O‘zbekiston | 16:26 / 20.11.2020
8658
7 daqiqa o‘qiladi

Senatorlar «Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish to‘g‘risida»gi qonunni ma'qullashdi

Ma'lum qilinishicha, 2019 yil va 2020 yilning 9 oyi davomida 720ta og‘ir, 207ta o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar fosh etilmasdan qolgan.

Oliy Majlis Senatining to‘qqizinchi yalpi majlisida senatorlar «Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqishdi.

Majlis davomida Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a'zosi Farhod Boqiyev qonun mazmun-mohiyati haqida gapirdi.

«2019 yil va 2020 yilning 9 oyi davomida 720ta og‘ir, 207ta o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar fosh etilmasdan qolgan. Bundan tashqari, birgina 2020 yilning 9 oyida 367ta bedarak yo‘qolgan fuqarolar topilmagan va 224ta noma'lum murdalarning shaxsi aniqlanmagan», dedi Farhod Boqiyev.

U bu qonun 50ga yaqin mamlakatda mavjudligini, DNK bazalari bilan ishlaydigan davlatlar borligi, mana shu davlatlarda 60 milliondan ortiq shaxslarning ma'lumotlar bazalari saqlanishini ta'kidlab o‘tdi.

«Genom axborotlar bazasi yordamida jinoyatlarni ochish mexanizmlarining joriy etilishi nisbatan murakkab, o‘ta og‘ir va ochilmagan jinoyatlarni ochishga imkon yaratish bilan birga qilmish uchun jazo muqarrarligini ta'minlaydi. Biror shaxs jinoyat qilish uchun qanchalik puxta reja qilmasin, sodir bo‘lgan joyda o‘zi xohlamagan holatda biologik materialni qoldiradi. Bu soch tolasi, qon dog‘i, ter dog‘i, so‘lak bo‘lishi mumkin. Mana shu qolgan biologik materialdan olingan genomga oid axborot o‘sha jinoyatning fosh etilishiga olib keladi», dedi Farhod Boqiyev.

Hozirda sodir etilayotgan og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar to‘liq fosh etilishi va jazo muqarrarligini ta'minlashni talab etadi. Bunda jinoyatchilar tomonidan hodisa joylarida o‘z izlarini qoldirmaslik maqsadida turli usullardan foydalanilmoqda.

Mazkur qonun qabul qilinishining ahamiyatli tomoni shundaki, ushbu sohaga zamonaviy usul va texnologiyalarni joriy etish alohida ahamiyat kasb etadi. O‘z navbatida, chet el tajribasi jinoyatchilik bilan kurashishda genom axboroti ma'lumotlar bazasi yordamida jinoyatlarni fosh etish muhim ahamiyat kasb etib, yuqori samara berayotganini ko‘rsatmoqda.

Hozirgi kunda jinoyat sodir etish usullari ham takomillashib bormoqda. Ularning asosiy maqsadi jinoyat sodir etilgan joyda qoldiriladigan izlarni minimallashtirishdan iborat bo‘lib, bu esa sodir etilgan jinoyatlarni ochish jarayonlarini qiyinlashtirmoqda. Genom axborot ma'lumotlar bazasi yordamida jinoyatlarni ochish mexanizmining joriy etilishi nisbatan murakkab, o‘ta og‘ir va ochilmagan jinoyatlarni ochishga imkon yaratish bilan birga qilmish uchun jazo muqarrarligini ta'minlaydi. 

Qonun bilan bir qator yangiliklar kiritilmoqda.

Xususan, qonunda biologik material, genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish, genomga oid axborot va unga ishlov berish, genomga oid axborotning yagona ma'lumotlar bazasi, odam DNKsining sud-biologik ekspertizasi shaxsning biologik qarindoshlari kabi tushunchalariga aniqlik kiritilmoqda. Shuni alohida ta'kidlash kerakki, qonunchilikka «Shaxsning biologik qarindoshlari» degan yangi tushuncha ham kirib keldi.

Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish doirasidagi vakolatli organlarning huquq va majburiyatlari belgilanmoqda. Genomga oid axborotlarning yagona ma'lumotlar bazasini yuritishni amalga oshiruvchi vakolatli davlat organi – O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hisoblanadi. Genomga oid axborot insonga tegishli bo‘lgan o‘ta nozik va muhim bo‘lgan konfedensial axborot bo‘lgani bois uning but saqlanishi va maxfiyligini ta'minlaydi.

Bundan tashqari, qonunga muvofiq Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish majburiy va ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi.

Majburiy – og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etishda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi sifatida jalb qilingan, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlik uchun hukm qilingan shaxslar, shuningdek, jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar, o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish va o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlik uchun hukm qilingan shaxslar.

Shuningdek, shaxsi aniqlanmagan shaxslarning tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov va sud jarayonida olingan biologik materiallari, tanib olinmagan murdalar (tana qoldiqlar, qismlari) ham majburiy ravishda amalga oshiriladi.

Ixtiyoriy – Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish O‘zbekiston fuqarolarining, chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning yozma arizalariga ko‘ra pulli asosda amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, bedarak yo‘qolgan shaxslarni qidirishga ko‘maklashish maqsadida ularning biologik qarindoshlari bepul asosda genom bo‘yicha ixtiyoriy ravishda davlat ro‘yxatiga olishdan o‘tishi mumkin. 

Qonun bilan Genomga oid axborotni olish, unga ishlov berish va uni muhofaza qilishning asosiy talablari belgilanmoqda.

Shuningdek, Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olingan axborotdan:

  • jinoyatlarning oldini olish, ularni ochish va tergov qilish, shuningdek, ularni sodir etgan shaxslarni fosh etish va aniqlash;
  • bedarak yo‘qolgan shaxslarni qidirish;
  • tanib olinmagan murdalarning (tana qoldiqlarining, qismlarining) shaxsini aniqlash;
  • biologik qarindoshlikni aniqlash maqsadida foydalaniladi.

Bu esa xalqaro huquq normalariga to‘la javob beradigan qonuniylik, insonparvarlik, maxfiylik prinsiplariga amal qilinishini ta'minlaydi.

Yana bir jihat. Biologik material va Genomga oid axborotni saqlash muddatlari va yo‘q qilib tashlashning tartiblari belgilanmoqda.

Agar shaxs o‘zining barcha biometrik ma'lumotlari qonuniylik asosida davlat ro‘yxatiga olinganligini his etsa va har qanday jinoiy qilmishi fosh etilishini oldindan anglab yetsa, aksariyat vaziyatlarda bu jinoyat qilishdan qaytaradi.

Majlisda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tezkor-qidiruv faoliyatida qonuniylik asosida shakllantirilgan fuqarolarning biometrik ma'lumotlari haqidagi ma'lumotlar bazasi mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamiyat va davlat xavfsizligini ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etishi ta'kidlandi.

Senatorlar tomonidan «Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ma'qullandi. Qonun 2023 yil 1 yanvardan e'tiboran kuchga kiradi.

Mavzuga oid