Jamiyat | 09:22 / 14.09.2020
6320
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda kislorod ishlab chiqaruvchi uskuna o‘g‘irlandi  

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

2020 yilning yanvar oyidan 27 iyul kuniga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida, noma'lum shaxs Vobkent tumani “Rabotoxun” MFYda joylashgan kislorod ishlab chiqarish shoxobchasida o‘rnatilgan, 64 yoshli I.A.ga tegishli narxi 306 311 700 so‘m bo‘lgan kislorod ishlab chiqarish uskunasini yashirin ravishda talon-toroj qilib, hodisa joyidan yashiringan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Vobkent tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi (o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Olib borilgan tezkor-qidiruv harakatlari natijasida mazkur jinoyatni 50 yoshli A.I. sodir etganligi aniqlanib, gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan va protsessual tartibda ushlangan. 

O‘g‘irlangan uskuna Xorazm viloyati Urganch shahrida faoliyat olib borayotgan MChJ hududida ekanligi aniqlanib, o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirib olingan. 

Tergov harakatlari davom etmoqda.

Mavzuga oid