O‘zbekiston | 21:18 / 09.12.2020
19684
3 daqiqa o‘qiladi

Sog‘liqni saqlash sohasidagi korrupsiya: yechim qayerda?

Kun.uz o‘tgan hafta «Sog‘lom hayot» ruknida Toshkentdagi Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish instituti shifokorlari qancha maosh olishi haqida video e’lon qilgan edi. Videoda oliy toifali shifokorlar 1,8 mln so‘m oylik olayotganini aytishadi.

Masala birmuncha muhokamalarga sabab bo‘lganidan kelib chiqib, «Kun. Munosabat» ruknining navbatdagi soni ushbu mavzuga bag‘ishlandi. Unda muallif shifokor-jurnalist Abror Zohidov bilan sog‘liqni saqlash sohasi, xususan korrupsiya va oyliklar masalasida o‘z munosabatini bildirdi.

«Shifokor pora olmasligi uchun qancha miqdorda maosh olishi lozim, degan savolga aniq-tiniq javob yo‘q. Bizda hozir shunday illatli doira shakllanganki, siz qaysi pozitsiyadan boqishingizga qarab, javob o‘zgaraveradi. Illatli doira: odamlar shifokorlarni yomonlaydi, ular poraxo‘r va bilimsiz, deya. Shifokorlar esa mavjud tizimni yomonlaydi, e’tibor yo‘q, pora olishga majburmiz, deya.

Lekin bunday davom etishi mumkin emas. Bu halqa qachondir uzilishi kerak, yechim topish kerak. Qachondir muammolarga barham berilishi, xalq tizimdan rozi bo‘lishi, sifatli tibbiy xizmat olishi lozim. Buning asosiy yo‘llaridan biri, dastlabki qadam – ularning maoshlarini oshirish kerak.

To‘g‘ri, hamma ham yaxshi maosh olishni, yaxshi yashashni istaydi. Lekin aynan shifokor va o‘qituvchilar bunga birinchilardan bo‘lib yetishlari lozim. 1000 dollar degan so‘z davlat rahbari tomonidan aytildi. Bu soha vakillarida umid uyg‘otdi, ularning kayfiyatini ko‘tardi, go‘yoki birdan ularga shu miqdordagi maosh beriladigandek. Yo‘q, bu birdaniga bo‘ladigan ish emas.

Shifokorlar pora olishadi, busiz iloji yo‘qdek. Bir masalaga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Biz asosan pora olishga qodir shifokorlar bilan ko‘proq to‘qnash kelamiz, lekin ishoning, soha vakillari orasida kunini arang ko‘rib yurganlar ko‘pchilikni tashkil qiladi: hududlardagi vrachlar, hamshiralar, umumiy amaliyot shifokorlari... Ular mol-hol boqib, boshqa qo‘shimcha ishlar qilibgina amal-taqal qilib, tirikchilik qilyapti», – deydi u.

Abror Zohidov xususiy klinikalar, bepul ijtimoiy tibbiyot, tibbiy sug‘urta, shifokorlarning maoshlar, sobiq ittifoqdan qolgan eskirgan tizim, sohani yangi va sifatli bosqichga olib chiqish borasidagi fikrlari bilan ham o‘rtoqlashdi.

«Kun. Munosabat» rukni turli mavzularda Kun.uz jurnalistlari fikrlari va munosabatini bildirish uchun ochilgan platforma ekanini zakiy mushtariy tushunib olgan, degan umiddamiz. Shuningdek, ruknda turfa soha vakillari ham u yoki bu masalaga o‘z munosabatlari bilan chiqishlari mumkin.

Mavzuga oid