O‘zbekiston | 18:40 / 14.12.2020
118670
9 daqiqa o‘qiladi

Buxoro shahar prokurori voqeasi: ziddiyatga eltgan sabablar

Buxoro shahri prokurori Jasur Fozilov (ayni paytda u vazifasidan vaqtincha chetlatilgan) ijtimoiy tarmoqlar orqali davlat rahbariga va Prezident Administratsiyasi rahbariga murojaat qilib, Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev va prokuraturaning boshqa xodimlari ustidan shikoyat qilgan, ayrim ayblovlarni ilgari surgan.

«Hurmatli bosh prokurorimiz va uning uchta xodimi tomonidan qilinayotgan jinoyatlar haqida aytib bermoqchiman», — degan edi Jasur Fozilov o‘z murojaatnomasida.

Bosh prokuratura Axborot xizmatining bayonotiga ko‘ra, idora tomonidan Buxoro shahridagi tadbirkorning (ismi ochiqlanmagan) Buxoro shahar prokurori J.Fozilovning noqonuniy xatti-harakatlari haqidagi arizasi tekshirilmoqda.

Buxoro shahar prokuraturasi

Arizasida u shahar prokurori J.Fozilovning tazyiqi bilan Buxoro shahrida qurgan yirik savdo majmuasidan 1 kv.metrining haqiqiy narxi 20 mln so‘m bo‘lgan savdo do‘konini unga 5 mln so‘mdan sotganligini, oradan bir yil o‘tib, ya'ni 2020 yil oktyabr oyida shu narxdan yana bitta do‘konni sotishini talab qilganligini, rad javobini berganligi uchun J.Fozilov uni tergovga chaqirib, javobgar qilish bilan qo‘rqitayotganligini bildirgan.

Ushbu holat bo‘yicha J.Fozilovga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlanib, tekshiruvning xolisona va adolatli o‘tkazilishini ta'minlash, ish holatlariga to‘liq oydinlik kiritish, har qanday aralashuv va ta'sirlarning oldini olish maqsadida u 2020 yil 2 dekabr kuni xizmat vazifalarini bajarishdan vaqtincha ozod qilingan.

Ijtimoiy tarmoq orqali chiqish qilgan J.Fozilov bu mashmashalar 10 mlrd so‘m soliqni yashirgan tadbirkorga nisbatan Jinoyat kodeksining 184-moddasi (soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash)ga asosan ish qo‘zg‘atish bilan bog‘liqligini ma'lum qilgan.

Buxoro shahri prokurori J.Fozilov. Foto: «Daryo»

J.Fozilov Soliqni to‘lashdan bo‘yin tovlab yurgan tadbirkorlar Bosh prokuror N.Yo‘ldoshev bilan tanish ekanligi, uni orqa qilib faoliyat ko‘rsatishganini iddao qilgan.

«Mustahkam qurilish development» kompaniyasi rahbari Z.J. hamda yirik tadbirkor A.K.ga nisbatan olib borayotgan xatti-harakatim o‘z joyida to‘xtatib qo‘yildi. Bu shunchalik tez sodir bo‘ldiki, hatto bo‘ynimga menga daxli yo‘q ishlarni ilishga urinishmoqda», — degan u «Daryo» muxbiriga bergan intervyusida (arxiv).

J.Fozilovning o‘zi guvohlik berishicha, unga nisbatan Buxoro shahridagi bir nechta do‘konlarni qo‘lga kiritish ayblovi ham qo‘yilmoqda. Jumladan, u do‘konlarni o‘z haydovchisi va qarindoshlari nomiga rasmiylashtirganligi gumon qilinmoqda.

«Haydovchim Bahodir Hamroqulov, bilishimcha, 2000–2001 yillardan buyon tadbirkorlik qilib keladi. Men esa Buxoroda o‘z xizmat vazifamni 2014 yilda boshlaganman. Go‘yoki haydovchimga tegishli tadbirkorlik sub'yekti ham meniki ekan. Undan ham ishdan bo‘shash to‘g‘risidagi arizasini olishibdi», — degan prokuror.

J.Fozilov bevosita o‘ziga tegishli do‘konlar ham borligini tan olishini aytib o‘tgan.

«To‘g‘ri, bosh vazirning sobiq o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev hamda Buxoro viloyati sobiq hokimi Karim Kamolovning tavsiyasi bilan Buxoro Markaziy bozoridan bizga tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishimiz uchun bino ajratib berildi.

Bu, albatta, qonunan mumkin emas, shu bois ham o‘z nomimga o‘tkazmadim. Buni tan olaman va tan olganman ham. Agar xatti-harakatlarimda jinoyat alomatlari topilsa, qonun oldida javob berishdan qo‘rqmayman. Biroq, «yuqoridagi»lar va ularga aloqador shaxslarning sirlari fosh etilishiga, adolat qaror topishiga ishonaman», — degan Jasur Fozilov.

Buxoro markaziy bozori

«Viloyat rahbari [O‘ktam Barnoyev] quringlar, deb, qo‘llab-quvvatladi. Ammo u yerda bir o‘zim emas, aka-ukalarim, yaqin birodarlarim pul yig‘ib, do‘konni tikladik», — degan u.

