O‘zbekiston | 21:58 / 05.02.2021
24706
2 daqiqa o‘qiladi

UzAuto Motors Equinox uchun shartnomalar tuzishni to‘xtatdi

Chevrolet modellari qatori yangilanishi munosabati bilan Equinox krossoverining hozirgi avlodini ishlab chiqarish to‘xtatiladi.

Chevrolet Equinox avtomobilini AQShdan import qilayotgan UzAuto Motors kompaniyasi bu model uchun shartnomalarga ariza rasmiylashtirish to‘xtatilganini ma'lum qildi.

«UzAuto Motors» AJ dilerlik tashkilotlari bilan birgalikda mijozlar oldidagi majburiyatlarining to‘liq bajarilishini va Chevrolet Equinox avtomobillarini harid qilish uchun avvaldan shartnoma tuzgan so‘nggi mijozlarga to‘liq yetkazib berilishini ta'minlaydi», – deyiladi kompaniyaning 5 fevraldagi axborotida.

Eslatib o‘tamiz, UzAuto Motors Chevrolet Equinox va yana uchta premium klassdagi krossoverlar importini 2020 yil boshidan boshlagan edi.

2020 yil kuzida kompaniya Equinox krossoverlarini 22,8 ming dollarga sotib olib, 33,6 ming dollarga sotayotgani ma'lum bo‘lgandi.

UzAuto Motors bir yildan oshiqroq vaqtdan buyon xorijdan olib kelinayotgan Trailblazer, Traverse, Equinox va Tahoe avtomobillari uchun boshqa importyorlar kabi import bojini to‘layotgani yoki to‘lamayotgani ma'lum emas. Oliy Majlis deputatlari bu haqdagi so‘roviga javoban Davlat bojxona qo‘mitasidan «maxfiy ma'lumotlar» yozilgan xat olgan. Kompaniyaning o‘zi bu haqda ma'lumot bermay keladi.

Mavzuga oid