O‘zbekiston | 20:41 / 09.01.2021
40129
5 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank: bank kartalaridan foydalanganda hushyor bo‘ling

O‘zbekiston Markaziy banki bankomat va POS-terminallarda bank kartalarini qo‘llashda xavfsizlik choralarini ko‘rish yuzasidan tavsiyalar berdi.  

Foto: Depositphotos

Markaziy bank bankomat va POS-terminallarda plastik kartalardan foydalanishda ahamiyat qaratish zarur bo‘lgan bir necha tavsiyalarni e'lon qildi.   

Ma'lum qilinishicha, tavsiya etilayotgan xavfsizlik choralari maksimal darajada bank kartalaridagi jamg‘armalar saqlanishiga xizmat qiladi va ruxsatsiz ishlatilishining oldini oladi. Xususan, bankomatlarda quyidagilarga e'tibor qaratish so‘raladi:

  • Bank kartasidan foydalangan holda operatsiyalarni amalga oshirish uchun bankomatni tanlashda sizga yaqin joyda shubhali shaxslarning yo‘qligiga e'tibor berishingiz kerak. Agar bunday shaxslar bo‘lsa, siz bu yoki boshqa bankomatdan foydalanish uchun qulayroq vaqtni tanlashingiz kerak.
  • Uchinchi shaxslarning maslahatiga quloq solmang va bank kartasi bilan operatsiyalarni amalga oshirishda ularning yordamini qabul qilmang.
  • Bankomatni ishlatishdan oldin uning PIN-kod teriladigan joyida va kartalarni qabul qilish uchun mo‘ljallangan joyida (uyada) joylashgan dizayniga mos kelmaydigan qo‘shimcha qurilmalar (masalan, notekis o‘rnatilgan PIN-kod terish klaviaturasi) mavjudligini ko‘zdan kechiring. Agar qo‘shimcha qurilmalar mavjud bo‘lsa, bunday bankomatdan foydalanishdan voz keching va bankomatda ko‘rsatilgan telefon orqali bank xodimlariga shubhalaringiz haqida xabar bering.
  • Bankomatga bank kartasini kiritish uchun jismoniy kuch ishlatmang. Agar bank kartasi kiritilmasa, bunday bankomatdan foydalanmang.
  • PIN-kodni kiritayotganda yaqin atrofdagi odamlar uni ko‘rmasligi uchun klaviaturani qo‘lingiz bilan yoping.
  • Bankomatdan naqd pul olgandan so‘ng, banknotalarni birma-bir sanang, bank kartasi qaytishini kuting va kvitansiyani oling, ularni sumkaga (hamyonga, cho‘ntakka) soling va shundan keyingina bankomatni tark eting.

Shuningdek, tavsiyalarda bankomatdan foydalanish vaqtida chop etilgan kvitansiyalarni saqlab qo‘yish, agar uskuna to‘g‘ri ishlamasa undan foydalanmay amaldagi operatsiyani bekor qilish, bankomat kartani qaytarib bermasa, apparatda ko‘rsatilgan telefon raqami orqali tegishli bankka murojaat qilish va holatni tushuntirish so‘ralgan.

Shu bilan birga, fuqarolarga POS-terminallardan foydalanishdagi xavfsizlik choralari haqida ham tavsiyalar berilgan.

POS-terminallarda esa quyidagi jihatlarga e'tiborli bo‘lish talab etiladi:

  • Bank kartasi bilan operatsiyalarni faqat o‘zingizning huzuringizda bo‘lishini talab qiling. Bu sizning bank kartangizda ko‘rsatilgan shaxsiy ma'lumotlaringizni qonunga xilof ravishda ishlatilish xavfini kamaytiradi.
  • Tovarlar va xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish uchun kassirning iltimosiga binoan PIN-kodni kiritayotganda, yaqin atrofdagi odamlar buni ko‘ra olmasligiga ishonch hosil qilishingiz kerak. Bunda PIN-kod kiritilishida POS- terminalning klaviaturasini qo‘llaringiz bilan to‘sishingiz kerak.
  • POS-terminalga PIN-kodni kiritishdan oldin, kuzatuv kamerasi POS-terminalga yo‘naltirilmaganligiga e'tibor bering.
  • Agar operatsiya muvaffaqiyatli yakunlangan bo‘lsa, terminal ekranida (odobreno) xabar paydo bo‘ladi va kvitansiyaning birinchi nusxasi avtomatik ravishda (kassir uchun) va “ENTER” tugmachasini bosgandan so‘ng kvitansiyaning ikkinchi nusxasi (mijoz uchun) chop etiladi.
  • Agar bank kartasi orqali to‘lashga urinish paytida “Otkloneno” degan xabar paydo bo‘lsa, terminal tomonidan chiqarilgan kvitansiyaning bitta nusxasini bank bayonotida ko‘rsatilgan operatsiyaning yo‘qligini tekshirish uchun saqlashingiz kerak.

Agar to‘lov tizimi kontaksiz interfeysga ega kartalarni qo‘llab-quvvatlasa, xavfsizroq to‘lov usuli sifatida kontaksiz to‘lov usulidan foydalanish maqsadga muvofiqdir.

Tavsiyalarda fuqarolardan savdo va xizmatlar ko‘rsatadigan tashkilotlarda bank kartalaridan foydalanganda hushyor bo‘lish, chekni olgandan so‘ng, unda ko‘rsatilgan summani tekshirish so‘ralgan.

Avvalroq, Markaziy bank tomonidan karta egasi mablag‘ini firibgarlarga o‘zlashtirish uchun sharoit yaratib berishiga sabab bo‘ladigan omillar bo‘yicha ma'lumot berilgandi.

Mavzuga oid