Eslatib o‘tamiz: Buxoro shahridagi Markaziy bozor darvozasi oldidan boshqa tadbirkorlarga xalaqit beradigan qilib barpo etilayotgan yangi do‘konlar masalasini Kun.uz o‘rgangan va buxorolik mutasaddilardan tayinli javob ololmagan edi.

2019 yil boshi. Buxoro markaziy bozorida do‘kon barpo etish ishlari

Shuningdek, J.Fozilov barpo etilgan yangi savdo majmuasidan arzonroqqa do‘kon berishni talab qilgani iddao qilinayotgan sobiq «Dilkusho» bozoridagi mashmashalar haqida ham Kun.uz jurnalistik tekshiruv o‘tkazgan edi.

«Aslida bu ishlar ortida hali qurilishi to‘liq tugallanmagan va foydalanishga topshirilmagan «Dilkusho» bozoridagi qonun buzilishlarga sabab bo‘layotgan holatlarni fosh etishga kirishganim kimlargadir yoqmagani va qarshilar borligini isbotlab qo‘ydi», — degan J.Fozilov

2018 yil. «Dilkusho» bozorining buzilishidan norozi fuqarolar

Alohida qayd etib o‘tish kerak, J.Fozilov o‘zining ilk murojaatnomasida buzilgan bozorda faoliyat ko‘rsatgan tadbirkorlarni laqillatib kelishayotgani, ularga va'da qilingan do‘konlar allaqachon qimmatroqqa sotib yuborilgani, ulardan asossiz qo‘shimcha pullar undirilayotgani, hali katta janjal kelib chiqishini ta'kidlagan.

Sobiq «Dilkusho» bozori o‘rnida qad rostlagan Buxoro savdo majmuasi

J.Fozilov Buxoro shahridagi 52-maktabgacha ta'lim tashkiloti binosini tiklagan firmani ham unga tegishli deb tirkashayotganidan taajjublanishini aytgan.

«Binoni tiklagan «Vobkent maxsus qurilish servis» rahbari, tadbirkor Baxtiyor Aslonovga tegishli korxona ham menga tegishli ekan. Bular juda achinarli ayblovlar emasmi?! Tadbirkor ukalarim ham o‘zlariga shaxsan tegishli sub'yektlar uchun kun bo‘yi tergov eshiklarida o‘tirishdi. Ularning ham faoliyatiga mening hech qanday aloqadorligim yo‘q», — degan J.Fozilov.

O‘z murojaatida J.Fozilov 52-bog‘chaning rekonstruksiya jarayoniga homiylarni jalb etganini tan olgan. Kun.uz muxbirining surishtirishicha, nimagadir 52-MTT joylashgan hudud prokurorga qarashli II sektorda emas, DSIga qarashli IV sektor hududida joylashgan. 2019 yil davomida rekonstruksiya qilingan bu bog‘cha shu yilning yanvarida ish boshlagan.

MTT mudirasi Ra'no G‘aniyevaning ma'lum qilishicha, 5 mlrd so‘mlik smeta asosida «Vobkent maxsus qurilish servis» korxonasi tomonidan qurilish-rekonstruksiya ishlari sifatli bajarilgan. Yangi oshxona binosi qurilgan, qolgan joylar rekonstruksiya qilingan. Yana 1 yil davomida joriy ta'mirlanishi lozim bo‘lgan joylarda ishlar shartnomada belgilangan muddatga ko‘ra amalga oshirilmoqda ekan.

Buxoro viloyat maktabgacha ta'lim boshqarmasining ma'lumotiga ko‘ra, bog‘chani rekonstruksiya qilishda buyurtmachi viloyat MTB emas, viloyat hokimligi huzuridagi Yagona buyurtmachi injiniring kompaniyasi bo‘lgan.

Buxoro shahridagi 52-maktabgacha ta'lim tashkiloti

J.Fozilovning «Daryo» nashriga bildirishicha, Bosh prokuratura huzuridagi inspeksiya xodimi M.T. xizmat xonasida unga qarata: «Qo‘llab-quvvatlovchilaringiz ketdi, endi nima qila olasiz?!», degan. Jasur Fozilov esa muxbir qarshisida viloyatning sobiq va marhum ikki rahbarini tilga olib, «agar ular hayot bo‘lganida, bosh prokuror Buxoroga yaqinlasha olmagan bo‘lardi», deb ta'kidlagan.

Buxoro shahar prokurori J.Fozilov o‘ziga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazayotganlarning chaqiruvlaridan bosh tortayotganini tan olar ekan, chaqiruvga adolat qaror topishi uchun advokat, jurnalist va blogerlar bilan birga borishini aytdi. U aybi bo‘lsa, javob berishga tayyorligini, faqat adolat bo‘lishi lozimligini qayta-qayta takrorlagan.

«Ijtimoiy tarmoqlarda menga nisbatan «do‘ppi tor kelgani uchun chiqish qildi», degan munosabatlar ham bildirilmoqda. Yo‘q, men hozirgi holat bo‘yicha tekshiruvni faqat Prezident Administratsiyasi o‘tkazishini, menga nisbatan nohaqliklar bo‘lmasligini, barchasi adolat mezonlari asosida ko‘rib chiqilishini istayman xolos», — degan Jasur Fozilov.

Shuhrat Shokirjonov tayyorladi.

Mavzuga oid