O‘zbekiston | 15:29 / 30.12.2020
8136
3 daqiqa o‘qiladi

SSV: Bayram kunlari tibbiyot muassasalari uzluksiz ishlaydi

Sog‘liqni saqlash vazirligi 31 dekabr, 1-2 yanvarda bo‘lib o‘tadigan bayram kunlarida ham tibbiyot muassasalari uzluksiz, tun-u kun ishlashi haqida ma'lum qildi.

«Bayram va dam olish kunlarini yurtdoshlarimiz ko‘ngilli o‘tkazishi uchun barcha hududlarda arzonlashtirilgan iste'mol mahsulotlarining ko‘rgazmalari tashkil etilmoqda.

Xalqimiz bayramni xotirjam, osoyishta, tinchlik-totuvlikda kutib olishida tibbiy xizmatning alohida o‘rni bor. Bayram kunlari yurtimizdagi barcha tibbiyot muassasalarida shifokor va o‘rta tibbiyot xodimlarining tegishli navbatchilik jadvali asosida faoliyat yuritishi yo‘lga qo‘yiladi. Demak, bayram kunlari tibbiyot muassasalari uzluksiz, tun-u kun ishlaydi. 

Jumladan, hozirgi kunda sog‘liqni saqlash tizimida mavjud birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatuvchi 2369ta ambulatoriya-poliklinika muassasalari hamda tuman, viloyat va respublika miqyosidagi barcha shifoxonalar, ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, tibbiyot oliy o‘quv yurtlari klinikalarida tibbiyot xodimlari navbatchilik asosida aholiga xizmat ko‘rsatadi.

Shuningdek, shoshilinch tibbiy yordam shifoxonalari va «tez yordam» xizmati odatdagi tartibda bir maromda uzluksiz ishlaydi. Xususan, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning hududlarda 13ta filiali, tuman va shahar tibbiyot birlashmalari tizimidagi barcha bo‘limlari faoliyat ko‘rsatadi.

Mamlakatimiz bo‘yicha hududlarda 14ta Call-markaz tun-u kun ish rejimida bo‘lib, «tez yordam» tizimida mavjud 2748ta brigada tarkibidagi jami 12 837 nafar shifokor va 27 653 nafar o‘rta tibbiyot xodimlari navbatchilik asosida aholiga malakali tibbiy yordam ko‘rsatadi. 

Bundan tashqari, bayram kunlari 219ta tug‘ruq muassasalari ham uzluksiz faoliyat ko‘rsatadi. Jumladan, 31 dekabrdan 1 yanvargacha bir sutka davomida 583 nafar akusher-ginekolog, 344 nafar neonatolog, 1172 nafar doya hamda 2042 nafar hamshira onalar va bolalar salomatligi yo‘lida xizmat ko‘rsatishadi. Bayramning keyingi kunlari ham yana shunchadan tibbiyot xodimlari navbatchilikka kirishadilar», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Mavzuga oid