Sport | 21:55 / 13.09.2020
3328
2 daqiqa o‘qiladi

Formula-1: Lyuis Hemilton Toskana bosqichining birinchi g‘olibi bo‘ldi

“Formula-1” poygalari tarixida Italiyaning Skarperiya-e-San-Pero kommunasida birinchi marta o‘tgan Toskana bosqichi o‘z nihoyasiga yetdi. Ushbu bosqichda amaldagi chempion Lyuis Hemilton g‘alaba qozondi.

Foto: Formula1

Hemilton uchun ushbu g‘alaba faoliyatidagi 90-g‘alaba bo‘ldi. Unga “Formula-1” afsonasi Mixael Shumaxer rekordini takrorlash uchun yana bir marta marrani birinchi bo‘lib kesib o‘tish qoldi. 

Poygada 2-o‘rinni Hemiltonning jamoadoshi Valtteri Bottas, 3-o‘rinni “Red Bull” a'zosi Aleksander Albon egalladi. Albon faoliyatida birinchi marta shohsupadan joy oldi.

E'tiborlisi, ushbu gran-pri “Ferrari” jamoasi uchun minginchi bosqich bo‘ldi. Poyga to‘qnashuvlar sababli ikki marta to‘xtatildi. Marraga 20 poygachidan 12 nafarigina yetib kela oldi. “Formula-1”da oxirgi marta poyga ikki marta 2016 yil Braziliya bosqichida to‘xtatilgan.

9 ta bosqichdan keyin umumiy hisobda Hemilton yetakchilik qilmoqda, uning hisobida 190 ochko bor. 2-o‘rinni 135 ochko bilan Bottas, 3-o‘rinni 110 ochko bilan Ferstappen egallamoqda. 

Poyganing keyingi bosqichi – Rossiya gran-prisi “Sochi-Avtodrom”da 25-27 sentabr kunlari bo‘lib o‘tadi. 

Mavzuga oid