Oqsoch ayollar mavzusi: Mehnat vazirligi munosabat bildirdi
8 oktabr kuni Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimov prezident rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida oqsoch ayollarga talab ortib borayotgani sabab ayollarni bu kasbga tayyorlash tizimini shakllantirish taklifini bergan edi.
Turdimovning bu gaplari ijtimoiy tarmoqlarda keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi. Keyinchalik Samarqand viloyat hokimligi bu borada munosabat bildirib, Turdimov aslida nima demoqchi bo‘lganini tushuntirdi. Blogerlar va ijtimoiy faol fuqarolar Samarqand viloyat hokimi jo‘yali taklif bergani, uni noto‘g‘ri talqin qilmaslik kerakligini aytib, post qoldirgandi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi oxirgi kunlarda trendda bo‘lgan oqsoch ayollar mavzusiga munosabat bildirdi. Vazirlikning Telegram kanalida e'lon qilingan postda munosabat Turdimovning gaplariga qaratilgani aytilmagan, ammo uning mazmuni aynan oqsochlarni, umuman, mehnat muhojirlarini kasbga tayyorlash va ularning huquqini himoya qilishga qaratilgan.
«Oxirgi kunlarda oqsoch ayollar bilan bog‘liq masalalar ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni xorijga ishga jalb qilishdan oldin chet tillari va turli zaruriy kasblarni o‘rgatish bo‘yicha mexanizm yaratilgan.
Prezidentimizning joriy yil 11 avgustdagi «Kambag‘al va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga o‘qitishga qaratilgan hamda aholi bandligini ta'minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi, 15 sentyabrdagi «Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorlari, shuningdek, davlatimiz rahbari raisligida 17 avgust kuni xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarga munosib shart-sharoitlar yaratish va ular bilan tizimli ishlash yuzasidan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar bu boradagi ishlar qamrovini yanada kengaytirdi.
Xususan, respublikada 30 ta kasbga o‘rgatish markazlari, 14 ta monomarkaz, mahallalarda 136 ta kasbga o‘rgatish o‘quv markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Mazkur markazlarda fuqarolar mamlakatimiz va xorij mehnat bozorida eng zarur bo‘lgan kasblar bo‘yicha o‘qitiladi.
Bundan tashqari, Rossiyaning yirik shaharlarida o‘zbekistonlik mehnat migrantlarini rus tili va kasblarga bepul o‘qitish boshlandi.
Toshkent shahridagi «Ishga marhamat» monomarkazida yosh bolalar uchun enaga va tarbiyachi yordamchisi mutaxassislari tayyorlanmoqda. Kurs davomida tinglovchilar bog‘cha yoshidagi bolalar psixologiyasi, ularni parvarishlash va individual yondashish usullarini o‘rganadi. Kurs yakunida ularga Davlat namunasidagi sertifikat beriladi. Viloyatlarda tashkil etiladigan monomarkazlarda ham xuddi shu kabi mutaxassisliklar bo‘yicha xotin-qizlar o‘qitiladi.
Bugungi kunda tashqi mehnat migratsiyasi sohasida Rossiya, Turkiya, Qozog‘iston kabi davlatlar bilan kelishuv shartnomalar mavjud va ushbu hujjatlar doirasida hamkorlik qilib kelinmoqda.
Shuningdek, xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilish tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, buning uchun mehnat masalalari bo‘yicha attashe lavozimlari joriy qilingan. Rossiyaning Moskva, Sankt-Peterburg, Samara, Ufa, Novosibirsk, Yekaterinburg shaharlarida va Janubiy Koreyaning Kvandju shahrida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonalari ochilgan, yaqin vaqtlarda Yaponiya, Qozog‘iston, BAA va Turkiyada ham vakolatxonalar ochish rejalashtirilgan.
Agar raqamlarga murojaat qilinsa, joriy yilning o‘tgan davrida xorijda yurgan 50 ming nafarga yaqin fuqarolarga turli ko‘rinishda huquqiy, moddiy va ijtimoiy yordamlar ko‘rsatilgan.
Albatta, sohada yechimini kutayotgan muammolar talaygina, shu bilan birga mavjud muammolarni ijobiy hal qilishga qaratilgan amaliy ishlar ham olib borilmoqda. Xorijga ishlash uchun ketishdan oldin turli kasb va chet tillarini o‘rganish istagidagi fuqarolarimiz tumanlardagi bandlikka ko‘maklashish markazlari hamda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining viloyatlar filiallariga murojaat qilishlari so‘raladi», deyilgan vazirlik bayonotida.
Mavzuga oid
14:26 / 28.11.2024
Samarqand viloyatiga yangi rahbar tayinlandi
14:19 / 28.11.2024
Erkinjon Turdimov ishdan ketdi
13:24 / 28.11.2024
“Samarqandni odamlar shahriga aylantirishimiz kerak, hozir mashina-shaharga aylangan” - Turdimov
18:10 / 28.08.2024