Sport | 12:27 / 18.02.2021
20509
11 daqiqa o‘qiladi

Ronaldu o‘rniga Holand oqshom qahramoni. Yangi supermenlar davri

Yaqin yillarda bizni yangi futbol supermenlari qarama-qarshiligi kutadi.

Chempionlar ligasi. 1/8 final
«Portu» (Portugaliya) — «Yuventus» (Italiya) — 2:1 (1:0)
Gollar: Torimiy, 2 (1:0). Marega, 46 (2:0). Keza, 82 (2:1).
«Portu»: Marchesin, Pepe, Mbemba, Manafa, Sanusi, Serjiu Oliveyra (Lum, 90+1), Otaviu (Dias, 57), Uribe, Korona (Chiko Konseysau, 90+1), Marega (Gruich, 66), Torimiy.
«Yuventus» (Italiya): Shchensni, Kellini (Merix Demiral, 35), Danilu, Aleks Sandru, de Ligt, Rabo, Makkenni (Morata, 63), Bentankur, Krishtianu Ronaldu, Keza, Kulushevski (Remsi, 77).
Ogohlantirishlar: de Ligt, 63. Danilu, 81. Merix Demiral, 87. Aleks Sandru, 90+2.
Hakam: del Serro Grande (Ispaniya).
17 fevral. Portu. «Dragau» stadioni.

«Yuventus» «Portu»ga 1:2 hisobida yutqazdi. Bu o‘yinda mehmonlar yetakchisi Krishtianu Ronaldu juda kam ko‘zga tashlandi - u faqat o‘yin oxirida faollashdi - Kezaning javob golidan keyin uyushtirilgan hujumda, 84-daqiqada Morata qulay vaziyatdan gol ura olmaganida qaytgan to‘pni ko‘ksi bilan to‘xtatdi, ammo zarba bera olmadi. O‘yin oxirida u hisobni tenglashtirishi ham mumkin edi. Qo‘shib berilgan daqiqalarning oxirgisi o‘tayotgan vaqtda Krishtianu raqib jarima maydoniga yorib kirib, de Ligtning uzun uzatmasini o‘ziga mosladi, ammo birdan yiqilib tushdi. Bu epizodda mezbonlar himoyachisi Zaidu Sanusi ishtirok etdi.

Hakam Karlos del Serro Grande Krishtianuning yiqilishiga e'tibor qaratmadi, Ronaldu qo‘llarini silkib penalti so‘radi. Takrorlarni ko‘rib aytish mumkinki, arbitr baribir vaziyatni to‘g‘ri baholagan: de Ligtning pasidan keyin portugaliyalik futbolchi oyog‘ini oldinga noqulay tashlagan va muvozanatni yo‘qotgan. Sanusi raqibga tegingan, ammo bu vaqtda u yiqilishni boshlagandi. Qolaversa, bu vaqtda o‘yin yakuniga soniyalar qolgandi.

Ronaldu o‘yin davomida faqat bir bor zarba berdi - to‘p darvozabonning qo‘llariga borib tushdi. Bu o‘yin portugaliyalik futbolchining chiroyli seriyasiga yakun yasadi: YeChLning so‘nggi ikki mavsumida pley-off o‘yinlarida «Yuventus»ning gollarini faqat Ronaldu urayotgandi. Endi bu ro‘yxatda Keza ham bor.

«Yuve» doimiy ravishda to‘pga egalik qilishda ustunlik qildi (butun o‘yin vaqtining 65 foizi), ammo asosiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha sezilarli ustunlikka erisha olmadi: zarbalar soni 12:8 (aniq zarbalar soni 5tadan), uzatmalar aniqligi 86 foiz:70 foiz, muvaffaqiyatli aldab o‘tishlar soni bo‘yicha 9:9, burchak zarbalari soni bo‘yicha 6:6.  

Pirlo endi vaziyatni Turindagi javob o‘yinida o‘nglashga harakat qiladi. 

