Shavkat Mirziyoyev Ko‘ksaroyda davlat mukofotlarini topshirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning qator farmonlariga muvofiq, mustaqilligimizning 29 yilligi arafasida bir guruh yurtdoshlarimiz faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlangan edi. Bugun, 28 dekabr kuni Ko‘ksaroyda mukofotlarni topshirish marosimi bo‘ldi.
Davlat rahbari mukofotlanganlarni tabriklab, ularga o‘zining yuksak ehtiromini bildirdi.
«Biz keyingi yillarda yaxshi an'anani yo‘lga qo‘yib, yurtdoshlarimizga mukofotlarni bayram kunida topshirib kelayotgan edik. Afsuski, bu yilgi pandemiya sharoitida odamlarimizning sog‘lig‘ini asrash uchun ushbu xayrli tadbirni biroz keyinga surishga to‘g‘ri keldi. Ezgulikning kechi yo‘q, deydilar. Nasib etgan ekan, mana bugun sizlar bilan Yangi yil bayrami arafasida yuzma-yuz ko‘rishib, diydorlashib turibmiz», – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Hayotda xursandchilik bilan turli sinov va qiyinchiliklar yonma-yon yuradi. Bu yil koronavirus pandemiyasi butun insoniyat boshiga katta tashvishlar soldi. Xalqimiz bu kasallikka qarshi kurashish bilan birga boshqa sinovlarga ham duch keldi. Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida kutilmagan ofatlar ro‘y berdi.
«El-yurtimiz bu muammolar qarshisida sarosimaga tushib qolgani yo‘q. Aksincha, qiyinchiliklar bizni yanada birlashtirdi, bir-birimizga mehrimiz ortdi. Murakkab vaziyatga qaramasdan, ko‘pni ko‘rgan, azmu shijoatli xalqimizning fidokorona mehnati bilan bu sinovlarni mardona yengib o‘tyapmiz. Baraka hamjihatlikda, degan gap hayotimizda yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi. Pandemiya va global inqiroz oqibatlarini kamaytirish bo‘yicha ko‘rayotgan chora-tadbirlarimiz o‘z samarasini beryapti», – dedi prezident.
Aholi sog‘lig‘ini asrash, iqtisodiyotni rivojlantirish va bunyodkorlik ishlari jadal davom etayotgani ta'kidlandi. Yuqori texnologiyalarga asoslangan zamonaviy korxonalar, yangi transport tizimlari barpo etilmoqda. Birgina shu oyda Toshkent metallurgiya zavodi, yangi metro yo‘nalishi ishga tushirildi. Joriy yilda poytaxtimizda Bolalar milliy tibbiyot markazi, G‘alaba bog‘i, Adiblar xiyoboni bunyod etildi. Barcha viloyat va tumanlarda zamonaviy uy-joylar, yo‘l va ko‘priklar, yangi-yangi bog‘chalar, maktablar, madaniyat va san'at hamda sport maskanlari qad rostlamoqda.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng yo‘l ochilmoqda. Davlat dasturlari asosida shahar va qishloqlarimiz, yurtimiz qiyofasi tobora obod bo‘lib bormoqda. Mirishkor dehqon va fermerlarimiz paxta, g‘alla va boshqa ekinlardan mo‘l hosil yetishtirdilar.
«Biz bugungi natijalarga erishish uchun pandemiya sharoitida – g‘oyat murakkab bir vaziyatda ish olib bordik. Buning uchun 2-3 karra ko‘proq mehnat qilishga, izlanish, yangi imkoniyat va resurslarni qidirib topishga to‘g‘ri keldi. Avvalo, fidoyi shifokorlarimiz o‘z jonini garovga qo‘yib, xalqimiz sog‘lig‘ini asrash uchun beqiyos jasorat va matonat ko‘rsatdilar. Bu borada Qurolli Kuchlar, Milliy gvardiya, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirligi mard va jasur xodimlarining xizmatlarini alohida qadrlaymiz. Ayni vaqtda, bunyodkor quruvchilar, saxovatli tadbirkorlar, mahalla faollari, muhtaram nuroniylarimiz, navqiron yoshlarimiz, ilm-fan, madaniyat va sport sohasi vakillari el-yurtimizga haqiqiy tayanch va suyanch bo‘lib maydonga chiqdilar. Har qanday sinovni birdamlik bilan yengib o‘tadigan xalqimiz mana shunday og‘ir kunlarda qudratli kuchga aylandi. Fursatdan foydalanib, sabr-matonatli, zahmatkash, olijanob va fidoyi xalqimizga, uning buyuk qahramonligi uchun yana bir bor bosh egib, ta'zim qilaman», – dedi Shavkat Mirziyoyev.
