Jamiyat | 13:40 / 13.09.2020
53192
2 daqiqa o‘qiladi

DTM: Test natijalarini e'lon qilishdagi xatolik tuzatildi

Ijtimoiy tarmoqlarda test natijalari xato hisoblangan yoki test sinovlarida nohaqlikka yo‘l qo‘yilgan degan mazmundagi postlar va videomurojaatlar tarqaldi. Davlat test markazi bu masala o‘rganib chiqilganini ma'lum qildi.

«Holat bo‘yicha shuni ma'lum qilamizki, 11 sentabr kuni e'lon qilingan test sinovlari natijalarini e'lon qilishda texnik xatolikka yo‘l qo‘yilgan. Xatolik ijtimoiy tarmoqlarda yozilgani kabi test natijalarini hisoblashda emas, ularni e'lon qilishda kuzatilgan.

Test natijalaridagi texnik xatolik Navoiy va Qashqadaryo viloyatlari hamda Qo‘qon shahrida 10 sentabr kuni 1-smenada o‘tkazilgan test sinovlarida ishtirok etgan ayrim abituriyentlarda yuzaga kelgan. Mazkur holat aniqlanishi bilan xatolikni tuzatish ishlari boshlab yuborilgan.

Hozirda mazkur texnik xatolik tuzatilib, test natijalari xato e'lon qilingan abituriyentlarning natijalari yangilandi. Mazkur abituriyentlar shaxsiy kabinetlari orqali yangilangan test natijalarini qayta ko‘rishlari mumkin», – deyiladi DTM axborotida.

Markaz yo‘l qo‘yilgan xatolik uchun abituriyentlardan va ularning ota-onalaridan uzr so‘rab, test sinovlarini shaffof va adolatli o‘tishiga hissa qo‘shayotgan blogerlar va ommaviy axborot vositalariga minnatdorchilik bildirgan.

Mavzuga oid