O‘zbekiston | 22:25 / 26.11.2020
24338
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda murakkab firibgarlik jinoyatlari avjiga chiqyapti - Oliy sud sudyasi

«Bu nimaga arzon, nega bunchalik oson hal bo‘lyapti – fuqarolar masalaga shu tomondan qarashlari orqali firibgarlikning oldini olishlari mumkin», – deydi sudya Shamsiddin Tojiyev.

Toshkentda o‘tkazilayotgan ommaviy qabullar haftaligi doirasida, 25 noyabr kuni sud va huquq-tartibot idoralari mas'ullari ishtirokida sayyor qabul tashkil qilindi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, sayyor qabulda anchagina ko‘p odam yig‘ilgan. Shikoyatlarning asosiy qismi Oliy sud va Bosh prokuratura tizimiga to‘g‘ri keladi.

Oliy sud sudyasi Shamsiddin Tojiyev Oliy sudga shikoyatlar ko‘pligini izohlab, bularning aksari – fuqarolik, ma'muriy va iqtisodiy ishlar ekanini ta'kidladi. «Bu toifa ishlarda ikki taraf bor: bir taraf rozi bo‘lgani bilan, ikkinchi taraf norozi bo‘lishi tabiiy», – dedi u.

Oliy sud sudyasining so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda murakkab toifadagi firibgarlik jinoyatlari avjiga chiqyapti.

Oliy sud sudyasi Shamsiddin Tojiyev

«Ko‘p hollarda bunga fuqarolarimizning ishonuvchanligi sabab bo‘lmoqda. Firibgarlik jinoyatlarining oldini olish bo‘yicha choralar ko‘ramiz, lekin avvalo fuqarolarimiz o‘zlari har bir holatga ishonib ketavermasdan, qonuniy yo‘l tutishsa, bu jinoyatlarning oldini oladi.

Hozir avtomashina, uy oldi-sotdisi bilan bog‘liq firibgarliklar ko‘payyapti. Buning hammasi fuqaro masalani qonuniy yo‘l bilan hal etish chorasini ko‘rmay, osongina yo‘l bilan maqsadiga erishish harakatidan kelib chiqadi. Bu nimaga arzon, nega bunchalik oson hal bo‘lyapti – fuqarolar masalaga shu tomondan qarashlari orqali firibgarlikning oldini olishlari mumkin», – dedi sudya Shamsiddin Tojiyev.

Ma'lum qilinishicha, mazkur sayyor qabulda huquqni himoya qiluvchi idoralar tomonidan 414 nafar murojaatchining 431 ta masalasi ko‘rib chiqilgan. Ularning 86 tasiga shu yerning o‘zida yechim topilgan; 95 ta murojaat bo‘yicha huquqiy maslahat va tushuntirishlar berilgan; qolgan 250 ta murojaat yuzasidan aniq muddat va mas'ullar belgilangan.

Mavzuga oid