Jahon | 10:31 / 25.12.2020
21999
8 daqiqa o‘qiladi

«Breksit tarixga aylandi»: Britaniya va Yevropa Ittifoqi nihoyat kelishdi

Britaniya va Yevropa Ittifoqi breksit borasidagi muzokaralarda kelishuvga erishdi. Tomonlar ko‘pchilik xavotir olayotgan keskin breksitdan qutulib qoldi.

Keskin breksitga ko‘ra, tomonlar bir to‘xtamga kela olmasa, Britaniya 31 dekabr kuni Yevropa Ittifoqidan hech qanday kelishuvsiz chiqib ketishi kerak edi. Bu esa ko‘plab sudlar va har ikki tomon uchun katta zarar ko‘rinishida muammolar keltirib chiqarardi. Mishel Barne va Devid Frost boshchiligidagi guruh nihoyat 31 dekabrdan keyin YeI va Britaniya o‘rtasidagi savdo aloqalari, umuman, ikki tomonlama manfaatli munosabatlar qanday bo‘lishi borasida muzokaralarni muvaffaqiyatli yakunlashdi.

668 milliard funtni boshqaruvchi kelishuv

«2016 yilgi referendum vaqti britaniyaliklarga taklif qilingan barcha va'dalar ushbu kelishuvda amalga oshirildi. Biz pullarimiz, chegaralarimiz, qonunlarimiz, savdomiz va balig‘i bor suvlarimiz ustidan nazoratni qaytib oldik. Biz Yevropa Ittifoqi tarixidagi ilk to‘lovi bo‘lmagan tarifga va kvotaga ega shartnomani imzoladik. Bu ikki tomonlama shartnoma 2019 yilda 668 milliard funtni tashkil etgan yirik savdo aylanmasini nazorat qiladi», deyiladi qirollik hukumati bayonotida.

«Breksit tarixga aylanib, ishlashda davom etishimiz kerak»

Bryusselda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen xonim kelishuvni halol va har jihatni hisobga oluvchi deb atadi. Yevrokomissiya rahbari bu ishni tezroq tugatib, kelajakka qarash kerakligini, Britaniya ittifoqning ishonchli hamkori bo‘lib qolishini aytgan.

«Bugun tanamda yengillik tuydim. Qiyin kunlarni boshdan o‘tkazayotgan britaniyalik do‘stlarimizga shunday demoqchiman: ayriliq qayg‘u, lekin uning to‘liq amalga oshishi o‘z navbatida shirin ham. Yevropaliklarga esa breksit endi tarixga aylanganini aytmoqchiman. Bizning kelajagimiz Yevropada.

Keyingi to‘rt yilda Yevropa Ittifoqi birdamligini saqlab qolish, Irlandiya orolidagi muvozanatni saqlash, inson huquqlarini ta'minlash, bozorlarning birdamligini saqlash va Britaniya bilan yangi hamkorlikni yaratish kabi ishlarni amalga oshirishimiz kerak. Hammaga rahmat», degan Ursula fon der Lyayyen matbuot anjumanidagi ta'sirli chiqishi davomida.

Yevrokomissiya rahbarining aytishicha, muzokaralar vaqtida keskin breksit 450 million yevropalikdan ko‘ra, 66 million britaniyalik uchun zararliroq bo‘lishini inobatga olgan holda o‘tkazilgan. Kelishuvda tomonlar yagona bozorda sog‘lom raqobatni amalga oshirishi va bu kelishuv ortidan qandaydir ustunlikka ega bo‘lmasligi ta'minlangan.

Muzokaralarda YeI delegatsiyasi rahbari sifatida qatnashgan Mishel Barne bu yutuqqa erishish uchun jamoalar to‘rt yil davomida sa'y-harakat qilganini e'tirof etdi

Yana biroz byurokratik tasdiqlovlar kerak

Britaniya yil boshida Yevropa Ittifoqidan chiqib ketish bo‘yicha qaror qabul qilgan bo‘lsa-da, jarayonning byurokratik jihatlari mana, bir yilni qaritdi. Kecha tomonlar hal qiluvchi kelishuvga erishishlari kerak edi va mavjud variantlar ichida eng yaxshisi tanlandi. Ha, yanvarda Britaniya Yevropa Ittifoqidan chiqib ketish borasida qaror qabul qilgan bo‘lsa-da, jarayon qay yo‘sinda amalga oshirilishi hal qilinmagandi.

Ana endi kelishuvni Yevropa Ittifoqi a'zolari, Yevropa Kengashi va Britaniya parlamenti tasdiqlashi kerak. Shundan so‘ng Buyuk Britaniya 31 dekabr kuni rasman Yevropa Ittifoqidan chiqib ketadi.

Britaniya delegatsiyasi Yevropa Ittifoqidagi muzokaralarda ba'zi detallar bo‘yicha kelishuvga erisha olmagandi. Shu sabab, Britaniya bosh vaziri Boris Jonson va YeI raisi Ursula fon der Lyayyen oxirgi kunlarda bu detallarni telefon orqali muhokama qilib, bir qarorga kelishdi.

