Fan-texnika | 18:02 / 20.09.2020
7869
2 daqiqa o‘qiladi

Apple 536 milliard dollarga arzonlashib ketdi

Apple kompaniyasining aksiyalari tarixiy maksimumga erishgan 2 sentyabrdan boshlab 22,5 foizga arzonlashib ketdi. Buning oqibatida kompaniya kapitallashuvi 3 haftada 536 mlrd dollarga qisqargan.      

Kompaniya aksiyalari narxi bu vaqt ichida 107 dollargacha tushib ketgan, kapitallashuvi esa 2,247 trln dollardan 1,842 trln dollargacha qisqargan.

Ushbu vaziyatning aniq sababi yo‘q. Mutaxassislar kompaniya yaqinda o‘tkazgan taqdimot uncha yorqin bo‘lmaganini aytishmoqda, biroq Apple aksiyalari bu tadbirdan ancha oldin qiymatsizlana boshlagan. Tahlilchilar, shuningdek, bunga sabab sifatida fond birjasining ichki jarayonlari va Apple aksiyalari narxi haddan ziyod oshirib yuborilganini aytishmoqda.  

Bir oy avval Apple o‘z kapitallashuvi 2 trln dollarga yetgan AQShdagi birinchi va dunyodagi ikkinchi kompaniyaga aylangandi. Kompaniya bunga ko‘plab tahlilchilar prognoz qilgandan ancha tezroq erishgan.

Biroq kompaniya aksiyalari maksimum qiymatga yetgach narxini yo‘qota boshlagan va bu jarayon hamon davom etmoqda. Ammo ulkan yo‘qotishlarga qaramay, kompaniya o‘z raqobatchilarini ancha ortda qoldirib, dunyodagi eng qimmat kompaniya bo‘lib qolmoqda.

Mavzuga oid