Jahon | 14:52 / 19.10.2020
9625
2 daqiqa o‘qiladi

KXDR xakerlari Rossiya korxonalariga hujum qildi

Group-IB kompaniyasining murakkab tahdidlar bo‘limi boshlig‘i Anastasiya Tixonovaning ma'lumot berishicha, Kimsuky guruhi Janubiy Koreya, Rossiya, Ukraina, Slovakiya va Turkiyaning harbiy tashkilotlariga hujum qilgan. 

Foto: Reuters

Shimoliy Koreyaning Kimsuky xakerlar guruhi Rossiyaning qator tashkilot-korxonalariga hujum uyushtirdi, deb ma'lum qildi Positive Technologies xavfsizlik markazi ekspertlari.

Markazning yetakchi mutaxassisi Denis Kuvshinovning so‘zlariga ko‘ra, Kimsuky guruhi 2013 yildan beri ma'lum, "guruh asosan josuslikka ixtisoslashgan".

 "O‘z vaqtida hukumat tashkilotlari, aerokosmik va mudofaa sanoati korxonalari, yadro fizikasi sohasida tadqiqotlar bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar ushbu guruh qurboni bo‘lgan. Guruh odatda AQSh va Janubiy Koreya tashkilotlariga hujum qilib kelgan", - dedi Kuvshinov.

Group-IB kompaniyasining murakkab tahdidlar bo‘limi boshlig‘i Anastasiya Tixonovaning ma'lumot berishicha, Kimsuky guruhi shuningdek, Velvet Chollima, Black Banshee nomlari bilan ham tanilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Kimsuky Janubiy Koreya, Rossiya, Ukraina, Slovakiya va Turkiyaning harbiy tashkilotlariga hujum qilgan. 

 "Kasperskiy laboratoriyasi" eksperti Denis Legezoning aytishicha, guruh ilgari siyosat bilan bog‘liq kiberjosuslik bilan shug‘ullangan bo‘lsa, endilikda sanoat josusligi ham guruhning faoliyat doirasidan o‘rin olgan.

Mavzuga oid