Jahon | 14:34 / 29.10.2020
29033
4 daqiqa o‘qiladi

Belarusdagi namoyishlar: Lukashenko ichki ishlar vazirini almashtirdi

Aleksandr Lukashenko mamlakat Ichki ishlar vazirligiga yangi rahbar tayinladi. Bu lavozimni shu vaqtga qadar Minsk IIBB rahbari bo‘lib ishlagan Ivan Kubrakov egalladi. So‘nggi bir yildan oshiq vaqt davomida IIV rahbari bo‘lgan va namoyishlar vaqtida qat'iy bayonotlari bilan tanilgan Yuriy Karayev prezident yordamchisi - Grodno oblasti bo‘yicha inspektor bo‘ldi. Karayev nimalar bilan yodda qoldi?

Aleksandr Lukashenko va Yuriy Karayev / Foto: BelTA / TASS

Muhim o‘zgarishlar

Lukashenko yana ikkita muhim lavozim rahbarlarini almashtirgan. Qariyb sakkiz yil davomida KGB rahbari bo‘lgan, sentabr oyi boshida Belarus xavfsizlik kengashi kotibi etib tayinlangan Valeriy Vakulchik prezidentning Brest oblasti bo‘yicha yordamchisiga aylangan. Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan Aleksandr Barsukov esa Minsk bo‘yicha inspektor lavozimiga tayinlangan.

Bu tayinlovlar haqida e'lon qilar ekan, Lukashenko avgust oyidagi prezidentlik saylovlaridan keyin boshlangan norozilik namoyishlarini eslab o‘tgan.

«Men kadrlar masalasida qarorlar qabul qildi, siz uchalangiz nafaqat xavfli, balki mamlakatimiz uchun juda mas'uliyatli bo‘lgan hududlarga yo‘l olasiz. Vaziyat qanday tus olishini hali bilmaymiz», – deya uning so‘zlaridan iqtibos keltirgan BeLTA davlat agentligi.

«Nima uchun siz? Siz harbiy odamlarsiz, barchasidan xabardorsiz, sizlarga o‘rgatish shart emas», deya qo‘shimcha qilgan Lukashenko.

«Bu ham urush»

54 yoshli general Yuriy Karayev 2019 yil iyunidan buyon IIVni boshqarib kelayotgandi, u muqaddam maxsus topshiriqli bo‘linmalarga rahbarlik qilgan.

Karayev shu yil avgustida prezidentlik saylovlari natijalari ortidan boshlangan norozilik namoyishlari vaqtidagi keskin bayonotlari bilan yodda qoldi.

«Ular namoyish qilish uchun nimagadir qarshi chiqishdi. Ichki ishlar organlarida bag‘rikeng va tinchliksevar odamlar xizmat qilishadi, lekin biz ommaviy tartibsizliklarga qarshi jiddiy tayyorgarlik ko‘ramiz, chunki bu davlatchilikka zarar yetkazishi mumkin. Biz buni boshqa davlatlar misolida ko‘p ko‘rganmiz, tinch namoyishlar oxir-oqibat davlat yo‘q bo‘lishiga olib kelishi ham mumkin. Biz bunga qarshi chiqdik.

Bu ham urush, yashirin gibrid urush, afsuski unda bizning fuqarolarimizni sotib olishdi», – degandi vazir shu haftada «Belarus 1» telekanali efirida.

Sentabr oyida Karayev namoyishchilar tajovuzkorlikni kuchaytirishsa, militsiya bunga javoban qurol qo‘llashi mumkinligini istisno etmagandi.

U hukumat namoyishchilar orasiga kirib olgan guruhlarni payqagani haqida gapirgandi. «Ular futbol fanatlariga, anarxistlarga o‘xshaydigan jangchilar. Ularning soni 9-10 nafar», – degandi avgust oyida Karayev.

Avgust oyi oxirida Karayev Rossiyaning RT telekanaliga bergan intervyusida ichki ishlar organlari safidan bo‘shab, namoyishchilarga qo‘shilganlarni xoinlar deb atagandi.

«Ular yaxshi yigitlar bo‘lishi mumkin, ammo ularda oqillik, matonat, bilim yetarli emasdi. Kimdir istamasa, raport yozishi mumkin, ular esa namoyishkorona pogonini, nishonlari va shaxsiy guvohnomalarini tashlab yuborishdi - bu qanchadir va'da qilingan mablag‘ evaziga bo‘lgan. Yoki ikkinchi sabab ham bor - mashhur bo‘lish, ammo bu qandaydir zaiflikdir», degandi u.

21 avgust kuni Karayev Rim-katolik cherkovining Belarusdagi rahbari Tadeush Kondrusevich bilan uchrashgandi, keyinroq uni mamlakatga kiritmay qo‘yishdi.

«Ularning barcha sarlavhalari, mojaroli maqolalari va videolari ichki ishlar organlarini obro‘sizlantirishga qaratilgan. Jabrlangan militsionerlar haqida yozilmagan. Faqat so‘nggi bir kun ichida militsiya xodimlaridan bir nechasining ustiga avtomobil bilan yurib borilgan. Ular hozir og‘ir ahvolda gospitalda yotishibdi», deya shikoyat qilgandi vazir arxiyepiskopga.

Shu bilan birga, IIV OAVda va jabrlanuvchilar tomonidan aytilgan zo‘ravonlik holatlari haqidagi ma'lumotlarni rad etgan.

Oktabr oyi boshida YeI davlatlari Belarus hukumatining 40 nafar vakilini sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgandi. Lukashenko - bu ro‘yxatda yo‘q. Ichki ishlar vaziri esa ham YeIning, ham Amerikaning sanksiyalariga duchor bo‘lgan.

Mavzuga oid