O‘zbekiston | 11:58 / 24.02.2021
3366
2 daqiqa o‘qiladi

Jakarta–Samarqand charter aviaqatnovini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilyapti

Indoneziyaning yirik turizm assotsiatsiyalari bilan kelishuvga muvofiq, Jakarta–Samarqand–Jakarta yo‘nalishida aviaqatnovlar tashkil etib, Janubiy-Sharqiy Osiyodagi ziyoratchilarni O‘zbekistonga jalb etish reja qilinmoqda. Bu haqda Turizm qo‘mitasi Samarqand viloyat boshqarmasi rahbari Botir Nurillayev viloyat kengashi sessiyasida ma'lum qilgan.

Qayd etilishicha, Samarqand viloyatiga ziyoratchilarni jalb etish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Indoneziyaning yirik turizm assotsiatsiyalaridan hisoblangan ASITA va SAPUHI sayyohlik kompaniyalari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish orqali Samarqandga har haftada 2ta aviaqatnov tashkil etish, 300 nafardan 500 nafargacha sayyohlarni bu qadimiy shaharga olib kelib, bu yerda ularni 2 kun davomida ziyorat obektlariga olib borish, ziyorat turlarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlar imzolangan.

Qayd etilishicha, hozirda Jakarta–Samarqand–Jakarta charter aviaqatnovini tashkil etish bo‘yicha «Uzbekistan Airways» bilan kelishuvlar olib borilmoqda.

SAPUHI Indoneziyadagi Haj va Umra ziyoratlarini tashkillashtiruvchi asosiy kompaniya bo‘lsa, ASITA yirik sayyohlik kompaniyasi hisoblanadi.

B.Nurillayevning ma'lum qilishicha, dunyo bo‘ylab har yili 148 million nafar sayyoh ziyorat maqsadida safarga chiqadi. O‘zbekistonda ham ziyorat turizmini rivojlantirish uchun yetarlicha sharoit va imkoniyatlar bor. Agar koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat qayta murakkablashmasa, Samarqand viloyatiga keluvchi ziyoratchilar sonini 200 mingdan oshirish mumkin.

Xususan, Indoneziya, Turkiya, Pokiston, Malayziya, Tatariston, Checheniston, Hindiston, Bangladesh kabi davlatlardan Imom Buxoriy, Abu Mansur Moturidiy, Xo‘ja Ahror Vali va Maxdumi A'zam merosiga qiziquvchi sayyohlarni jalb qilish mumkin.

Mavzuga oid