Jamiyat | 09:01 / 09.02.2021
17221
4 daqiqa o‘qiladi

Bolalar shifo topayotgan maskan. Toshkentdagi milliy tibbiyot markazidan reportaj

Toshkent shahrida joylashgan respublika Bolalar milliy tibbiyot markazida ijtimoiy muhofazaga muhtoj bolalarni davolash davlat budjeti hisobidan amalga oshirilmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Anvar Alimov Kun.uz bilan suhbatda ma'lum qildi.

Toshkent shahridagi Bolalar milliy tibbiyot markazi faoliyat boshlaganiga ko‘p bo‘lmadi. Ushbu markaz Janubiy Koreya bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Shifokorlarning aytishicha, Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan bu tibbiyot muassasasida hozirgacha faqat chet elda qilingan murakkab operatsiyalar o‘tkazilmoqda.

«Markazning 100 dan ortiq vrach va hamshiralari, medtexnik va axborot texnologiyalari bo‘yicha mutaxassislar bir yil davomida Janubiy Koreyada malaka oshirib qaytishdi. Bu yerda kardioxirurgiya, neyroxirurgiya, ortopediya va plastik xirurgiya, gemodializ, umumiy xirurgiya, onkologiya, oftalmologiya, LOR, pediatriya va reanimatsiya bo‘limlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Markazda kuniga 250 nafar bemorni qabul qilish, yiliga 1 500 dan ko‘proq murakkab va noyob amaliyotlarni bajarish imkoniyati mavjud.

Markaz magnit rezonans tomografiyasi, multispiral kompyuter tomografiyasi, DNK analizatori hamda onkologik kasalliklarni bir necha yil oldin aniqlaydigan zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Chet elda davolanishi mo‘ljallangan bolalarning 95 foizini shu shifoxonada davolash mumkin. Bugungi kunda ijtimoiy muhofazaga muhtoj bolalarni chet elda davolash kerak bo‘lganda, o‘sha muolajani yurtimizda amalga oshirish yo‘lga qo‘yildi. Ularni davolash davlat budjeti hisobidan amalga oshiriladi», dedi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Anvar Alimov.

Anvar Alimov

Markazda bolalar tibbiyoti yo‘nalishida innovatsion izlanishlar olib borish, xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda murakkab jarrohlik amaliyotlari va yuqori texnologik muolajalarni tashkil etish, tibbiyot mutaxassislari malakasini oshirib borish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, telemeditsina orqali uzoq hududlardagi bolalarga ham yordam ko‘rsatiladi.

Tibbiyot markazida davolanayotgan bemor bolalarning aksariyati turli murakkab jarrohlik va lazer operatsiyalarini boshdan o‘tkazgan.

Masalan, Farg‘onalik Musabek 4 yildan buyun surunkali otit kasalligidan aziyat chekib kelgan. Besh kun avval o‘tkazilgan operatsiyadan so‘ng bola o‘zini yaxshi his qilyapti. Markaz shifokori Nodir Shoazizovning aytishicha, hozirga qadar bu jarrohlik 3-4 bosqichda amalga oshirilgan bo‘lsa, hozirda bitta operatsiyadan keyin bemorlar shifo topmoqda.

Nodir Shoazizov

«Jiyanimda uveit – ko‘z kasalligi aniqlanib juda ko‘p joylarda davolandik. Davosi topilmadi, ko‘r bo‘lib qolishi mumkinligini aytishdi. Chet elda davolanishni mo‘ljallab turgandik. Shu yerda lazer bilan davolashdi, hozir ko‘zlari ko‘ryapti», deya shifokorlarga minnatdorchilik bildiradi bemor bolalardan birining yaqini Dilafro‘z Miraviyeva.

Shifoxonada kasallikni yuqori texnologiyalar yordamida davolaydigan turlar bo‘yicha xarajatlar Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi respublika bolalar tibbiyot muassasalari tomonidan berilgan yo‘llanmalarga (orderlarga) asosan tashkil etilgan tariflar asosida davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi. Shuningdek, tibbiyot markazi xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish bajariladigan ishlarning murakkablik darajasi, sifati va hajmiga qarab budjet mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Gulmira Toshniyozova tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi Muhammadjon G‘aniyev

Mavzuga oid