O‘zbekiston | 18:22 / 10.09.2020
7414
3 daqiqa o‘qiladi

OSON to‘lov tizimlari egasi fuqarolarni «OSON SYSTEM»dan ogohlikka chaqirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda OSON SYSTEM nomi bilan noma'lum onlayn investitsiya platformasi yordamida millionlab pul ishlab topish imkoniyati to‘g‘risida ma'lumotlar paydo bo‘ldi.

OSON to‘lov tizimining asoschisi va rahbari shu nomdagi sayt bilan aloqasi yo‘qligini aytmoqda. Brendning yagona yaratuvchisi va egasi «BRIO GROUP» MChJ rahbari Farhod Mahmudov o‘z mijozlaridan hushyor bo‘lishni va bu kabi noma'lum resurslardan foydalanmaslikni, mablag‘lar xavfsizligini diqqat bilan kuzatib borishni iltimos qildi.

«Hozirda ushbu vaziyat bo‘yicha bizning huquqshunoslarimiz ishlamoqda. Nomimizdan foydalanayotgan kompaniya O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tmaganligi, yuridik shaxsni aniqlashning imkoni bo‘lmagani, kompaniyaning o‘zi yoki uning menejyerlari to‘g‘risida rasmiy ma'lumotlarning yo‘qligi bois vaziyat murakkablashmoqda», – deydi OSON rahbari Farhod Mahmudov.

Shunisi e'tiborga loyiqki, sayt haqida ma'lumot tarqatadiganlar, o‘z sxemalarini turli mamlakatlarga moslashtirishgan va foydalanuvchilarni ko‘proq jalb etish uchun oldindan mavjud bo‘lgan to‘lov tizimlari nomidan foydalanadilar.

Buni saytga boshqa mamlakat proksi-serveri orqali kirganda tekshirib ko‘rish mumkin.

«Bu kabi tizimlar tajribasiz foydalanuvchilarni yo‘ldan ozdirishga urinib, bizning nomimizdan foydalanayotganidan juda afsusdaman. Ayni damda fintex sanoati gullab-yashnagan davrda, fuqarolarimizning moliyaviy savodxonligini oshirish, shubhali sxemalar bilan bog‘liq turli xil salbiy hodisalar mavjudligini, shaxsiy malumotlarni shubhali resurslarga kiritib, o‘z bankidan tashqari hech kimga kirish parollarini berish mumkin emasligini tushuntirish juda muhimdir.

Biz noxush voqea to‘g‘risida ogohlantirishga qaror qildik, chunki biz O‘zbekistonlik va xorijdagi mijozlardan savollar, shuningdek, xorijiy sheriklarimizdan bir nechta so‘rovlar oldik. Rasmiy ravishda e'lon qilamanki, «BRIO GROUP» o‘xshash nomdagi sayt haqida ma'lumot bilan hech qanday aloqasi yo‘q va choralar ko‘rilishi uchun tegishli ma'lumotlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yetkazish niyatida», – deydi Farhod Maxmudov.

Mavzuga oid