Sport | 19:52 / 13.12.2020
4799
2 daqiqa o‘qiladi

«Borussiya» Lyusen Favrni iste'foga chiqardi

Dortmundning «Borussiya» klubi bosh murabbiyi Lyusen Favr o‘z lavozimini tark etdi. Bu haqda klub rasmiy sayti xabar bergan.

Bundesliga 11-turi doirasida Dortmund klubi o‘z maydonida «Shtutgart»ga qarshi o‘yinda 1:5 hisobida mag‘lubiyatga uchragach, shveysariyalik mutaxassis bosh murabbiylikdan iste'foga chiqarilgan. Mutaxassis o‘yindan keyin ushbu mag‘lubiyatni «inqiroz» deb izohlagandi.

Klub rasmiy saytida e'lon qilinishicha, shu kungacha «Borussiya» bosh murabbiyi yordamchisi sifatida ishlab kelgan Edin Terzich joriy mavsum yakuniga qadar bosh murabbiy vazifasini bajaruvchi sifatida faoliyat yuritadi. Bungacha klub yoshlar murabbiyi sifatida ishlagan Sebastyan Geppet va Otto Ado Terzichga yordam berishadi.

Ma'lumot uchun, Dortmund klubi Bundesliga 11-turidan keyin 19 ochko jamg‘argan holda 5-o‘rinda bormoqda. Jamoa ligada ketma-ket uch o‘yinda g‘alaba qozona olmayapti – 2 mag‘lubiyat va 1 durang. Klub YeChLda guruhda 1-o‘rinni qo‘lga kiritib, pley-off bosqichiga yo‘llanma olgan.

Mavzuga oid