O‘zbekiston | 18:04 / 28.01.2021
16765
2 daqiqa o‘qiladi

Pensionerlarga majburan lotereya sotish mumkinmi?

Pensionerlar lotereya sotib olishga majburmi? Ularga pensiya tarqatuvchi bank xodimlari pensionerga nimadir sotishga haqlimi?

Foto: TASS

Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi bankda pensionerlarga majburan lotereya sotilgani to‘g‘risida murojaatni o‘rganib, holat yuzasidan bankka so‘rov xati yuborganini ma'lum qildi.

Fuqaro E.N. tomonidan agentlikka kelib tushgan murojaatga ko‘ra, unga bank xodimlari ijtimoiy nafaqa pullariga majburiy tarzda lotereya sotgan.

Murojaatda iste'molchi bank xodimlari tomonidan ijtimoiy nafaqa pullariga majburiy tarzda lotereya sotishayotganidan norozi bo‘lib mahalla nomidan chiqayotganligini bildirgan. 

O‘zbekiston Respublikasi «Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 21 moddasiga ko‘ra, sotuvchi (ijrochi) iste'molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas.

Ta'kidlanishicha, holat yuzasidan iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi bankka so‘rov xati yuborgan. Bank tomonidan taqdim etilgan javob xatida ijtimoiy nafaqa pullarini tarqatish vaqtida fuqarolarga lotereya olish taklif qilingani tasdiqlangan.

«Xalq banki» matbuot kotibi Yunus Bo‘ronovning ma'lum qilishicha, «Xalq banki» Guliston filiali xodimi pensiya pulini tarqatish vaqtida fuqaro E. N.ga ikki dona lotereya chiptasini sotib olishni taklif qilgan. Ammo pensioner lotereya chiptalarini olishni rad etgan va unga pensiya mablag‘lari to‘liq to‘lab berilgan.

«Ushbu holat bo‘yicha bank xodimi N.O.ga mehnat qonunchiligiga asosan intizomiy jazo chorasi ko‘rildi. Kelgusida bunday xatolar takrorlanmasligi uchun bank xodimlariga tegishli tushuntirishlar berildi», – deydi bank vakili.

Mavzuga oid