O‘tgan mavsumda «Yuventus» Chempionlar ligasi pley-offi boshidayoq turnirni tark etgandi. «Barselona» chorak finalga qadar yetib borgan, natijada so‘nggi 14 yil ichida ilk bor Chempionlar ligasining eng yaxshi jamoalari to‘rtligida ushbu turnir qirollari — Leo Messi va Krishtianu Ronaldu yo‘q edi. O‘shanda ilk bor ushbu ikki futbol dahosining davri poyoniga yetayotgani haqida ochiq gapira boshlashgandi. Albatta, argentinalik va portugaliyalik futbolchi yana bir necha yil futbol o‘ynashda davom etadi. Masalan, shu yil oktyabrida 40 yoshini nishonlaydigan Zlatan Ibrahimovich «Milan» safida YeChLda o‘ynashi mumkin.

Aftidan, Zlatan kerakli vaqtda kerakli joyda paydo bo‘ldi. Jamoa ko‘p yillik inqirozdan chiqib, endi katta g‘alabalar sari qadam tashlamoqda — tarkib kerakli futbolchilar bilan to‘ldirilgan, mahoratli murabbiylardan iborat shtab va omilkor menejment ham. Shunday ekan, masalan, «Bavariya» yoki «Manchester Siti»da Ronaldu va Messi avvalgi davrlarda bo‘lgani kabi yaxshi ko‘ringan bo‘lardi. Ular «Real» va «Barselona»ning oltin davrida, bu jamoalar o‘yini tizimli yo‘lga qo‘yilgan vaqtda dunyoning eng yaxshi futbolchilariga aylanishgandi.

Afsuski, so‘nggi yillarda bu ikki yulduz o‘zgarishlar davrida yashashga mahkum. Kataloniya poytaxtida shafqatsiz iqtisodiy inqiroz, vaqtinchalik boshboshdoqlik va avlodlar almashinuvi hukm surmoqda, avlodlar almashinuvi evolyutsion emas, xirurgik bo‘lmoqda, bemorning bir necha muhim organlarini olib tashlashmoqda. «Yuventus» rahbariyati esa YeChL orzusida uch mavsumda uch murabbiyni almashtirdi - Ronalduning hozirgi ustozi yaqin o‘tmishdagi futbolchi Andrea Pirlo — u turinliklar boshqaruviga kelganida hali minimal ish tajribasi ham yo‘q edi.

Ichki arenada va Chempionlar ligasining guruh bosqichi o‘yinlarida biz avvalgidek ularning tajribasiga guvoh bo‘lmoqdamiz, ammo pley-offda bu yetarli bo‘lmay qolmoqda. Obektiv qaralsa, Ko‘hna qit'aning yutqazgan chiqib ketadigan turniri — zamonaviy futbol etaloni va bu yerda raqobat juda kuchli bo‘lishi tabiiy. Bu yerda endi yangicha reallik va yangi superqahramonlar.

Chempionlar ligasi. 1/8 final
«Sevilya» (Ispaniya) — «Borussiya D» (Germaniya) — 2:3 (1:3)
Gollar: Suso, 7 (1:0). Daud, 19 (1:1). Holand, 27 (1:2). Holand, 43 (1:3). de Yong, 84 (2:3).
«Sevilya»: Bunu, Xesus Navas, Eskudero, Kunde, Diyegu Karlos, Rakitich (Gudel, 46), Fernandu Rejyes, Xoan Xordan (Oskar Rodriges, 72), A.D.Gomes (Oliver Torres, 60), Suso (de Yong, 60), An-Nosiriy (Al-Haddodiy, 60).
«Borussiya D» (Germaniya): Hits, Hummels, Akanji, Morey, Roys (Brandt, 80), Emre Jan, Rafael Gerreyru (Passlak, 77), Daud (Mene, 89), Sancho, Bellingem, Holand.
Ogohlantirishlar: Hummels, 73. Oskar Rodriges, 88. Holand, 90.
Hakam: Makkeli (Niderlandiya).
17 fevral. Sevilya. «Ramon Sanches Pisxuan» stadioni.

Erling Holand futbol muxlislarini hayratga solishda davom etmoqda - norvegiyalik futbolchi birinchi bo‘limdayoq «Sevilya»ni yo‘ldan oldi: dastlab Daudning hisobni tenglashtiruvchi javob goliga uzatma berib, keyin o‘zi dublni rasmiylashtirdi. U YeChLdagi 13 o‘yinida 18 gol urishga ulgurdi.

