Jamiyat | 19:37 / 13.11.2020
14805
3 daqiqa o‘qiladi

Opa-singil Do‘ltayevalarga ma'muriy qamoq qo‘llanishi sabablari ma'lum qilindi

Qarshi shahrida yashovchi opa-singil Dilafruz va Dilso‘z Do‘ltayeva viloyat hokimligi binosi oldida janjal ko‘tarishgani uchun qamoqqa olingan.

12 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda «Kun.uz’ga intervyu bergani uchun uch sutkaga qamaldi» sarlavhali xabar tarqaldi. Unda Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida yashovchi Dilafruz Do‘ltayeva va uning singlisi Dilso‘z Do‘ltayeva Qobil Do‘sov hamda Xalq ta'limi vazirligi o‘rtasidagi sud majlisidan keyin Kun.uz’ga intervyu bergani uchun Qashqadaryoga chaqirilib uch sutkaga qamab qo‘yilgani haqida gap ketadi.

3 noyabr kuni Chirchiq shahrida bo‘lib o‘tgan sud majlisidan so‘ng Dilafruz Do‘ltayeva Kun.uz muxbiriga intervyu beradi va davlat hokimiyati organlari va xalq ta'limi tizimi mansabdor shaxslariga nisbatan jiddiy ayblovlarni ilgari suradi. Biroq uning aytgan gaplari asosli bo‘lmagani sababli tahririyat tomonidan intervyuni efirga chiqarish maqsadga muvofiq emas, deb topilgan. Shuningdek, sud majlisi haqidagi xabarga ham uning gaplari kiritilmagan.

Qashqadaryo viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati rahbari Iroda Rasulova opa-singillarga ma'muriy qamoq jazosi qo‘llangani yuzasidan Kun.uz’ga ma'lumot berdi.

Uning aytishicha, 2020 yil 11 noyabr kuni soat 20:00larda Dilafruz va Dilso‘z Do‘ltayeva viloyat hokimligi binosida hokimlik mutasaddilari tomonidan qabul qilinadi hamda ularning murojaatlari eshitiladi. Ammo ular shu yerda baqir-chaqir qilib, janjal ko‘tarib, jamoat joyida uyatli so‘zlar bilan so‘kinib, tartibbuzarlik qilishadi. Xizmat vazifasini bajarayotgan IIB xodimlari tomonidan huquqbuzarlikni to‘xtatish talab qilinganida, ular xodimlarga qarshilik ko‘rsatib, jamoat tartibini buzib, mayda bezorilik sodir qilishadi. Shu sababli opa-singillarga nisbatan Qarshi shahar IIB tomonidan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, mazmunan ko‘rib chiqish uchun Qarshi shahar ma'muriy sudiga yuboriladi.  

Ma'muriy sudning 2020 yil 12 noyabrdagi qarori bilan Dilafruz Do‘ltayeva –MJtKning 41-moddasi, 183-moddasi va 194-moddasi 2-qismida, Dilso‘z Do‘ltayeva esa O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 183-moddasi va 194-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topilib, har ikkisiga ham 3 (uch) sutka ma'muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Mavzuga oid