.

Bu rasmlardan birining olingan vaqtiga e'tibor beradigan bo‘lsak, u 14:19da olingan. Telefon yoki soat kameraning soati noto‘g‘ri bo‘lishi mumkin, deb o‘ylash mumkin bo‘lsa ham, boshqa aniqlashtiruvchi jihatlar bor. Masalan, stadionning poli ko‘k rangda. Bunday stadion Andijonda bor, lekin uning poli hozirgi holatda oq va ko‘k rang aralash qilib bo‘yalgan. Avvalroq viloyatda kirish imtihonlari repetitsiya qilinganda stadion ko‘k rangda bo‘lgan», – dedi Sardor Rajabov 2 sentabr kungi brifingda.

Uning aytishicha, test kitobchalarining surati tarqalgan holatlar ham tegishli xizmatlar tomonidan o‘rganilmoqda. Agar abituriyent imtihonga taqiqlangan vositalar olib kirgani aniqlansa, u imtihondan chetlashtiriladi. Agar nazoratchilar sustkashlik qilgan bo‘lsa, ularga nisbatan chora ko‘riladi.

Mavzuga oid