Jahon | 17:58 / 09.11.2020
13729
2 daqiqa o‘qiladi

Putin AQSh prezidentini rasmiy natijalar e'lon qilingach tabriklaydi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin ovoz berish natijalari rasman e'lon qilinmaguncha AQShning saylangan prezidentini saylovlardagi g‘alabasi bilan tabriklamaydi. Bu haqda Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

«Putin AQShning saylangan prezidentini g‘alaba bilan tabriklashi haqidagi savolingizni oldindan bilgan holda, men quyidagilarni aytmoqchiman: biz saylov natijalarining rasmiy e'lon qilinishini kutish to‘g‘ri deb bilamiz», degan Peskov.

U to‘rt yil avval Putin Donald Trampni yakuniy natijalarni kutmasdan tabriklaganligi haqidagi savolga ham javob bergan.

«Farqi yaqqol ko‘rinib turibdi. Hozirda amaldagi prezident tomonidan e'lon qilingan muayyan huquqiy protseduralar bor. Shu sababli rasmiy e'lonni kutishni to‘g‘ri deb bilamiz», degan prezident matbuot kotibi.

U Kremldagilar AQShning yangi prezidenti bilan ikki tomonlama munosabatlarni normallashtirish bo‘yicha kelishuvga erishilishiga umid qilishlarini qo‘shimcha qilib o‘tgan.

«Eslatib o‘tishni istardimki, prezident Putin bir necha marta Amerika xalqining har qanday tanlovini hurmat qilishini aytgan, demak u AQShda kim prezidentlikka saylansa ham u bilan ishlashga tayyor», degan u.

7 noyabr kuni AQShdagi yetakchi nashrlar Jo Bayden Pensilvaniyada ham Trampni ortda qoldirgani, bu esa u AQShning yangi prezidenti bo‘lishi uchun yetarli ekani haqida xabar tarqatdi.

AQShning amaldagi prezidenti Donald Tramp esa mag‘lubiyatini tan olishdan bosh tortmoqda.

Bayden shanba kuniyoq saylangan prezident sifatida xalqqa murojaat qildi. Ko‘plab mamlakatlarning rahbarlari uni allaqachon AQSh prezidenti etib saylangani bilan tabriklagan. Xususan, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Yaponiya, Ukraina, Qozog‘iston va boshqa o‘nlab davlat rahbarlaridan tabriknomalar yo‘llangan.

Amerika prezidentligi saylovlarining yakuniy natijasi qachon e'lon qilinishi hozircha aniq emas. Saylovchilar hay'atining bu boradagi yig‘ilishi 14 dekabrga rejalashtirilgan, prezident inauguratsiyasi esa 2021 yilning 20 yanvarida bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid