Jahon | 18:17 / 11.01.2021
22163
3 daqiqa o‘qiladi

AQShda bir yil ichida uchinchi marta aholiga pul tarqatishmoqchi

Jo Bayden AQSh prezidenti lavozimiga kirishgach, pandemiyadan aziyat chekkan fuqarolarga yana bir marta pul tarqatilishini va'da qilmoqda.

Foto: Getty Images

Amerikada dastavval 2020 yil martida, inqiroz davrida iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun 3,2 trillion dollarlik dastur qabul qilingan, shuning doirasida voyaga yetgan fuqarolarga 1200 dollardan, bolalarga 500 dollardan bir martalik yordam puli tarqatilgandi.

Dekabr oyi oxirida Kongress va prezident Donald Tramp navbatdagi yordam dasturini qabul qildi. Bu galgi ko‘mak paketining jami qiymati 900 milliard dollardan ortiq.

Ikkinchi paket asosida 2021 yil boshidan boshlab amerikaliklar 600 dollarlik cheklarni ola boshlashdi. Bu gal kattalar va bolalarga teng miqdorda mablag‘ belgilandi. Stimul cheklari yillik daromadi 75 ming dollardan oshmagan AQSh fuqarolari va rezidentlariga yuborilmoqda.

Bundan tashqari, 11 hafta davomida (14 martgacha) ishsizlarga har hafta 300 dollardan to‘lab boriladi. Dastur doirasidagi mablag‘lar koronavirusga qarshi kurash, bir nechta ijtimoiy sohalar va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlashga ham yo‘naltirilmoqda.

Ayni paytda, amaldagi prezident Donald Tramp ham, saylangan prezident Jo Bayden ham aholiga 600 dollardan tarqatishni kam deb hisoblamoqda. Ularning fikricha, pandemiyadan aziyat chekayotgan amerikaliklarga 2 ming dollardan berilishi kerak.

Tramp Kongressdan shuni talab qilib kelgan bo‘lsa-da, yil oxirida tegishli qonunga imzo chekdi. Ammo 20 yanvardan prezidentlikka kirishadigan Jo Bayden o‘z fikrida sobit qolmoqda.

«Ijara pulini to‘lash yoki dasturxonga yegulik qo‘yishdan birini tanlashga majbur bo‘layotganingda, 600 dollar bu shunchaki yetarli emas. Ctimul cheklari 2 ming dollarlik bo‘lishi kerak», – deb yozdi Bayden 10 yanvar kuni Twitter sahifasida. U bir necha kun oldin Delaver shtatidagi chiqishida ham xuddi shunday gapni aytgan edi.

Noyabrdagi saylovda demokratlar Kongressning Vakillar palatasidagi nazoratni saqlab qolish bilan birga, Senatda ham ustunlikni qo‘lga olishi kutilayotgani fonida, Jo Baydenda o‘z va'dasining ustidan chiqishi imkoniyati yuqori ekani aytilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, AQShning yangi prezidenti mamlakat miqyosida eng kam ish haqini 2 barobarga oshirib, soatiga 15 dollarga yetkazishini ma'lum qilgan.

Mavzuga oid