Jamiyat | 17:49 / 28.12.2020
8353
8 daqiqa o‘qiladi

Yosh shoirlar o‘rtasidagi «Duel» loyihasida g‘olib aniqlandi  

26 dekabr kuni Yoshlar press klubi binosida o‘zbekistonlik yosh shoirlar tanlovi – «Duel» loyihasining yarimfinal va final bosqichi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Loyihaning ushbu bosqichida saralash va chorakfinalda raqiblaridan ustun kelgan 4 nafar yosh shoir: Gulhayo Anorova, Feruza Xayrullayeva, Suhrob Ziyo va Jontemir Toshtemirov bellashgan.

«Ikkinchi bor o‘tkazilgan bu loyihada 30 yoshgacha bo‘lgan va maxsus komissiya a'zolari saralab olgan 16 nafar iste'dodli ijodkor qatnashdi. Ularning ijodiy ishlarini esa taniqli ijodkorlar: Aziz Said va Eshqobil Shukur baholab bordi.

Rosti, «Duel»ni boshlayotganimizda unga muxlis yig‘a olarmikanmiz, qiziqish qanday bo‘larkin, degan xavotirlar ham bor edi.

Kecha chin she'riyat uchun, azaldan adabiy didi baland bo‘lgan, ammo o‘rtadagi bo‘shliq tufayli buni biroz unutgan odamlarimiz uchun quvondim. O‘quvchi sog‘ingan adabiyot, she'riyat yangilanib, yasharib qaytayotganini qaysidir ma'noda isbotlay oldik.

Zo‘rlar yuzaga chiqsa, xushomadni emas, adolatni tanlasakkina, davlat, jamiyat, shaxs o‘laroq o‘sishimiz, unishimiz mumkinligini tobora anglab boryapman», – deydi loyiha tashkilotchisi – «Yosh ijodkorlar» kengashi raisi Mehrinoz Abbosova.

O‘tkazilgan yarimfinal bahsidan keyin Feruza Xayrullayeva va Jontemir Toshtemirov «Duel»ning final bosqichiga yo‘l olgan. Ularning o‘zaro bellashuvida esa Jontemir Toshtemirov g‘olib deb topilgan.

Loyiha yakunida ishtirokchi va g‘olib ijodkorlar O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi va «Yoshlik» adabiy jurnali tahririyati tomonidan pul mukofotlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlangan.

Kengash raisiga ko‘ra, shu kabi tanlovlar kelgusida nosirlar, rassomlar, fotograf va tarjimonlar o‘rtasida ham davom ettiriladi.

Quyida yarimfinal va final bosqichida o‘qilgan she'rlardan namunalar bilan tanishishingiz mumkin.

Suhrob Ziyo:

O‘tish yallasi

Mardlar qadri buncha xor o‘tar,
Boshi uzra chilvir dor o‘tar.
Yotga yalov bo‘lgan bezotlar
Qilmishidan nolib or o‘tar.

Yallo qilar hayosiz zog‘lar,
Ko‘zlarini yumib sor o‘tar.
Ishonchlari qartaygan avlod
Dillaridan Biru Bor o‘tar.

Shamol olib o‘tar xaslarni,
Sharob olib o‘tar mastlarni,
E'tiqodi mayib kaslarning
Ko‘zlariga olam tor o‘tar.

Har lahza bir mozor o‘tadi,
Har lahza ming bahor o‘tadi,
Men o‘taman kuyib, kuyinib,
Bir sohir so‘z nigor o‘tadi,

Qo‘shiq o‘tar bo‘g‘izni o‘rtab,
Simi kuygan setor o‘tadi.
Kim kimdandir bezor o‘tadi,
Kim kimgadir intizor o‘tar.

Vujudimni sitib jon o‘tar,
Izlarimni quvib shon o‘tar,
Iztiroblar quyuqlashtirgan
Tomirimda qizil qon o‘tar.

Bu jonimga omonlik tilab
Boshimda bir mehribon o‘tar...

Qovoqlardan yog‘ib qor o‘tar,
Sinovlari sitamkor o‘tar,
Ko‘ngillardan bor g‘ubor o‘tar,
Nigohlarga ixtiyor o‘tar.

Samolarga yo‘l topolmasdan
Bu qanotsiz qushlar zor o‘tar.
Sitamlarin sanab o‘tgayman,
Qadamlarin sanab yor o‘tar...

Men dunyodan bir bor o‘tguncha
Dunyo mendan necha bor o‘tar?

Gulhayo Anorova

Daraxt yaproqlardan qaytmish so‘nggi bor
Aldanib shamolning alqovlariga.
Xazonrez yelvagay qo‘nar bog‘larning
Selgib ulgurmagan halqoblariga.

Peshonamdan o‘tgan uzun yo‘llarning
Kaftim- la sidirdim yomg‘irlarini.
O, kimga ishonsin nuragan dunyo
Mangu daraxtlarning tomirlarini?

