Sport | 19:17 / 19.01.2021
11135
3 daqiqa o‘qiladi

Nurxon Nafasov karate federatsiyasidagi muammolar haqida gapirdi

19 yanvar kuni Milliy matbuot markazida O‘zbekiston karate milliy federatsiyasi raisi Nurxon Nafasov ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda so‘nggi 10 yilda O‘zbekistonda karatechilarining soni keskin kamaygani, ushbu sport turi vakillarining xalqaro musobaqalarda kam ishtirok etgani, yutuqlar ham kam bo‘lgani va bularning sabablari haqida ma'lumot berildi.

O‘zbekistonda karate sporti muvaffaqiyati sezilarli darajada pasaygani, masalan, 2018 yildan 2020 yil apreligacha o‘tkazilgan musobaqalarning 3tasida O‘zbekiston ishtirok etmagani, oxirgi 7ta musobaqada birorta medal qo‘lga kiritilmagani qayd etilgan.

«O‘zbekistonda 2006 yilda karatechilar soni 70 ming nafar bo‘lgan bo‘lsa, 2021 yilga kelib 10 mingga tushib qolgan. Buning bir sababi OAVda bu sport turining targ‘iboti kamaygani bo‘lsa, yana bir sabab federatsiya rahbarlarining o‘zida karate sport turiga mehri bo‘lmagan», dedi federatsiya raisi.

Hozirda O‘zbekiston karate milliy federatsiyasining binosi ham, moddiy texnik bazasi ham yo‘qligi, federatsiya ijaraga bino olib faoliyat yuritayotgani aytib o‘tilgan.

Federatsiya raisi yaqin orada bino olib, uning ichida sportchilar shug‘ullanishi uchun kerak bo‘ladigan barcha sharoit yaratilishi, 2021-2022 yillarda O‘zbekiston karate Milliy federatsiyasi bazasi yaratilishini ma'lum qilgan.

Kun.uz muxbiri xabar qilishicha, OAV va blogerlar uchun tashkillashtirilgan matbuot anjumaniga bir guruh karatechilar ham kelishgan, lekin ular anjumanga kiritilmagan. Bundan norozi bo‘lgan sportchilar anjuman yakunlangach, zalda to‘polon ko‘tarishgan. Ular federatsiyaning kelgusidagi rejalarini bilmoqchi ekanliklari bildirishgan va matbuot anjumaniga kira olishmagani uchun federatsiya raisidan izoh so‘rashgan.

Nurxon Nafasov holat yuzasidan Kun.uz muxbiriga qisqa intervyu bergan.

«Bu sportchilar eshik oldida nega to‘planganini bilaman. Sportchilar bu to‘polonda aybdor emas. Ularni murabbiylari bunga majburlashgan. Men 14 yillik tanaffusdan keyin yana federatsiyaga qaytdim. Shu oraliqda noqonuniy o‘zlashtirilgan pullarni joyiga qo‘yishsin. Bugun federatsiyadagi nosog‘lom muhit bir kunda paydo bo‘lmagan», degan u.

Ma'lumot uchun, Nurxon Nafasov 2006 yilda federatsiya raisligidan chetlatilib, 2018 yil lavozimga qaytgan. Lekin o‘sha yilning o‘zida, qaytishidan 4 oy o‘tib, ikkinchi bor federatsiya rahbarligidan chetlatilgan. 2020 yilda esa lavozimga qayta tiklangan.

Federatsiyaning oldingi rahbari Alamjon Mullayevga esa jinoyat ishi ochilgan.

Mavzuga oid