Ravshan Ermatov: «Hududlardagi 30 foizdan ortiq maktablarda sportzal yo‘q»
24 noyabr kuni Milliy matbuot markazida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov ishtirok etdi.
Ravshan Ermatov vazirlikning bu yil hisobida amalga oshirgan hamda kelgusi yilga mo‘ljallagan rejalari haqida gapirdi.
«Oldimizga qo‘yilgan talablardan biri – pandemiya davrida kasalliklarni sport orqali bartaraf etish. «Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 6099 sonli farmonining natijasi sifatida respublikamizning barcha shaharlarida «5 ming qadam yurish», «10 ming qadam yurish», sog‘lomlashtirish uchun mo‘ljallangan marafonlar, ularni estafeta shaklidan bir shahardan boshqa shaharga berilishiga guvoh bo‘lmoqdamiz.
Bundan tashqari, ommaviy sport musobaqalarini kengaytirishni rejalashtirganmiz. Futbol borasida «Charm to‘p», «Mahallada futbol», «Futbolimiz kelajagi» musobaqalari tashkil etildi, Shuningdek, minifutbol, yurish, yugurish, badminton kabi sport turlari bo‘yicha mahallalarda hokimiyatlar bilan birgalikda maydonchalar barpo etiladi va bu katta sport infrastrukturasini yaratib beradi. Bularning hammasi ommaviylikni oshirish uchun, sababi professional sportga ham ommaviylikdan chiqiladi», – dedi Ravshan Ermatov.
Vazir o‘rinbosari sportchilarni olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rishida jahon tajribasiga murojaat qilinishiga ham urg‘u berdi: «2022 yilda Xanjouda Osiyo o‘yinlari, 2024 yil Parijda olimpiada o‘yinlari o‘tkaziladi. Olimpiadaga tayyorgarlik ishlarini rezerv tariqasida hozirdan boshlashimiz kerak. Chunki 1-2 yil qolganda tayyorgarlikni boshlasak, kech qolgan bo‘lamiz. Xalqaro tajribaga qaraydigan bo‘lsak, ular sportchilarni yoshligidan seleksiya qilishadi hamda 10 yildan keyin keladigan musobaqalarga oldindan ochiq ro‘yxat qilib, sportchilarni har bir sport turi bo‘yicha tanlab olishadi.
Ular bilan 10 yil mobaynida tizimli ish olib boriladi. Biz ham xuddi shunday seleksiyani oldinroq qilib, sportchilarni oldinroq tayyorlab borishda xalqaro tajribadan unumli foydalanishni oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz», – dedi Ermatov.
Vazir o‘rinbosari Ravshan Ermatov umumta'lim maktablarining 30 foizidan ko‘prog‘ida sportzallar mavjud emasligini aytdi: «Viloyatlar hamda hududlarga chiqqanda umumta'lim maktablarining 30 foizidan ko‘prog‘ida sportzallari mavjud emasligiga guvoh bo‘ldik. Qishda bolalar qayerda sport bilan shug‘ullanishadi, degan savolga javob topish juda mushkul. Biz sport infrastrukturasi yo‘q hududlardan boshlab ro‘yxat tuzdik va ro‘yxatdagi hududlarda bosqichma-bosqich Qurilish vazirligi, hokimiyatlar bilan birgalikda sportzallar barpo etiladi», – dedi Ravshan Ermatov.
Mavzuga oid
10:25 / 12.12.2024
Maktablarda qishki ta’til 29 dekabrdan boshlanadi
14:47 / 04.12.2024
Germaniyada maktabga kechikkan o‘quvchilarga jarima solish boshlandi
13:56 / 04.12.2024
«Bir million dasturchi» loyihasida eng yaxshi natija ko‘rsatgan maktabga elektromobil beriladi
22:48 / 03.12.2024