O‘zbekiston tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi o‘zgarishi mumkin
Jamoatchilik muhokamasi uchun e'lon qilingan 2021 yil davlat dasturi loyihasida O‘zbekiston tashqi siyosiy faoliyatidagi asosiy hujjatni o‘zgartirish taklifi bildirilgan. Amaldagi konsepsiya esa ochiq manbalarda uchramaydi.
O‘zbekistonning ochiq va pragmatik tashqi siyosatini izchil amalga oshirish hamda belgilangan strategik rejalarning jadal ijrosini ta'minlash maqsadida, joriy yilning 1 dekabriga qadar tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasini takomillashtirish taklif etilmoqda. Bu haqda joriy yilgi davlat dasturi loyihasida ma'lumot berilgan.
Dasturdagi mazkur taklif prezident Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil dekabrdagi Oliy Majlisga qilgan murojaatnomasidan kelib chiqadi. Unda, davlat rahbari «davlatimiz olib borayotgan ochiq, pragmatik va amaliy tashqi siyosatni inobatga olib hamda uzoq muddatli strategik maqsadlarimizdan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi takomillashtiriladi», degan edi.
Milliy qonunchilik bazasi bo‘lmish Lex.uz saytida 2012 yilda qabul qilingan ushbu qonunning to‘liq matni mavjud emas.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati kengashining Oliy Majlisning 2012 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi o‘sha yil 29 dekabrdagi qarorida «O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni davlat tashqi siyosatining fundamental prinsiplari va strategik ustuvor yo‘nalishlarini, xalqaro maydondagi maqsad hamda vazifalarni, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda O‘zbekistonning milliy manfaatlarini ilgari surish mexanizmlarini belgilab beradigan qarashlarning yaxlit tizimini o‘rnatadi», degan ma'lumot berilgan.
Ammo «qonun» so‘ziga qo‘yilgan havola «404 xato» sahifaga olib boradi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida prezidentning Oliy Majlisga murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalar muhokama qilingani to‘g‘risida e'lon qilingan xabarda «tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi takomillashishi barqaror ichki rivojlanish uchun qulay tashqi muhit shakllantirishni tezlashtirish, xalqaro maydonda mamlakatimiz manfaatini samarali ilgari surish va jahon bozorida milliy iqtisodiyotimiz raqobatbardoshligini izchil ravishda oshirishga xizmat qilishi ta'kidlanganligi» ma'lum qilingan.
Ochiq manbalarda indekslanuvchi jurnallardan birida chop etilgan ilmiy maqolaga ko‘ra, «O‘zbekiston tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasi quyidagi tamal tamoyillardan iborat:
Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi davlatning, xalqning oliy manfaatlariga, uning farovonligi va xavfsizligiga, mamlakatni modernizatsiya qilishning ustuvor yo‘nalishlariga, amaldagi milliy qonunchilik hamda qabul qilingan xalqaro majburiyatlarga amal qilgan holda ittifoqlar tuzish, hamdo‘stliklarga va boshqa davlatlararo tuzilmalarga kirish, shuningdek, ulardan chiqish huquqini o‘zida saqlab qoladi;
Ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasi qo‘shni davlatlardagi harbiy mojarolarga va tang vaziyatlarga tortilishining oldini olish yuzasidan siyosiy, iqtisodiy va boshqa chora-tadbirlarni ko‘radi, shuningdek, o‘z hududida xorijiy davlat harbiy bazalari va obektlari joylashtirilishiga yo‘l qo‘ymaydi;
Uchinchidan, O‘zbekiston tinchliksevar siyosat yuritadi, harbiy-siyosiy bloklarda ishtirok etmaydi, har qanday davlatlararo tuzilmalar harbiy-siyosiy blokka aylangan taqdirda ulardan chiqish huquqini o‘zida saqlab qoladi;
To‘rtinchidan, O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyasiga, «Mudofaa to‘g‘risida»gi qonuniga va Harbiy doktrinasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari faqat davlat suvereniteti va mamlakat hududining yaxlitligini himoya qilish, aholining tinch hayoti va xavfsizligini asrash maqsadidagina tuziladi hamda xorijdagi tinchlikparvarlik operatsiyalarida ishtirok etmaydi».
Ushbu xabarlar rossiyalik rasmiylardan birining O‘zbekiston Moskva boshliq Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirishiga ko‘mak ko‘rsatishi to‘g‘risidagi vaqti-vaqti bilan paydo bo‘luvchi bayonotlar atrofida yangragan.
Shuningdek, davlat dasturi loyihasida 2021 yili O‘zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YeOII) a'zo bo‘lgan davlatlar bozorlarida to‘laqonli ishtirok etish uchun milliy texnik tartibga solish me'yorlari, ularning talablariga moslashtirish bo‘yicha ishlarni jadallashtirishi bildirilgan.
Zabixulla Saipov
Mavzuga oid
20:15 / 26.12.2024
Mirziyoyev: YeOII davlatlari fuqarolariga ichki hujjatlari bilan O‘zbekistonga kirish imkonini berishga tayyormiz
07:09 / 14.12.2024
Abdulla Aripov YeOII hukumat rahbarlari kengashi majlisida qatnashdi
16:39 / 02.12.2024
“Tashqi siyosat konsepsiyasi yopiq bo‘lishi mumkin emas” - Sodiq Safoyev
21:15 / 24.11.2024