Jamiyat | 20:19 / 19.10.2020
10442
3 daqiqa o‘qiladi

Tanqiddan so‘ng: Andijondagi «qahramon simyog‘och»lar nihoyat «pensiyaga chiqarildi»

Kun.uz 18 oktabr kuni «Andijon shahridagi «qahramon simyog‘ochlar». Mas'ullar ularning xizmatidan yana qancha foydalanmoqchi?» sarlavhali maqola e'lon qilgan edi.

Maqolada Andijon shahar Hamkorlik mahallasi Aylanma O‘sh ko‘chasidagi simyog‘ochlar eskirib ketgani, boz ustiga xonadonlarga tortilgan juft elektr simlari keragidan ortiq bo‘lib, texnik va xavfsizlik jihatdan talabga javob bermasligi aytib o‘tilgan edi.

Ko‘p o‘tmay, «Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ matbuot xizmati Kun.uz muxbiri bilan bog‘lanib, muammoli holat o‘rganilgani va hal etilganini ma'lum qildi.

«Andijon shahar Hamkorlik MFY Aylanma O‘sh ko‘chasidagi xonadonlar nimstansiya 110/6 kV fider «Samarqand» 6 kVli kabel tarmog‘iga ulangan 161/400 kVA transformator orqali elektr energiyasi bilan ta'minlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2016 yil 23 noyabrdagi «2017–2021 yillarda past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yanada modernizatsiya qilish va yangilash dasturi to‘g‘risida»gi PQ-2661-son qarori asosida yuqoridagi manzilda joriy yilning II choragida 26 dona temir-beton tayanch va 1050 metr uzunlikdagi SIP 3×50 kabel tortilgan.

Yurtimizda e'lon qilingan karantin qoidalari munosabati bilan yangi qurilgan tarmoqni ishga tushirish, aholi xonadonlarini yangi qurilgan tarmoqqa montaj-demontaj ishlari kechiktirilgandi. Andijon shahar elektr ta'minoti korxonasi mutaxassislari tomonidan murojaatda ko‘tarilgan masalalarni joyida hal qilish maqsadida, bugun, 19 oktabr kunining o‘zidayoq yangi qurilgan tarmoqqa aholi xonadonlarini ulash ishlari boshlab yuborildi.

Shuningdek, murojaatda keltirilgan holatlar yuzasidan tegishli mas'ullar ishtirokida o‘tkazilgan o‘rganishlarda, simyog‘ochdagi 0,4 kVli elektr uzatish havo tarmog‘idan tashqari Andijon telekommunikatsiya bog‘lanmasining aloqa vositasi uchun mo‘ljallangan simlari ham o‘tkazilgani ma'lum bo‘ldi», – deyiladi «Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ axborotida.

Mavzuga oid