Sitilib bormoqda ruhim qatidan
Ildizin yo‘qotgan zangori olam.
Yodingni o‘rtarmi bir ishqqa tashna
Ko‘ngil taraflarda tentigan odam?

Ha, menman. O‘zanin bilmagan mavjman -
Ketmoqqa imkon yo‘q, qaytmoqqa hojat.
Senmiding ko‘zlarim qirg‘oqlaridan
Qachondir sirg‘alib ketgan munojot.

Daraxt yaproqlardan qaytmish so‘nggi bor...

Feruza Xayrullayeva:

Brodvey xayollari

Brodvey, sayr.
Zaminga nur ko‘milgan palla.
Musiqa, musiqa sehri
Va ko‘zlaringga kirib bormagan sevgi...

Olamon, olamon aro yakkalik,
Meni olib ketar erkning istagi-
Velik.
G‘irromlik qilar u ham taqdir singari-
Yiqilib tushaman! Hech kim ko‘rmaydi-
Ba'zan yolg‘izlik ham bayram!

Musiqa taralar yana
Bu gal baralla.
Daraxt shoxlarida turgan qushlar-
notalar.
Tabiat kuy chalar!
Bir dam tutib ketar fazoni
Yuzlab notalarning parvozi...

Brodvey. Bunda san'at topilar,
Bunda san'at sotilar,
Ba'zan odamlar ehson qilib o‘tishar
Didlari kabi mayda chaqalarini.

Bunda chiroqlar
yoritmoqchi bo‘lar
Qoraygan kunni.
Daraxtning shoxlari titrar
tekkanida shamolning labi.
Men esa xayolchan qahva ichaman,
Achchiq qahva,
xuddi hijroning kabi!

Men kezib yuraman
tovushlar aro
Sog‘inchning ko‘rinmas pardalarida.
Ko‘zlaringdan to men qadar
cho‘zilgan masofa
tobora olislashib borar
kapalakning qanotlarida.

Qahva tugar,
nur ham yo‘qolar,
Musiqachin haydab solar tun.
(Og‘riqlarga to‘ladi ichim)
Men ketaman, Brodvey qolar
Faqat ortimdan ergashar
Qoshlaringdek quyuq

sog‘inching...

Jontemir

«JO‘RAM»

Bobo… Yo‘q. Bu so‘z g‘aliz!
Do‘st. O‘rtoq. Jo‘ra…
Ha, ha, axir, sen eng yaqin jo‘ram eding-ku!
Tepakal jo‘ram-a…
Soqolli jo‘ram…
Jo‘ralar esa bir-birlarini sizlashmaydi.
Qara,
Xuddi senga o‘xshab o‘sdim —
G‘irt daydi.
Na makonim bor
Na manzil tayin,
Diydam tosh qotganu
Yuragim mayin.
Bilasanmi,
Xudoga yaqinlashyapman
Seni o‘ylagan sayin…

Boringda berkitib chekardim,
Endi… Endi erkinman!
Yetar shuncha erkalatganing,
Hech yo‘q
Tushlarimdan berkinma.

Aytganingdek
Kalapo‘shingdan tor ekan dunyo,
Choponing baridek keng ekan dunyo.
Bir chaqaga arzimas, goho
Ming tilloga teng ekan dunyo.
Men buni kech angladim,
Bilsamda parvo qilmasdimmi yo?!

Ketganingdan beri:
Maysalar sir aytmay qo‘yishdi menga,
Suhbatiga qo‘shmaydigan bo‘ldi daraxtlar.
Yon-verimda qora-qizg‘ish kiyingan
Sharpalar yuribdi hushni karaxtlab.
Ortiq yozolmasam kerak
Qo‘rqaman.
Yozsamda almoyi-jalmoyi chiqar.
Anglaganim meni so‘z tuqqan,
Tiqsa ham o‘sha so‘z tuproqqa tiqar.

Tepakal jo‘ram-a…
Soqolli jo‘ram…
Kelajak kunlarim — mahbuslarga boq,
Kuldonga bosilgan afsuslarga boq…
Nafsini qul etgan Mashrabim, To‘ram!
Tepakal jo‘ram-a…
Soqolli jo‘ram…

Shisha sinig‘idek botar bo‘g‘zimga,
Sensiz yutilyotgan bir burda oq non.
Xayolimda jannat — bog‘, zimdan
Meni kuzatyapsan qo‘lingda qoq non.

Silkinib-silkinib tushyapti yelkam,
Tepakal jo‘ram-a…
Soqolli jo‘ram…

Ichimda hayqiriq,
Ko‘zimda vulqon!
Ichaman barini unutmoq bo‘lib,

Jomdagi may emas,

UL QON!
(yurak ham bormoqda nurab)
Va seni chorlayman-
Ayqiri-ib,
Ayqiri-ib,
«Tepakal jo‘ram-a…
Soqolli jo‘ram…»

Mavzuga oid