O‘zbekiston | 13:36 / 17.09.2020
21157
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston koronavirusning ikkinchi to‘lqiniga tayyor – shtab a'zosi

Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Barno Abdusamatovaning ma'lum qilishicha, O‘zbekiston kuz faslida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan koronavirusning ikkinchi to‘lqiniga tayyor.

Uning ta'kidlashicha, o‘tgan davr mobaynida vaziyat har tomonlama o‘rganib chiqilgan. Shu davrga qadar erishilgan yutuq va kamchiliklar ko‘rib chiqilib, tahlil qilingan.

«Hozirda shifoxonalar salohiyatli kadrlar va zarur moddiy texnika baza bilan ta'minlangan. Barcha shifoxonalar va mutaxassislarning ushbu yo‘nalishda tajribalari bor. Ular kasallik avj olishiga yo‘l qo‘ymaydilar.

Shu bilan birga, bemorlarga o‘z vaqtida malakali va zamonaviy tibbiy yordam ko‘rsatishga imkon va barcha kerakli dori vositalarining zaxiralari yaratilgan.  

Ayni vaqtda mamlakatimizda 3 500 nafar bemorga shifokorlarimiz tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.

Hozirgi kunda COVID-19 infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolash uchun 114ta muassasada 19 ming 346ta o‘rin tashkil etilgan. Yana 10 mingga yaqin qo‘shimcha zaxira shifo o‘rinlarini tayyorlash ishlari olib borilmoqda», dedi u AOKAda o‘tkazilgan brifingda.

  • 16 sentabr kuni O‘zbekistonda 597ta yangi holat qayd etildi, 416 bemor tuzaldi va 6 bemor vafot etdi - so‘nggi hafta davomida kunlik o‘sish 600ga yaqin bo‘lmoqda. SSVning 17 sentabr kuni soat 10:00da bergan ma'lumotiga ko‘ra, mamlakatda shu vaqtgacha koronavirusdan zararlanish holatlari soni 49 ming 285taga yetgan, 45 ming 474 bemor tuzalgan, 411 bemor vafot etgan.

Mavzuga oid