O‘zbekiston | 18:58 / 30.01.2021
14588
7 daqiqa o‘qiladi

Sudya alimentga oid nizolarda davlat boji undirmaslikni taklif qildi

Aksariyat hollarda shundoq ham topish-tutishini tayini bo‘lmagan, o‘z bolasi yoki ota onasi uchun ixtiyoriy ravishda ta'minot bermagan/to‘lamagan yoki ta'minot berish imkoniyati bo‘lmagan yoxud bir emas, ikki oilasi bor shaxslar uchun davlat boji – ortiqcha yuk, deydi Toshkent shahar Uchtepa tumanlararo sudi sudyasi Nuriddin Murodov.

Foto: Xalqaro press-klub

Sudya Kun.uz'ga taqdim etgan maqolasida alimentga oid nizolarda davlat bojini bekor qilish kerakligi haqida so‘z yuritadi.

Avvalo, aliment/ta'minot nima?

Aliment (lotinchadan – alimentum– oziq-ovqat) – qonunda turmush o‘rtog‘idan birini ikkinchisiga to‘lashga majbur qiladigan, oziq-ovqat, parvarishlash uchun pul yoki natura shaklida, ota-ona-voyaga yetmagan bola, voyaga yetgan bola keksa ota-ona va hokazalarga sud tartibida majburan pul to‘lash yoki o‘tkazish, voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash to‘g‘risida ota-onalar o‘rtasida kelishuv bo‘lmagan taqdirda, sud tomonidan bir bola uchun ota/onaning oylik ish haqi va(yoki) boshqa daromadlarining ¼ qismi, ikki bola uchun 1/3 qism, uch va undan ortiq bola uchun ½ qism miqdorda undiriladigan mablag‘dir.

O‘zbekiston Konstitutsiyasining 64-moddasiga ko‘ra, ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar. Oila kodeksining 96, 100-moddalarida, ota-onaning voyaga yetmagan bolalariga, shuningdek, voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga ta'minot berishi shartligi belgilangan. Albatta, bunda «Bola huquqlari to‘g‘risida»gi konvensiya talablari asoslanadi.

Kimlar aliment to‘lashga majbur?

Ta'minot berish majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan:

  • ota-onalar;
  • voyaga yetgan, sog‘lom farzandlar.

Kimlar aliment olish huquqiga ega?

  • voyaga yetmagan bolalar yoki voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalar;
  • keksa va ta'minotga muhtoj ota-onalar.

Aytish lozimki, voyaga yetmagan bolalariga, voyaga yetgan, mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga aliment to‘lash va ularga ta'minot berishda ota-onaning majburiyatlari tengdir.

Aliment undirish haqida kimlar da'vo qo‘zg‘atishi mumkin?

  • ota-ona (er yoki xotin bir-biriga nisbatan);
  • ota-ona (keksa ota ona farzandlariga nisbatan);
  • vasiylik va homiylik organlari;
  • 14 yoshga to‘lgan bola.

Aliment FIB sudlarining hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga asosan undiriladi.

Mashhur yapon ruhshunosi Masara Ibukining aytganidek, bolaga asosiy tarbiyani 3 yoshgacha berish lozim. Aynan 3 yoshga qadar farzandingizdagi yashirin iqtidorni yuzaga chiqarish mumkin...

Demak, bolaga parvarish ham aynan shu yoshda juda zarur degan xulosa qilish mumkin. Shuning uchun ham bir bola uchun ota/onaning oylik ish haqi va (yoki) boshqa daromadlarining ¼ qismi, ikki bola uchun 1/3 qism, uch va undan ortiq bola uchun ½ qism miqdorda aliment undirilishidan bola 3 yoshga to‘lgunga qadar ona uchun ta'minot undirib berish ham qonunlarimizga bejiz kiritilmagan.

Kirish qismni shu joyga kelganda yakunlab, asosiy masalaga o‘tamiz.

Misol uchun, ikki bola uchun aliment to‘lashi lozim bo‘lgan shaxsdan bir yillik to‘lashi kerak bo‘lgan aliment miqdorining 4 foizi miqdorda – 457 000 so‘mdan ortiqroq davlat boji yoki bola 3 yoshga to‘lgunga qadar ona ta'minoti uchun yillik o‘rtacha undirib berilishi kerak bo‘lgan summaning masalan 4 foizi – 223 000 so‘m davlat boji to‘lash lozim deb olaylik.

Poytaxtning bitta tumanlararo FIB sudida bir yilda taxminan 1000 ta ana shunday alimentga oid ish ko‘rilib, davlat boji undirilsa, ushbu summani hisoblab chiqib, mazkur mablag‘ni ayni o‘sha aliment to‘lovchilarning o‘z hisobida qoldirsak-chi, deysizmi?

Juda o‘rinli taklif.

Negaki, mantiqan ham o‘ylab ko‘rsak, aksariyat hollarda shundoq ham topish-tutishining tayini bo‘lmagan, o‘z bolasi yoki ota-onasi uchun ixtiyoriy ravishda ta'minot bermagan/to‘lamagan yoki ta'minot berish imkoniyati bo‘lmagan yoxud bir emas, ikki oilasi bor shaxslar yo bo‘lmasa aliment bilan birga boshqa xarajatlari ham bo‘lgan kimsalarga davlat boji – ortiqcha yuk.

Shu mablag‘ni alimentga qo‘shib bolalari uchun to‘lasa, ana shunda davlatning ham shu oilaga beminnat ko‘magi bo‘ladimi, degan asos ham yo‘q emas.

Bundan tashqari, asosiy qonunimizdagi «ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga», «voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar», «davlat va jamiyat yetim bolalarni va ota-onalarining vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqish, tarbiyalash va o‘qitishni ta'minlaydi, bolalarga bag‘ishlangan xayriya faoliyatlarni rag‘batlantiradi» «onalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi», degan konseptual normalarning asl mohiyat va maqsadidan kelib chiqsak ham, ushbu normalarda davlat tomonidan shu oilalar, bolalarga ko‘maklashish, ularning huquq va manfaatlarini ifoda etish, ayniqsa ularni qo‘llab-quvvatlash nazarda tutiladi.

Shunday ekan, aliment undirganda davlat boji undirilmasa ham ancha-muncha shu toifa oilalarni og‘iri bir ozgina bo‘lsa-da yengil bo‘larmidi deyishga asos bor.

Ba'zida, «o‘zim hech qayerda ishlamasam, topish-tutishimni tayini yo‘q, o‘z bolalarim uchun amallab alimentni-ku to‘layman, lekin shu davlat bojini ham mendan undirish qanchalik to‘g‘ri bo‘ladi, qozibobo», – deb qolishadi. Balki ularning ham bu e'tirozlarida e'tiborga molik vajlar bordir, bu masalani ham hukumat bir tahlil qilib qo‘ysa, foydadan holi bo‘lmaydi.

Gapning indallosini aytganda esa, budjetning daromad qismi yuqorida aytilgan nizolardan kelib tushadigan mablag‘ga sira muhtoj emas.

Nuriddin Murodov,
Toshkent shahar Uchtepa tumanlararo sudi sudyasi

Mavzuga oid