Fan-texnika | 18:32 / 09.11.2020
7437
2 daqiqa o‘qiladi

Millionlab Android-smartfonlarda ko‘plab saytlar ochilmay qolishi mumkin

Jurnalistlarning qayd etishicha, Android 7.0 va undan avvalgi operatsion versiyalar millionlab saytlarga kirish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi.

Foto: Getty Images

2021 yilda aksariyat Android-smartfonlarda ko‘plab saytlar ochilmay qolishi mumkin. Bu haqda Android Police nashri yozmoqda.

Nashrning yozishicha, gap dasturiy ta'minoti 2016 yildan buyon yangilanmayotgan smartfonlar haqida bormoqda. Muammo shundaki, 2021 yil kuzidan Let’s Encrypt xavfsizlik sertifikati va IdenTrust kompaniyasi o‘rtasidagi shartnoma muddati yakuniga yetadi. Ushbu standart Windows, macOS, Android va boshqa platformalarda joriy etilgan.

Let’s Encrypt saytida ma'lum qilinishicha, IdenTrust bilan shartnoma 2021 yil 1 sentyabrda tugaydi va shartnoma uzaytirilmaydi. Shu sababli xavfsizlik sertifikatiga ega bo‘lmagan brauzer va operatsion tizimlar Let’s Encrypt qo‘llab-quvvatlaydigan saytlarni ochmaydi.

Jurnalistlarning qayd etishicha, Android 7.0 va undan avvalgi operatsion versiyalar millionlab saytlarga kirish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi.

Ma'lumot berilishicha, eskirgan Android tizimida ishlaydigan smartfonlar bozorning 30 foizdan ortiq ulushini tashkil etadi. Let’s Encrypt sertifikatiga ega saytlar esa butun internet tarmog‘ida 30 foizga yaqin.

Mavzuga oid