O‘zbekiston | 09:46 / 03.12.2020
20313
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoro tumaniga yangi hokim tasdiqlandi

Xalq deputatlari Buxoro tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Buxoro viloyati hokimligi xabar berdi.

Sessiyada so‘z olgan viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Botir Zaripov hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar xususida to‘xtaldi. 

Tumanda sektor rahbarlari biriktirilgan hududlarda ishlarni yetarli darajada tashkil qilmaganligi, prokuratura, ichki ishlar va davlat soliq idoralari rahbarlari sektor rahbari sifatida oldiga qo‘yilgan vazifalarni va mas'uliyatini tushunib yetmaganligi, o‘z hududidagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal qilishga to‘liq kirishmaganligi qayd etildi.

Tumanda kambag‘al oilalardagi 4 ming 564 nafar mehnatga layoqatli ishsiz fuqarolarning 4 ming 503 nafari yoki 98,7 foizining bandligi ta'minlangan bo‘lsa-da, ularning 3 ming 279 nafari yoki jami bandlikning 72,8 foizi doimiy ish joyi bo‘lmagan jamoatchilik va o‘zini o‘zi band qilish yo‘nalishlariga joylashtirilib, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lgan Investitsiya hamda qurilish kompleksi yo‘nalishlarida kambag‘al fuqarolarning bandligini ta'minlash ishlari qoniqarsiz tashkil etilgani ma'lum qilindi.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Ayni paytga qadar "G‘ijduvon" EIZ rahbari vazifasida ishlab kelgan Xayrullo Jo‘rayev Buxoro tumani hokimi etib tasdiqlandi.

Tumanning sobiq hokimi Qahramon Do‘stov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi.

Eslatib o‘tamiz, 24 noyabr kuni prezident tadbirkorlikni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda Buxoro viloyatining Jondor va Buxoro tumanlari hamda Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumani rahbarlarini ishdan olish masalasini qo‘ygandi.

Mavzuga oid