Botir Zaripov Buxoro viloyati hokimi etib tasdiqlandi
Davlat rahbari 22 yanvar kuni Buxoro viloyati xalq deputatlarining navbatdan tashqari sessiyasida qatnashdi. Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.
“Bugungi kun tartibidagi masala juda muhim. Agar mendan sizga Buxoroning rivojlanishi ma'qulmi, deb so‘rasangiz aytaman – noma'qul. Viloyatda 2 millionga yaqin aholi bor. Lekin ishsizlik, muammolar juda ko‘p. Zamon shiddat bilan o‘zgaryapti, hamma davlat o‘zini o‘ylaydi. Men ham shu mamlakat prezidenti sifatida shu yurtdagi barchaning, millatidan, dinidan qat'i nazar kelajagini o‘ylayman.
Hokimlar xalq oldidagi mening vakilim sifatida ko‘ngildagidek ishlay olyaptimi? Men 4 yil ichida 2 mingta qaror va farmonlar qabul qildim. Bu oldingi yillardan 4 barobar ko‘p. Lekin bitta qaror qabul qilish juda azob. Menga qarsakbozlikni ko‘paytirish kerak emas, nima qilsam xalqim uchun qilaman.
Eng kichik nabiramizgacha kelajagini ta'minlab berishimiz kerak. Hamma o‘z farzandi, nabirasini o‘ylaganday o‘ylasa tushunib yetadi.
Ana shunday murakkab paytda eng katta muammolardan biri bu kadrlar masalasi. Buxoro viloyati yetakchini tanlab olishi ham juda muhim. Chunki yechimini kutayotgan masalalar juda ko‘p. Buxoro ko‘rsatkichlari bu viloyatning buyuk nomiga munosib emas. Achchiq bo‘lsa-da haqiqat bu.
Viloyatga qarasak yana qishloq xo‘jaligiga suyanib qolingan. 70 yil tomimizgacha paxta ekdik, lekin manfaat ko‘rmadik. Bangladesh degan davlat paxta ekmay qayta ishlash ortidan 30-40 mlrd dollar daromad qildi, biz esa xomashyo bilan ko‘pi bilan 1,2 mlrd dollar ishladik.
Paxtani qayta ishlashni 30 foizdan 70 foizga chiqardik. Qilsak bo‘lar ekan-ku, ayollarni, yoshlarni ish bilan ta'minlasak bo‘lar ekan-ku. Yoshlarimiz kechagi yoshlar emas, ularning talablari, dunyoqarashi boshqa.
Botir Komilovich Zaripov nomzodini Buxoro viloyatiga hokim sifatida tavsiya qilar ekanman, agar sizlarda boshqa tavsiya bo‘lsa, ko‘rib chiqishga tayyorman. Balki Zaripov bunday vazifaga tayyor emasdir, lekin unda ishtiyoq bor, ishlashga harakat bor. Men uni 3 oydan beri sinayapman. Rozi bo‘lsalaring uni hokim qilib saylaymiz va birgalikda ishlaymiz”, – dedi prezident faollarga qarata.
Deputatlar bu nomzodni bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi.
Eslatib o‘tamiz, Botir Zaripov 2020 yil 7 noyabr kuni Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangandi. Bunga qadar u “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi boshqaruvi raisi lavozimida faoliyat yuritib kelgan.
Mavzuga oid
17:03 / 15.12.2024
Buxoroda haydovchi mast holda avtobus boshqarib, odam tashiyotganda ushlandi
15:29 / 03.12.2024
Buxoro shahrining tarixiy qismida mototsikl va skuter kabilarning harakati cheklandi
11:04 / 02.12.2024
2025 yilda Rossiya shahrida Buxoro madaniyati kunlari o‘tkaziladi
17:27 / 30.11.2024