Jahon | 01:03 / 11.01.2021
33647
2 daqiqa o‘qiladi

Olimlar koronavirusning organizmda ko‘payishini to‘xtatuvchi fermentni aniqlashdi  

Foto: AP

Germaniyadagi Tyubingen universitetining bioinformatika bo‘yicha mutaxassislari koronavirusning inson organizmida ko‘payishiga ta'sir ko‘rsatuvchi fermentni aniqlashdi. Ta'kidlanishicha, ushbu fermensiz virus organizmda ko‘paya olmaydi. 

Ushbu kashfiyot virusga qarshi yangi dori vositalarini ishlab chiqishda yordam berishi mumkin.

Olimlar koronavirusning odam o‘pkasida tarqalishining kompyuter modelini yaratishgan. Unga ko‘ra, virus hujayraga kirganda uni virusning organizmda yanada tarqalishi uchun o‘ziga xos “darvoza” hisoblanuvchi muayyan moddalarni ishlab chiqarishga majbur qiladi. Bunda virus uchun guanilatkinaza 1 yoki GK1 deb nomlanuvchi ferment alohida ahamiyat kasb etadi. Germaniyalik olimlar tadqiqot davomida ushbu fermentni organizmdan vaqtincha olib turishga muvaffaq bo‘lishgan. Shundan keyin virus “och qolib”, ko‘payishdan to‘xtagan. 

Olimlarning fikricha, ushbu kashfiyot koronavirusga chalinganlar uchun mo‘ljallangan dori vositalarini ishlab chiqishda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Ularning ta'kidlashicha, insonning sog‘lig‘i organizmda GK1 fermentining mavjudligiga bevosita bog‘liq emas va ushbu fermentning vaqtincha ishlab chiqarilishini to‘xtatib turish mumkin. Ma'lumotlarga ko‘ra, Fraungofer nomidagi institut olimlari fermentning ishlab chiqarilishini to‘xtatish uchun qaysi moddalar ko‘proq to‘g‘ri kelishini aniqlash bilan shug‘ullanishadi. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, ushbu kashfiyot bilan bog‘liq dori vositalari joriy yil oxiridan oldin paydo bo‘lmaydi. 

Mavzuga oid