Kelishilishi kerak bo‘lgan asosiy masalalar savdo-sotiq, transport aylanmasi, baliqchilik, energetika va xavfsizlik masalalari edi. Ayniqsa savdo borasidagi kelishuv juda muhim hisoblanardi. Agar tomonlar bu borada kelisha olmasalar, 1 yanvardan Britaniya va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi savdo aylanmasida muammolar kelib chiqardi. Chunki breksit borasida kelishuv bo‘lmay qolsa, Jahon savdo tashkiloti standartlari amalga kirardi. Ya'ni savdo hajmida o‘ziga xos cheklovlar bo‘lardi. Bu esa tadbirkorlarga limit ko‘rinishidagi ko‘plab muammolarni keltirib chiqarardi. Shu sabab keskin breksitning sodir bo‘lmagani, ayniqsa, Britaniya va Yevropa Ittifoqi hududidagi savdogarlar uchun juda yaxshi yangilik bo‘ldi. Umuman, bunday keskin chiqish Britaniya bozoridagi narxlarning oyog‘ini osmondan qilib yuborgan bo‘lardi.

Muzokaralar vaqtida Yevropa Ittifoqi siyosiy ma'noda qaysarlik qilib, ba'zi talablarni ilgari surishga majbur edi. Masalan, davlat subsidiyalari, mehnat muhofazasi, ishlab chiqarishning texnologik va ekologik talablari bo‘yicha. Bu Britaniya korxonalari savdo aloqalari vaqtida qandaydir ustunlikka erishmasligi uchun zarur edi. Chunki tomonlardan birining qo‘shimcha ustunlikka ega bo‘lishi raqobat muhitini buzadi.

So‘nggi haftalarda Boris Jonson har kuni Ursula fon der Lyayyen bilan soatlab muloqot qilishiga to‘g‘ri keldi

Baliqchilar uchun yaxshi yangilik

Shuningdek, baliqchilik masalasi ham uzoq vaqt muhokama qilindi. Natijada Yevropa Ittifoqi davlatlaridagi baliqchilar dengizdagi Britaniya suvlari hududida o‘tish davri hisoblangan yana 5,5 yil davomida baliq ovlash huquqini saqlab qoldi. Bu baliqchilik bilan shug‘ullanuvchi o‘ziga xos o‘rta qatlam uchun yaxshi yangilik bo‘ldi.

Biznes bo‘yicha tomonlar bosqichma-bosqich muzokaralar o‘tkazishdi. Bu borada detallar aniq emas va bir necha yuz sahifadan iborat kelishuvni hozircha faqat ishtirokchilargina o‘qib chiqqan. Biroq OAV Mishel Barnening (muzokaralarda qatnashgan fransiyalik konservator) gaplaridan tomonlar boshida qayd etilganidek Britaniya Yevropa Ittifoqining talablariga avtomatik bo‘ysunishi borasida kelishuvga erishmagan. Buning o‘rniga o‘ziga xos «reaktiv mexanizm» bo‘yicha kelishuv imzolangan. Unda qiziq band bor: tomonlardan biri o‘z firmalari subsidiya berish yoki qandaydir imtiyoz orqali raqobatda ustunlikka erishishini ta'minlasa, qarshi tomon bunga qo‘shimcha boj kiritish orqali javob berish imkoniga ega bo‘ladi.

Eng asosiysi

Kelishuvlardagi eng asosiy fakt shuki, Britaniya va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida hech qanday bojsiz savdo aloqalari davom etadi. Biroq breksitdan keyin tabiiyki hammasi oldingidek qolmaydi. 1 yanvardan o‘rtada ortiqcha vaqt va pul oluvchi bojxona tekshiruvlari boshlanadi.

Tomonlar Yevropa Ittifoqidagi barcha parlamentlar breksitni ratifikatsiya qiladigan muddatni allaqachon o‘tkazib yuborishdi. Endi faqat bitta yo‘l qoldi – kelishuvni Yevroparlament ratifikatsiya qilishi. Biroq kelishuv bo‘yicha hujjat yakshanba kunigacha tayyor bo‘lmasa, Yevroparlament ham uni ratifikatsiya qilishga ulgurmaydi.

Bunday vaqtda Yevropa Ittifoqi to‘g‘risidagi kelishuvning 218-moddasi 5-qismi yordamga keladi. Unga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi a'zo davlatlarning eng oliy tashkiloti sifatida xalqaro kelishuvni tasdiqlashi va uning a'zolar tomonidan ratifikatsiya qilinishini ortga surishi mumkin. Katta ehtimol bilan breksit masalasida mana shu yo‘l tutiladi. Biroq bu uchun ham tomonlar shoshilishlari kerak. Agar tegishli hujjat Britaniyada Rojdestvo kirguncha tayyor bo‘lmasa, qirollikning 1 yanvardan YeIni tark etishi yana amalga oshmay qolishi mumkin.

Mavzuga oid