Jahon | 12:39 / 04.11.2020
44844
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp: «Biz bu saylovlarni yutdik»

AQShning amaldagi prezidenti Donald Tramp Vashingtonda o‘z tarafdorlari oldida chiqish qilib, saylovlarda g‘alaba qozonganini aytdi.

«Biz katta bayramga tayyorlanyapmiz. Natijalar juda ajoyib. Yana takrorlayman, biz tantanaga hozirlanyapmiz. Ko‘z oldimizda bo‘layotgan voqealar juda ajoyib. Shu o‘rinda meni qo‘llaganlarni olqishlamoqchiman. Sizni qanday qilib olqishlamaslik mumkin?

Shu o‘rinda bizning ovozlarimizni o‘g‘irlashmoqchi bo‘lishayotganini aytmoqchiman. Biroq shtatlardagi farqning kattaligini qarang, respublikachilarning ovozini shunchaki olib qo‘yib bo‘lmaydi. Demokratlar bizga yeta olmaydi. Men g‘alabaga ishonyapman.

Biz o‘zimiz kutmagan shtatlarda yutdik, Pensilvaniyada g‘alaba qozonyapmiz, Jorjiya va Shimoliy Karolinada ham g‘olib bo‘ldik. Biz hatto Michigan, Viskonsinda g‘alaba qozonyapmiz. To‘g‘risi, bizga g‘alaba uchun bu shtatlardagi g‘alaba ham kerak emas.

Bilasizmi, men bu chiqishimda aslida g‘alabam haqida e'lon qilishim kerak edi, biroq ovozlarni sanash cho‘zilib ketdi. Bu saylovda katta firibgarlik bo‘lishi mumkin. Agar saylov uchastkalari yopilgach, ovozlar qabul qilinsa, bunday holatda Oliy sudga murojaat qilamiz. Biz bu saylovlarni yutdik», dedi Tramp Oq uyda chiqish qilar ekan.

So‘nggi prognozlarga ko‘ra, Jo Bayden oldinda bormoqda: 244-217. Biroq The Washington Post'ga ko‘ra, hisob 219 ga 213, Bayden foydasiga. Agar Tramp aytganidek Pensilvaniyada g‘alaba qozonsa, hisob uning foydasiga o‘zgarishi ham mumkin. AQSh prezidenti bo‘lish uchun esa 270 vakilning ovozi kerak.

Mavzuga oid