Jahon | 00:07 / 16.01.2021
16585
2 daqiqa o‘qiladi

Makron Erdo‘g‘anga yarashishni taklif qildi - Anqara 

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron turkiyalik hamkasbi Rajab Toyyib Erdo‘g‘anga Parij va Anqara o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash taklifi bilan maktub jo‘natdi. Erdo‘g‘an Makronning ushbu maktubiga ijobiy munosabat bildirdi.

Foto: Getty Images

“Ikki kun avval biz Makrondan ijobiy maktub oldik. Unda Makron munosabatlarni rivojlantirish, prezidentimiz bilan uchrashish istagini bildirgan. U hattoki o‘z qo‘li bilan turkchada “Qadrdon Toyyib” deb yozipti”, deb ma'lum qilgan Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlut Chovusho‘g‘lu. 

“Prezidentimiz mamnuniyat bilan uchrashishini aytdi. Gap, avvalambor, videoanjuman va telefon suhbatlari haqida bormoqda”, deb qo‘shimcha qilgan vazir. 

Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar 2020 yil kuzida Fransiyada sodir bo‘lgan voqealardan keyin taranglashgandi. Fransiyalik tarix o‘qituvchisi Samyuel Pati o‘z darslarida o‘quvchilariga Muhammad alayhissalom karikaturalarini namoyish qilgandan keyin Parij yaqinida chechen muhojiri tomonidan o‘ldirilgandi. 

O‘shanda Fransiya hukumati ushbu hujumni “islomchilarga xos teraktlar” deb baholagan. Makron esa Fransiyada masjidlar moliyalashtirilishi ortidan nazoratni kuchaytirishni taklif qilgan va mamlakatda bunday turdagi karikaturalar taqiqlanmasligini aytgan. Bu esa ba'zi musulmon davlatlari, jumladan Turkiya g‘azabiga sabab bo‘lgan.   

O‘z navbatida, Erdo‘g‘an Makronning so‘zlaridan keyin o‘z davlati fuqarolarini fransuz tovarlariga boykot e'lon qilishga chaqirgan va fransuz hamkasbiga “o‘z psixikasini davolashi kerakligini” aytgan. Shundan keyin Parij Anqaradan o‘z elchisini chaqirtirib olgan.

Mavzuga oid