O‘zbekiston | 22:29 / 10.09.2020
35794
2 daqiqa o‘qiladi

Bog‘chalar qachondan va qay tartibda ochilishi ma'lum bo‘ldi

Ota-ona koronavirusdan xavotirlangani sabab bolasini bog‘chaga bermasa, bolaning o‘rni saqlab qolinadi. 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar guruhlari qachondan ochilishi noma'lum.

Maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shin bog‘chalar pandemiya sharoitida qanday ishlashi haqida ma'lumot berdi. Uning aytishicha, bog‘chalarni ochishda bolalar xavfsizligi birinchi o‘ringa qo‘yiladi, bog‘chaga kelmaydigan bolalarning o‘rni ham saqlab qolinadi.

MTTlar bosqichma-bosqich ochilishi rejalashtirilgan. Ularning ochilishi uchun xalq deputatlari mahalliy kengashlarining roziligi talab etiladi.

«14 sentyabrdan birinchi navbatda katta guruhlar, ya'ni 5-6 yoshli bolalar guruhlari ochiladi. Chunki bu yoshda bolalar ijtimoiy masofa saqlash, sanitariya qoidalariga amal qilishni tushunishadi.

Keyinroq, 1 oktyabrdan o‘rta yoshli bolalar guruhlarini ochishni, noyabrdan esa kichik, ya'ni 3 yoshli bolalar guruhlarini ochishni rejalashtirganmiz.

Kichik yoshli bolalar guruhlari hali tartib-qoida nimaligini bilmaydi, ular orasida ijtimoiy masofa saqlash juda qiyin. Shuning uchun biz MTTlarni ochishni bosqichma-bosqich o‘rgangan holda amalga oshirmoqchimiz», – dedi Agrippina Shin 10 sentyabrdagi matbuot anjumanida.

Ma'lum qilinishicha, MTTlar 14 sentyabrdan faoliyat boshlasa, ota-onalarning 16 martdan keyingi kunlarga qilingan yarim oylik to‘lovlari oy oxiriga qadar hisoblanadi.

Mavzuga oid