O‘zbekiston | 19:38 / 08.09.2020
14710
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekoziqovqatxolding» tugatilmoqda - prezident qarori

Prezident Shavkat Mirziyoyev «Respublika oziq-ovqat sanoatini jadal rivojlantirish hamda aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘laqonli ta'minlashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Qarorga asosan, «O‘zbekoziqovqatxolding» XK tugatiladi. Jarayonni tashkil etish bo‘yicha komissiya tuzildi.

Bundan tashqari, Qishloq xo‘jaligi vazirligining Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va infratuzilmani rivojlantirish boshqarmasi (4ta shtat) negizida boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 12ta shtat birligidan iborat Oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish bosh boshqarmasi tashkil etildi.

Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari – Oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimi joriy qilindi. Vazirlikka qishloq xo‘jaligi vazirligiga oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar yuklandi.

Oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish maqsadida Qishloq xo‘jaligi vazirligining Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va oziq-ovqat ta'minoti jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan:

  • oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha ilk marotaba tashkil etilayotgan istiqbolli loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslanishini tayyorlash bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizini, lekin har bir loyiha uchun 100 mln so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda qoplash;
  • oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha ilk marotaba tashkil etilayotgan istiqbolli loyihalarning infratuzilmasini ta'minlash bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizini, lekin har bir loyiha uchun 100 mln so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda qoplash;
  • oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish va ularni chuqur qayta ishlash sohasiga xorijiy ekspertlarni jalb qilish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizini, lekin har bir loyiha uchun 50 mln so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda qoplash belgilandi.

Shuningdek, 2021–2023 yillarga mo‘ljallangan Sanoatbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni kengaytirish dasturi tuziladi.

Kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlar asosida 2021/22 o‘quv yilidan boshlab, respublika OTMlarining «Oziq-ovqat texnologiyasi» hamda «Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va dastlabki ishlash texnologiyasi» kabi ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha bakalavriatning kunduzgi va sirtqi ta'lim shakllariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari bosqichma-bosqich oshirib boriladi.

Mavzuga oid