O‘zbekiston | 13:05 / 10.09.2020
4955
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘zkomnazorat» onlayn savdodagi firibgarlik holatlari haqida ogohlantirdi

Noqonuniy savdo taklif etgan firibgarlar yengil pul topmoqchi, tijorat qilmoqchi bo‘lgan shaxsdan dastlabki mablag‘ni elektron shaklda qabul qilib olgach, pullarni qaytarmaydi va bundan biznes boshlamoqchi bo‘lgan foydalanuvchi zarar ko‘radi. 

Butun dunyoda 15 martdan buyon davom etayotgan koronavirus pandemiyasi davrida onlayn xaridlar, aholi orasida elektron tijorat, ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar orqali savdoni amalga oshirish yanada ommalashdi. Xususan, O‘zbekistonda ham Facebook, Instagram, Telegram va Whatsap kabi ilovalarda internet foydalanuvchilari o‘zaro oldi-sotdi ishlarini amalga oshirmoqda.  

Internet orqali savdolarni amalga oshirish jarayoni odamlarning vaqtini tejaydi, ularning karantin tartib-qoidalariga amal qilishi, odamlar ko‘p joylarga, bozorlar, savdo markazlariga bormasligini, koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish xavfini kamaytiradi. Biroq, ayni shu jarayonda internetdagi onlayn savdolar firibgarlarning turli sxemalarni amalga oshirishida qo‘l kelmoqda. 

“O‘zkomnazorat” davlat inspeksiyasi axborot xizmati xabariga ko‘ra, shu kunlarda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining aksariyati yana bir firibgarlik sxemasi paydo bo‘lgani haqida postlar qoldirib, ushbu holatga munosabat bildirmoqda. 

Firibgar foydalanuvchiga murojaat qilib tijorat maqsadida shaxsiy biznesni – turli buyumlar, mahsulotlar, dori vositalari, preparatlar va yana boshqa narsalar sotishni yo‘lga qo‘yishni taklif qiladi. Boshlanmasiga 500 ming so‘m yoki 1 million so‘m atrofidagi mablag‘ bilan savdoni yo‘lga qo‘yib, yaxshi daromad qilish mumkinligini tushuntiradi. Noqonuniy savdo taklif etgan firibgarlar yengil pul topmoqchi, tijorat qilmoqchi bo‘lgan shaxsdan dastlabki mablag‘ni elektron shaklda qabul qilib olgach, pullarni qaytarmaydi va bundan biznes boshlamoqchi bo‘lgan foydalanuvchi zarar ko‘radi. Ikki tomon o‘rtasida hech qanday qonuniy hujjatning yo‘qligi, foydalanuvchining o‘zi firibgarga ishonib plastik kartasidagi mablag‘ni o‘tkazib bergani ishni yanada chigallashtiradi.

“O‘zkomnazorat” davlat inspeksiyasi messenjerlar va ijtimoiy tarmoqlarda bu kabi “tarmoqli marketing”, “yangicha biznes”, “katta daromad keltiradigan ish” kabi e'lonlarni diqqat bilan ko‘zdan kechirish lozimligini eslatib o‘tgan. Foydalanuvchilarga shu kabi tijorat yo‘llarini taklif qilayotgan begona shaxslarga plastik karta raqami, pasport ma'lumotlari va boshqa shaxsiy axborotlarni oshkor qilmaslik, ularning hisob raqamiga o‘z pullarini o‘tkazib bermaslik tavsiya etilgan.

Mavzuga oid