Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti ocharchilikka qarshi kurash uchun berildi
Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sohibi deb topilgan Jahon oziq-ovqat dasturi ocharchilikni qurol sifatida ishlatishga qarshi kurashmoqda, deya ma'lum qildi Nobel qo‘mitasi.
Dunyo bo‘ylab ocharchilikdan aziyat chekayotganlarga oziq-ovqat yetkazib beradigan BMTning insonparvarlik tashkiloti - Butunjahon oziq-ovqat dasturi (World Food Programme (WFP) 2020 yilgi Nobel tinchlik mukofoti sohibi deb topildi. Norvegiya parlamenti tomonidan a'zolari tayinlanadigan Norvegiya Nobel qo‘mitasi shunday qarorga keldi.
Qarorga ko‘ra, WFP «ochlik bilan kurashish borasidagi sa'y-harakatlari, mojarolardan zarar ko‘rgan hududlarda yashash sharoitlarini yaxshilashga qo‘shgan hissasi hamda urush va mojarolarda ocharchilikni qurol sifatida ishlatmaslikning harakatlantiruvchi kuchi sifatidagi ishlari uchun» mukofotga sazovor bo‘ldi.
«Bu yilgi mukofot bilan Norvegiya Nobel qo‘mitasi dunyoning e'tiborini ocharchilikdan aziyat chekayotgan yoki ocharchilik xavfiga duch kelgan millionlab odamlarga qaratishni xohlaydi», - deyiladi qo‘mita xabarida.
Qo‘mita 2020 yilda butun dunyoga tarqalgan COVID-19 koronavirus infeksiyasi sharoitida qator mintaqalarda ocharchilik xavfi kuchayganligini ta'kidladi.
Avvalroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin, AQSh prezidenti Donald Tramp va uning bo‘lajak saylovlardagi raqibi Jo Bayden, rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy va boshqalarning tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga nomzod sifatida ko‘rsatilishi haqida xabarlar tarqalgan edi.
BREAKING NEWS:
— The Nobel Prize (@NobelPrize) October 9, 2020
The Norwegian Nobel Committee has decided to award the 2020 Nobel Peace Prize to the World Food Programme (WFP).#NobelPrize #NobelPeacePrize pic.twitter.com/fjnKfXjE3E
O‘tgan yili Nobel tinchlik mukofoti Efiopiya bosh vaziri Abiy Ahmad Aliga «tinchlik va xalqaro hamkorlikka erishish yo‘lidagi sa'y-harakatlari, xususan, qo‘shni Eritreya bilan chegara mojarosini hal qilish bo‘yicha qat'iy tashabbusi uchun» berildi.
2020 yilda Nobel mukofotining miqdori o‘tgan yilga nisbatan 1 million shved kronasiga ko‘paytirilib, 10 millionga yetkazildi (1,12 million dollar).
2020 yilda Nobel haftaligi tibbiyot bo‘yicha mukofot g‘oliblari e'lon qilingan 5 oktyabr kunidan boshlandi. U gepatit C virusini aniqlagan amerikalik olimlar Charlz Rays va Harvi Olter hamda britaniyalik Maykl Houtonga berildi. Bu kasallikni davolash va qon quyish orqali uning tarqalishining oldini olishga yordam bo‘ldi.
6 oktyabr kuni qora tuynuklar ustida ishlaganligi uchun fizika bo‘yicha mukofot g‘oliblari e'lon qilindi. Britaniyalik Rojyer Penrouz mukofotning yarmini «qora tuynuklarning paydo bo‘lishi umumiy nisbiylik nazariyasining ishonchli tasdig‘i» ekanligiga, amerikalik Raynhard Gensel va Andrea Gez esa «galaktika markazida supermassiv ixcham obekt topilganligi» uchun laureatga aylandi. 7 oktyabr kuni kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti «genetik qaychi» ishlab chiqqan amerikalik Jyennifer Dudna va fransiyalik Emmanuel Sharpantega topshirilgani ma'lum bo‘ldi.
8 oktyabr kuni 2020 yilgi adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti amerikalik shoira Luiza Glyukka berildi. Shvetsiya akademiyasi uning «mavjudlikni o‘z qat'iy go‘zalligi bilan universal qiladigan she'riy ovozi»ni yuqori baholadi.
Nobel haftaligi 12 oktyabr kuni yakunlanadi, shu kuni Shvetsiya Banki Alfred Nobel nomidagi iqtisodiy fanlar sohasida mukofot laureatini ochiqlaydi (u norasmiy ravishda iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti deb ataladi, ammo uni Nobelning o‘zi emas, balki Shvetsiya Banki 1969 yilda ta'sis etgan).
Alfred Nobelning vasiyatiga binoan Nobel tinchlik mukofoti «tinchlikparvarlik konferensiyalarini o‘tkazish va targ‘ib qilishda, xalqlarning birdamligi, doimiy armiyalar sonining kamayishiga katta hissa qo‘shgan»larga beriladi. 1901 yilda mukofotning birinchi laureatlariga Xalqaro Qizil xoch qo‘mitasining asoschisi Anri Dyunan va Parlamentlararo ittifoq asoschisi Frederik Passi aylandi.
1901-2019 yillarda mukofot atigi 100 marta topshirilgan, 19 yil davomida - 1914-1916, 1918, 1923, 1924, 1928, 1932, 1939-1943, 1948, 1955-1956, 1966-1967 va 1972 yillarda mukofotga munosib nomzod topilmagan.
Shu vaqt ichida 107 kishiga, shu jumladan 17 nafar ayolga va uch marta Xalqaro Qizil xoch qo‘mitasini o‘z ichiga olgan 27ta tashkilotga Nobel tinchlik mukofoti berildi.
O‘ziga berilgan tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotidan bosh tortgan yagona shaxs bu 1973 yilda AQSh davlat kotibi Genri Kissinjyer bilan birga ushbu mukofotga sazovor bo‘lgan vetnamlik siyosatchi Le Dik Txodir.
Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga nomzodi qo‘yilganlar orasida hozirda tinchlik uchun kurashdagi xizmatlari kamida bahsli sifatida baholanayotgan shaxslar ham bo‘lgan - Iosif Stalin (1945 va 1948 yillarda), Adolf Gitler (1939), Benito Mussolini (1935), shuningdek Xuan Peron, Nevill Chemberlen, Garri Trumen, Nikolay II. Bundan tashqari, Lev Tolstoy, Erix Mariya Remark, Nikolay Rerix, Per de Kuberten, Mariya Montessori, Robert Baden-Pauell va boshqalar Nobel mukofotiga nomzod bo‘lishgan.
Mavzuga oid
19:00
“Matritsa”ning buzilishi va tarixiy order
13:38 / 24.12.2024
“Bolalar sovuqdan muzlayapti” – BMT vakillari qish falastinliklar hayotini yanada og‘irlashtirayotganini ma’lum qildi
11:15 / 12.12.2024
O‘zbekiston xalqaro majburiyatlarni bajarish doirasida 530 dan ortiq fuqarosini Yaqin Sharqdan qaytardi
18:38 / 11.12.2024