Jahon | 00:08 / 24.11.2020
13770
2 daqiqa o‘qiladi

General Motors texnik nosozlik sababli 6 millionta avtomobilini qaytarib olmoqda

AQShning General Motors (GM) avtokonserni o‘z avtomobillarida o‘rnatilgan Takata firmasining xavfsizlik yostiqchalarida nosozliklar bo‘lishi mumkinligi sababli 6 mlnta avtomobilini qaytarib olmoqda. 

Foto: Daniel Acker / Bloomberg via Getty Images

GM’da ta'kidlanishicha, kompaniya AQSh transport vazirligining Yo‘l xavfsizligi milliy boshqarmasi (NHTSA) talabini bajarmoqda. “Ilmiy ma'lumotlar va tekshiruvlar natijalariga ko‘ra mashinalarni qaytarib olishga zarurat yo‘q deb hisoblashimizga qaramay, NHTSA mashinalarda xavfsizlik yostiqchalarini almashtirishni talab qildi. Biz bundan norozimiz, biroq NHTSA qaroriga bo‘ysunamiz va barcha zarur choralarni ko‘ramiz”, deb ta'kidlab o‘tilgan kompaniyada. 

Avvalroq NHTSA GM’dan 6 mlntaga yaqin pikap va yo‘ltanlamaslarini qaytarib olishni talab qilgan. Ta'kidlanishicha, kompaniya bu bilan bog‘liq holda 1,2 mlrd dollarlik ziyon ko‘rishi mumkin.  

Yaponiyaning Takata kompaniyasi o‘zi ishlab chiqargan xavfsizlik yostiqchalaridagi muammolar sababli 2014 yilda mojaro markazida qolgandi. Kompaniyaning xavfsizlik yostiqchalari avtofalokat vaqtida to‘g‘ri ochilmay, yorilib ketishi yoki hattoki avtomobil ichidagi odamlarga metall bo‘laklari otishi mumkin bo‘lgan. Bunday ko‘ngilsiz hodisalar tufayli butun dunyoda kamida 23 kishi halok bo‘lgan, yuzlab odamlar jarohat olgan. Umumiy hisobda ushbu texnik nosozlik sababli turli markalarning 100 mlnga yaqin avtomobili qaytarib olingan, Takata esa 2017 yilda kasodga uchragan. 

Mavzuga oid