«Dunyoda inson o‘zini qachon baxtli deb biladi? Buyuklik nimada? Elga halol, pok mehnat qilib, natijasi mana shunday mukofot bo‘lganda. Bu yerda o‘tirganlar bugungi kunning qahramonlari, mardona xalqimizning buyuk vakillari», – deya ta'kidladi prezident.
Yurtdoshlarimizning fidokorona xizmatlarini munosib e'tirof etish maqsadida bu yil «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan geolog» faxriy unvoni, «Oliy Darajali Do‘stlik», birinchi va ikkinchi darajali «Salomatlik» hamda «Faxriy murabbiy» ordenlari, «Sog‘lom turmush» medali kabi yangi davlat mukofotlari ta'sis etildi.
Bundan tashqari, «Mehr-saxovat» ko‘krak nishoni joriy qilinib, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlashga hissa qo‘shgan qariyb 25 ming vatandoshimiz ushbu mukofot bilan taqdirlandi.
Ayni kunlarda joylarda yuzlab hamyurtlarimizga ana shu faxriy unvon, orden va medallar tantanali ravishda topshirildi.
Davlat rahbari mukofotlangan barcha vatandoshlarimizga yig‘ilganlar nomidan tabrik yo‘lladi.
Shundan so‘ng mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.
Ma'lumki, O‘qituvchi va murabbiylar bayrami arafasida jadidchilik harakati namoyandalari – Abdulla Avloniy, Mahmudxo‘ja Behbudiy va Munavvarqori Abdurashidxonov «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlangan edi.
Marosim avvalida ana shu mukofotlar ma'rifatparvar bobolarimizning nevaralariga topshirildi. Bunday ehtirom ulug‘ ajdodlarimizning o‘lmas merosi bugungi kunda ham qadrli ekanidan, xalqimizga beqiyos ma'naviy kuch bag‘ishlab kelayotganidan dalolat beradi. Ayni vaqtda, el-yurtimizning milliy uyg‘onish va taraqqiyotga intilishi barqaror ekanini namoyon etadi.
Shuningdek, tibbiyot, iqtisodiyot, fan, ta'lim, adabiyot va boshqa sohalar namoyandalari, davlat va jamoat ishlari faollariga mukofotlar topshirildi. Samarali faoliyati, vatanparvarligi va tashabbuskorligi bilan yoshlarga ibrat bo‘layotgani uchun Prezident ularga minnatdorlik bildirib, ezgu tilaklarini izhor etdi.
«Hammamiz bugun yaxshi orzular va ulug‘ maqsadlar bilan, yangi yil ostonasida turibmiz. Biz barchamiz ahil va hamjihat bo‘lib, xalqimizga sadoqat bilan mehnat qilib, yangi O‘zbekiston poydevorini yaratayotganimiz bilan faxrlanamiz. Dunyomiz tinch bo‘lsin, bag‘rikeng va olijanob xalqimizni, jonajon Vatanimizni Olloh taolo hamisha o‘z panohida asrasin», – deya so‘zini yakunladi prezident.
Mukofotlanganlar yuksak e'tibor uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.
Marosimda davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, mehnat faxriylari, ziyolilar, yoshlar ishtirok etdi.
Mavzuga oid
16:16 / 24.12.2024
O‘zbekiston va Ozarboyjon prezidentlari telefon orqali suhbatlashdi
09:27 / 24.12.2024
Shavkat Mirziyoyev Rossiyaga tashrif buyuradi
20:43 / 23.12.2024
Qoraqalpog‘istonda qishloq xo‘jaligi, sanoat va turizmni rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi tashkil etiladi
13:58 / 20.12.2024