«Bu mo‘jizakor oqshom bo‘ldi, Chempionlar ligasini sevaman. Men Mbappening kechagi het-trigidan keyin qo‘shimcha motivatsiya oldim. Undan minnatdorman», dedi norvegiyalik vunderkind o‘yindan keyin. 

• Holand YeChLda o‘ziga qarshi o‘ynagan har bir jamoaga gol urmoqda. Uning turnirdagi debyutidan buyon (2019 yil sentyabr) undan ko‘p golni hech kim urmagan, Levandovskida ham o‘sha vaqtdan keyin urilgan gollar soni 18ta. Keyingi – katta oraliq, ushbu forvardlarni Kilian Mbappe 10 gol bilan ta'qib qiladi.

• Faqat Holand va Mbappe 21 yoshgacha bo‘lgan davrida YeChL o‘yinlarida 18 gol urishga erishgan. Bu haftada ushbu yigitlar kelajak kimnikiligini ko‘rsatib qo‘yishdi.

• Holand «Borussiya» safida YeChLda urilgan dastlabki 10 goliga yetti o‘yindayoq erishdi – turnir rekordi. Norvegiyalik forvard bu bilan Roy Makayning «Bavariya»dagi rekordini takrorlagan (10 gol).

• U «Dortmund» uchun 42 o‘yinda 41 gol urgan. 

Haqiqiy mergan.

Yosh, iste'dodli, ko‘zlari yonib turgan futbolchilar. Garchi Kilian Mbappe va Erling Holandni Messi va Ronaldu bilan solishtirish xuddi futbol tarixidagi eng kuchli futbolchi kimligi: Pele yoki Maradona ekani haqidagi bahs kabi. Bu futbolchilar — turli davrlarning namoyandalari va ularga o‘z davrlarida hech kim teng kela olmagan. Messi va Krishtianu o‘n yildan oshiq vaqt davomida futbol vitrinasida ko‘z-ko‘z qilindi.

Endi esa yangi davr boshlanmoqda. Albatta, yangi yulduzlarni hech kim Messini atagandek sehrgar deyishmaydi. Shu bilan birga, ularni ham o‘zga sayyoraga mansub futbolchilar deyish mumkin - ular shunchaki jismoniy imkoniyatlari bilan emas, favqulodda talantlari bilan maqtana olishadi. Shunchaki jismoniy jihatdan kuchli bo‘lish futbolda hech narsani kafolatlamaydi. «Barsa» futbolchilari quvib yetolmagan Mbappe va «Sevilya» mudofaasida erkin harakatlangan Holanda talant ham bor, bu ikki vunderkind mavsumdan mavsumga kuchayib bormoqda.

Bahslashish qiyin bo‘lgan raqamlar ham bor. Seshanba oqshomida «Kamp Nou»ni taslim qilgan Mbappe 23 yoshigacha professional darajada 154 gol urdi. Messida bu yoshda 140 gol bo‘lgan. Krishtianuda esa 102. 20 yoshli Holand Chempionlar ligasining 13 o‘yinida raqiblar darvozasiga 18ta gol urib tashladi. Mashinalar, o‘zga sayyoraliklar, robotlar — fransuz va norvegiyalik o‘z manzillariga aytilayotgan olqishlarga munosib.

Qariyalar esa, albatta, kurashishda davom etishadi. Messi katta ehtimol bilan keyingi mavsumda, boshqa bir jamoada yana porlab chiqadi. Ronaldu —  «Portu»ga qarshi javob o‘yinidayoq o‘zini ko‘rsatishi mumkin. Ehtimol, portugaliyalik yulduz «Yuve»ni keyingi raundga olib chiqar, xuddi o‘tgan mavsumda nisbatan kuchli «Atletiko»ga qarshi birinchi o‘yindagi 0:2 hisobli mag‘lubiyatdan keyin qilgani kabi. Ammo bu bir lahzalik porlash bo‘lib, butun mavsum uchun yetmasligi mumkin. Yoshlar epoxasi davri kelgan - hatto «Dragau»dagi o‘yinda «Yuventus»ning golini Krishtianu emas, 23 yoshli Federiko Keza urgani ham shundan darak.

Mavzuga oid